Markaziy truppamiz Farg‘onaga keladur
Farg‘ona mehnatkash ommasini o‘zbek teatrining bu kungi darajasi bilan tanishdirmak maqsadida Samarqanddagi Markaziy o‘zbek davlat truppasi Farg‘onaga chiqmoqchi bo‘ldi.
Safarga truppaning hamma akto‘r va aktrisalari, cholg‘uchilar hay’ati, muallim va rahbarlari, dekaratsiya, kiyim va boshqa hamma asboblari bilan birga chiqadurlar.
Truppaning taxminiy rejasi bo‘yicha, o‘yin mana bu shaharlarda quyidag‘i vaqtlarda bo‘linadur:
Qo‘qonda 1 nchidan 11 nchi sentabrgacha, Namanganda 12 nchidan 18 nchi sentabrgacha, Andijonda 19 nchi sentabrdan 29 nchi sentabrgacha, Marg‘ilonda 30 nchi sentabrdan 6 nchi o‘ktabrgacha, Farg‘onada 6 nchi o‘ktabrdan 12 nchi o‘ktabrgacha. Undan keyin truppa Samarqandga qaytadi.
Truppaning safarga olib chiqadurg‘an asarlari (repertuari) mana bulardan iborat bo‘ladur:
“Malikai Turondot”, “Hujum”, “Farhod va Shirin” (butunlay yangi asosda tayyorlanadi), “Yorqinoy”, “Arslon”, “Halima” (Farg‘onada qo‘yilmag‘an tarzda), “Ikki boyg‘a bir qarol”. Bular yuqoridag‘i shaharlarning sahna imkonlarig‘a har holda to‘g‘ri keladi. Ammo, viloyatlarning sahna imkoniyatlarig‘a sig‘may qolishi ehtimol bo‘lg‘an “O‘sish” va “Zag‘muq” pyessalari qo‘r bo‘lib saqlanadi va ularni qo‘yg‘unday sahnasi bor joylarda, lozim bo‘lsa qo‘yiladi.
Yaqindag‘ina Maskvadan kelib katta yutuqlar bilan O‘rta Osiyoni aylanib ketgan “Maskav inqilob teatri” o‘zining moddiy va ma’naviy yutuqlarini mahalliy kasaba tashkilotlari va oqartish muassasalarining ko‘magi bilan qozong‘an edi; buni teatrning rahbarlari mahalliy matbuotda qayd qilib o‘tdilar. Ayniqsa ularga matbuotning yordami katta bo‘ldi (Toshkentda).
Markaziy davlat truppasi ham bu safarida o‘z asarlarini ko‘prak, uyushqan tomoshachig‘a – kasaba a’zolarig‘a, firqalilar va kamsamo‘llarga ko‘rsatmakchi; qo‘yg‘an asarlari to‘g‘risida boshlicha mehnatkash ommasining fikrini eshitmakchi, bu yo‘lda truppa qo‘lidan kelgan tadbirlarni qilsa kerak. U tomondan mahallardagi kasaba tashkilotlari bilan oqartish muassasalari ham harakat qilib, truppani mehnatkash ommaning o‘ziga yaqinlashdirish uchun bu kundan boshlab ba’zi bir choralarni ko‘ra boshlasalar yaxshi bo‘lur edi. Zotan Andijon kasaba tashkilotlari bilan oqartish idoralari va Namangan maorif idorasi truppani rasman chaqirib markazga murojaat qildilar. Ular albatta da’vatga ijobat bo‘lg‘andan keyin, bo‘yinlarig‘a tushgan vazifalarni yaxshi bilarlar. Biz, demak aytamizkim, o‘sha vazifalar truppani rasman chaqirmag‘an joylardag‘i tashkilotlarning bo‘yinlarida ham bor. Chunki nafis san’at so‘ng vaqtlarda firqa va sho‘rolarning jiddiy ahamiyat bergan madaniy bir ishlari bo‘lib ketadi.
Truppa butun kuchni vagonga yuklab, eng yaxshi narsalarini olib, mehnatkash tomoshachini izlab boradi. Haqiqiy nafis san’atga chanqag‘an mehnatkash tomoshachi ham, o‘z tashkiloti orqali, markaziy truppasini kutib olishqa tegishdur.
Ch.
“Yangi Farg‘ona” gazetasi,
1927-yil, 31-iyul, №84.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|