Mashrabi mo’tabar o’zum

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Mashrabi mo’tabar o’zum
by Boborahim Mashrab

Gulshani bog’i dahr aro bulbuli nag’magar o’zum,
Bir buti bebadal uchun oshiqi darbadar o’zum.

Ko’yunga dam-badam borib, navhavu zorlar qilib,
Shomu sahar fig’on etib, hofizi xush asar o’zum.

Yo shahi mehribonmusan, yo mahi osmonmusan,
Yer bila ko’kni kuydurub kavkabayu qamar o’zum.

Jomi mayi luob ichib, majnuni benavo bo’lub,
Nozu karashmalar qilib, layliyi ishvagar o’zum.

Sham’i jamoling o’rtadi jonu dilimni, ey sanam,
Bolu parimni kuydurub, bedili navhagar o’zum.

Vaslingni istab, ey sanam, kechayu kunduz mudom,
Saharda bedor o’l dedingki, doyayi sahar o’zum.

Xisravi komron bo’lub, Rustami doston bo’lub,
Bir zo’r pahlavon bo’lub, Hamzayi raxnagar o’zum.

Olimi nuktadon manam, piri hidoyaxon manam,
Shuhrati she’r bobida Mashrabi mo’tabar o’zum.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse