Meni men istagan...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Meni men istagan...
by Alisher Navoiy

Meni men istagan o‘z suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglum pisand etmas.

Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim, bahrayi andin tilarmen, bahramand etmas.

Netay hur-u pari bazminki, qatlim yo hayotimg'a,
Ayon ul zahrchashm aylab, nihon bu no‘shxand etmas.

Kerakmas oy ila kun shaklikim, husn-u malohatdin,
Ichim ul chok-chok etmas, tanim bu band-band etmas.

Kerak o‘z chobuki qotilvashi majnun shiorimkim,
Buzug‘ ko‘nglumdin o‘zga yerda javloni samand etmas.

Ko‘ngul uz charx zolidin, firibin yemakim, oxir,
Ajal sarrishtasidin o‘zga bo‘ynungg'a kamand etmas.

Ul oy o‘tlug' yuzin ochsa, Navoiy, tegmasin deb ko‘z,
Muhabbat tuxmidin o‘zga ul o‘t uzra sipand etmas.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse