Men nola qilay shomu sahar

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Men nola qilay shomu sahar
by Boborahim Mashrab

Men nola qilay shomu sahar dod, eshigingda,
Jonimni beray, sho’xi parizod, eshigingda.

Ul lolavu rayhonu suman, toqa qizil gul,
Ham sarv bukuldi, qadi shamshod eshigingda.

Xo’boni jahon bo’lsa taqi Yusufi Kan’on,
Sultonu amir bandayo, ozod eshigingda.

Zulfing seni bu jonima yuz domi balodur,
Jonim qushi sayd o’ldi chu sayyod eshigingda.

Olam borisi lazzati husnungni topibdur,
Giryonu fig’on, nolavu faryod eshigingda.

Savdoyi muhabbatga tushubman seni izlab,
O’lturdi g’aming, ko’zlari jallod, eshigingda.

Ashkim to’kubon hajru g’amingda kecha-kunduz,
Vayrona vatan – manzul obod eshigingda.

Ul husnu jamoling o’ti Mashrabg’a tushubdur,
Parvonasifat quydi, parizod, eshigingda.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.