Mashrabman

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Mashrabman
by Boborahim Mashrab

Sanamning ishqida tinmay yurub, ovvora Mashrabman,
Ko’zi yoshlig’, qadi xamlig’, dili sadpora Mashrabman.

Ko’ngulda zarracha dunyoni mehri bo’lmayin menda,
Seni deb ikki olamdin kechib, bezora Mashrabman.

O’lib ketsam, lahad ichra so’ngakdin ketmagay darding,
Jahonda topmadim choraki, men – bechora Mashrabman.

Anodin qay kuni bo’ldum, sening ishqingda oh urdum,
Muhabbat dashtida yurgan bo’lub ovvora Mashrabman.

Muhabbat jomidin may tuttilar, ichmasga choram yo’q,
Ko’zumdin qon yoshim tinmay oqar, xunbora Mashrabman.

Boshimga ming balo kelsa, tilarman vaslin, ey zohid,
"Tilim kessang, to’yorim yo’q, - degan, - diydora” Mashrabman.

Xaloyiqlar meni quvlar, yomon deb har shahar borsam,
Ajab mardud, ajab maxrum, ajab sangsora Mashrabman.

O’zumni xalq aro ixfolig’imni hech kishi bilmas,
Dilu jonim fido aylab, ajab ayyora Mashrabman.

Meni devona Mashrabga muhabbatdin bayon aylang,
Namozu ro’zadin forig’ bo’lub sayyora Mashrabman.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse