Jump to content

Maslaku maqsaddan shammai izhor

From Wikisource
Maslaku maqsaddan shammai izhor (1925)
by Abdulla Qodiriy
334230Maslaku maqsaddan shammai izhor1925Abdulla Qodiriy

Bu yo‘llarni qoralag‘uchining ota-bobosi hazrati Odam atodan tortib, gohi dehqon, gohi mardikor, gohi sarjinchi, qisqasi shulki, zodagonlar ta’biricha, «Biri bit biti sirka» bo‘lmay kelgan o‘nqovsizlar sinfidandir. Ammo men bo‘lsam mustamlakachilar kaltagini yeb, kaltak zarbi bilan ko‘zim moshdek ochilib (urub qoling aylanay pochcha!) alqissa, ota kasbim bog‘dorliq bo‘lsa ham, zamonaning zayli, to‘g‘risi, mo‘dasi bilan otimni muharrir, o‘zimni ziyoli, Sharqni mazlum, Angliyani zolim, batinka kiyishni madaniyat, guruppabozliqni salohiyat, dinni taassub va moddani tabiiyotdan hisoblab kelmakdadirman. Shunchalik fazlu kamolni sanag‘andan so‘ng o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘lsa kerakki, faqir uncha-muncha kafshi ko‘chada qolgan alvir-shalvirlardan emasdirman. «Rang ko‘r, hol so‘r», degan ekan mashoyixlar.

Bu endi, maslaki sharif.

Ba’zi bir yaratilg‘ancha qolg‘an o‘rtoqlarim maydonda bo‘lmasalar edi, o‘zimni shunchalik keng maslagimga yarasha maqsadimni ham ochikdan-ochiq so‘zlab berar edim. Lekin gap shundoq bo‘lsa ham, bu o‘rinda faqat sizgagina yuragimni ochib solmoqchiman. (Biroq so‘z shu yerda qolsin, zinhor so‘zni chuvaltirib, temirchilik qilib yurmang, o‘rtoq, zinhor!) Durust, oyoq olishimni ko‘rgach, dushman sinfning «Notavon ko‘ngilga qo‘tur tog‘ora», deyishida shubha yo‘q. Modomiki, manim maqsadimga, ya’ni orzu-havasimga zamin bor ekan va zamon musoid ekan, nega man do‘sti-dushmanning ta’nasidan-to‘vvasidan hurkib turay? Modomiki, manim hammaslak va hammaqsadim bo‘lg‘an o‘rtoqlarim o‘z g‘oyai omollarini fe’lan va amalan isbot qilmoqda ekanlar, nega man mulohaza daryosida cho‘milay?

Birlab emas, yuzlab o‘rtoqlarim rasmiy bo‘lmasa-yu, dumaloq-yassi ravishda xotunni ikki qilmoqda ekanlar, tokay man bir xotun bilan aziz umrimni barbod beray?

To‘qquzlab emas, to‘qquz yuzlab ishchi o‘rtoqlarim og‘ilda otliq, dalada qo‘shliq, cho‘bonda qo‘yliq bo‘lib qolg‘an ekanlar, man tokay yag‘ir eshakka ham ega bo‘lmay?

Ba’zi biravlarim Buxoro va Xo‘tan degan joylardan ipak gilamlar keltirganlarida va Maskov, Leningrad degan shaharlardan royal degan mablag‘lar, oynai jahonnoma degan lash-lushlar oldirtirg‘anlarida, tokay man otam marhumdan qolg‘an eski po‘stakda umur kechiray. Xotunginam royal o‘rniga charx yigirsin va man oyna topolmay aftimni tiniq suvdan ko‘ray?

Do‘stlarim, oq uy ola bargohlar solib ayshu ishrat qurg‘anlarida, tokay man har soat sajdaga moyil turg‘an chorcho‘pning orasida «La havla»… o‘qub kun kechiray?

Do‘stlarimdan bittasi ikki ming chervonska tushirib, shohona bir imorat qilg‘an ekan, o‘tkan kun fotihaga borib keldim. Nafsilamrga qarag‘anda, Toshkandda o‘zining oliy binolar solishi bilan mashhur bo‘lg‘an To‘xtajonboy va Orifxo‘ja eshonlarni bir cho‘qishda qochiraturg‘an bino bo‘libdir. Hordiq chiqarg‘andan so‘ng «Ko‘cha tomonga isiriq bog‘lab qo‘y, mehmonxonangdan oshna-og‘aynini uzma, dasturxoningni kalu ko‘rdan ayama!», dedim. Oshnamning yaxshi niyat bilan qilg‘an imoratini ba’zi bir maorifsiragan muttahamlar, «Maktab uchun muvofiq bino bo‘libdir, ot aylanib qozig‘ini topar!» deb ivir-shivir qilar ekanlar. Ko‘chaga chiqg‘an edim, imoratni tomosha qilg‘uchilardan bo‘lg‘an bir tiyiqsiz shoir:

Vaqtoki aftodahol eding, yelkangda apkashing,
Sut o‘rniga suv sotish kasb erdi sanga yakkashing.
Ajabo, bu ko‘rdig‘im taraqqo-turuq nadir?
Ajabo, bu shohona qasiru ravoq nadir?!

deb ta’na toshini otmoqchi bo‘ladir. Burjuaziya ideolo‘giyasi bilan sug‘orilg‘an bu shoirni yaxshilab koyidim va «Tovshingni o‘chir, haromi!», dedim.

Bas, sanga o‘rtoq, ma’lum bo‘lg‘an bo‘lsa kerakki, bu maqolam bilan nima demakchiman. Xudoyg‘a shukr, manda ham o‘g‘ul-qiz bor, bas, manda ham orzu-havas bor, lekin tole’ degan muttaham yo‘q.

Man boshda:

Qalam guftoki, man shohi jahonam,
Qalamkashro ba davlat merasonam.

baytiga ishonib yozg‘uchilik kasbiga kirishkan va har soat tepa tuynukdan tushib kelaturgan davlatni kutkan edim. Lekin endi yetti yildirki, na davlatdan xabar bor, na qornim to‘yib tomoq yegan kunimni eslay olaman. Etagim etagimga yetkan bo‘lsa, Toshpo‘lad tajangning haqqu hurmati! «Qalam guftoki…»ning shoiri to‘ng‘uz qo‘psa-chi, mani yetti yildan beri bekorga sarson va sargardon qildi, harom tukimga turmayturg‘an xashpara maxsimlar yorug‘ dunyo orzu-havasining arshi a’losigacha borib yetkanlarida, man qo‘tir itning keyingi oyoqi ham bo‘lolmadim. Kecha uyda o‘lturib, o‘tkan samarasiz kunlarimga vovaylo o‘qur va nafsimga anvo’i sarzanishlar berar edim. Nihoyat boshimg‘a bir savol keldi:

Modomiki, dunyog‘a kelib orzu-havas kechirmakchiman, modomiki, ipak gilamlarda, shohona binolarda sayru guliston etmak asli g‘oyai omolimdir; bas, endi nima qilay?

Albatta, birinchi galda eski shiorim bo‘lg‘an «Qalam guftoki…»ni churuk lattaga tugib, toqchag‘a tashlashim kerak edi, tashladim va qalamimni qars etdirib ikkiga bo‘ldim, shuning ila barakasiz yozg‘uchilik kasbim bilan vido’lashdim. Ammo murodu maqsadga tezroq yetishmak uchun vosita bo‘lg‘an yangi kasb saylash masalasida miyam suyila boshladi.

Yangi kasbim uchun dehqonchiliqni chog‘lab boqdim. Lekin bu kasb, xususan, shu zamonda epaqaliq hunarga o‘xshab ko‘rinmadi. Shundoqki, basharti dehqonchiliq qilg‘animda bir yilda bir yuz put hosil olsam, bir put bug‘doy sakson tiyin bo‘lsa, mundan o‘ttuz puti kapsanga, ya’ni po‘stdumbaga chiqib ketsa, sotib puliga noxotsho‘rak olib yesam… «Yo‘q», dedim: san manga to‘g‘ri kelmas ekansan, dedim.

So‘ngra paxta ekishni jo‘plab ko‘rdim. Basharti ikki botmon yerga paxta eksam, paxtam bo‘ldi, deb turg‘animda, chelaklab qoru yomg‘urni quyib bersa-da, birinchi so‘rt paxtam ikkinchi uchunchiga tushib, ya’ni besh so‘mim yarmiga qolib, orzu-havasgina emas, uyimdagi eski po‘stagim bilan boshqa qaqir-ququrlarim ham paxtaning yamog‘iga ketsa… «La havla»… o‘qub, dehqonchiliq to‘g‘risida tavba-tazarru’ qildim.

Savdogarchilik ham yonboshqa kelarlik ko‘rinmadi; «ur» deyishdan qichig‘an joying qayerda, deb nolo‘gini solib bersalar bormi, orzu-havas qiya-da, Xudoy ko‘rsatmasin. Tag‘in bu hunarning yovvoyi chiqimlari ham behisob, deb eshitkanim bor. So‘ngra hozirgi mo‘zabzab zamonada orzu-havasning eng a’lo darajasiga borib yetkan o‘rtoqlarning kasblarini tekshirib ko‘rdim: Uyingga bug‘doy to‘laberg‘urlarning kunlari yo bir sarkor va yo bita-yarimta olaqarg‘axo‘janing o‘chog‘ining kulini olib, haligidek o‘g‘lining tuvagini to‘kkuchi inson aft, to‘ng‘uznamo, mag‘zava maxsim o‘rtoqlarim bo‘lib chiqdilar. Darhol man qaror berdim:

Otingni sot, to‘ningni sot, shu ikkining biri bo‘l,
Bo‘lolmasang, ayo baxtsiz, bu kuningdan ko‘ra unniqib o‘l!

Balki siz: «Shu afti-angoring bilan sanga ham hemi?» deyarsiz va: «Yag‘ir eshagingni chuh de!» deb kularsiz. Yo‘q, man bu hunardan endi ortiq to‘ydim, bu so‘zimni Madikarimning oldida ham aytaman, Abdikarimning oldida ham. Modomiki, manim maqsadimga zamon musoid ekan va zamin bor ekan, man nega umidsizlanay?

Shul kecha ko‘ribman bir yaxshi tush,
Boshimda jig‘am, qo‘limda qush!..

Siz hozirga «Ko‘knorini ko‘proq ichibsan», dersiz va holimga kularsiz. Ammo bir yildan so‘ng uyimga bir mehmon bo‘lingiz-chi.

Borishda o‘ng qo‘lda, kelishda chap qo‘lda shohona bir imorat. «Bu kimniki?» deb so‘rasangiz, albatta, faqirning ismim tantana bilan qiroat qilinur, darbozadan ichkariga kirsangiz bir gulzor, to‘rda xudda amiri Buxoroning arkidek oliy, mutantan bir zol; bu manim sizningdek go‘sxo‘rlarni qabul qilaturg‘an mehmonxonam, yetti zina orqaliq yuqorig‘a chiqsangiz, oldi romlik kayvoni ayvon; lekin hozir bo‘lingiz, esingizni yo‘qotib qarshidag‘i oynaga to‘qinib peshonangizni qashqa qilib qo‘ymang tag‘in!

Bu oynani Masko‘v shahridan bir oshnam keltirib bergan, bahosini bilmasam ham lekin qimmat, deb eshitdim. Bu yoqqa kiring, buyoqqa; gilamning ustidan, ha-ha-ha, gilamni bosishg‘a hayf ko‘rdingizmi. To‘rga, to‘rga, ishkafning tegiga!

— Yangi hovli muborak bo‘lsin?!

— Qutluq bo‘lsin!

Qo‘lingizni fotihaga ko‘targaningizda, ko‘zingiz devordagi shu baytka tushar:

Zamonimiz zamon bo‘lsin,
Manmanlari omon bo‘lsin!

Julqunboy,

«Mushtum», 1925 yil, 2-son, 20 yanvar, 2-3 betlar.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"