Marhum Tavfiq Fikrat

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Marhum Tavfiq Fikrat  (1920) 
by Abdulhamid Choʻlpon
«Ishtirokiyun» gazetasining 1920 yil 10 yanvar sonida bosilgan.

Usmonli adabiyotini oz-moz o‘quganlar, uning bilan bir daraja oshno bo‘lganlardan qaysi birisi bu ismni bilmaydi, qaysi birisi muni tanimaydi.

Usmonlilarning «adabiyoti jadida» (yangi adabiyot)chilarining pir va ustozi bo‘lgan Tavfiq Fikratbek butun yangi nasl turklarning yuraklarina go‘zal, nafis va latif she’r buketlari qadamishdir. Uning keng xayoli ravon (tez) va yengil ifodasi kimni, qaysi bir she’r va adabiyot muhibini tasxir etmas? Xususan uning «Rubobi shikasta» (siniq dutor)si, undagi baland va latif yo‘llar naqadar jozibali va zavqli narsalardir!

Tavfiq Fikrat «Rubobi shikasta»si ila qancha tanilgan bo‘lsa, uning ila qancha nafosat suyuvchilarni o‘ziga maftun etgan bo‘lsa, «Tarixi qadim»i, u dahshatli faryodi ila odamlarning qalbinda buyuk-buyuk o‘zgarishlar vujudga keltirmishdir. «Tarixi qadim» «Rubobi shikasta»day emasdir: «Rubobi shikasta» dunyo ko‘rmishdir, matba’da temirlar orasinda qisilmish, qog‘oz betlarinda necha ming nusxa bosilmishdir. Lokin, «Tarixi qadim» mahfiydir, qo‘ldan qo‘lga ko‘chirilub, yozilub yurgiziladurgan narsadir. U tarixning jinoyatlari kabi sirlidir, har kimga «mana men!» deb ko‘runa bermas. Uni bosdirish mumkin bo‘lmadi. U oliy fikrlar bechora Sharqning ko‘hna, chirik miyasiga sig‘madi; zabun, ezilgan sharqlining keng qalbinda joy topa olmadi; bir vaqtlar. Umar Hayyomning eng achchig‘ va dahshatli fikrlariga maydon bergan Sharq muhiti, asorat va qullik ostinda shu qadar ezilmishdirki, buni, bu qiymatli asarni o‘ziga sig‘dira olmadi… Ehtimol, endi Sharqning chetlar sultonidan qutulub haqiqiy inqilobga yaqinlashub kelayotgan vaqtlarida buyuk shoirning ulug‘ fiklari dunyo yuzi(ni) ko‘rsa…

Tavfiq Fikratbek o‘zining bu buyuk ruhi ila, u:

Din shahid istar, osmon kurbon,

Yana qon, har tarafda qon, qon, qon!

(«Tarixi qadim»)

degan, qonga, zulmga, jinoyatga qarshi ko‘purgan joni ila — bu jinoyat uyasi bo‘lgan «eski dunyo»da zo‘rg‘a-zo‘rg‘a toqat qilub chidab turdi. Oxirda, u necha milio‘n gunohsiz jonlarni yutub, ko‘b mamlakatlarni vayron qilub kelgan «madaniyat urushi» (Ovrupo muhorabasi)dan so‘ng chiday olmadi; odamlar u vahshiy «hayvon»lar ichindan chiqdi. Istanbulning bir chekasida, bir ja’ra go‘shada 1—2 yil yolg‘iz boshiga darveshlarday umr o‘tkazdi. Oxirda Ovrupo «o‘lum mashinasi»ning eng tezlagan vahshat otashining eng qizig‘on bir vaqtida ketdi tinch, rohat dunyoga ketdi.

Bu «vahshatobod»ni tark etdi.

Endi uning qabri butun usmonli yoshlarning ziyoratgohidir. Dunyoning vahshatiga o‘ch, lekin o‘zi kabi darveshlardan biri, faylasuf do‘qtur Rizo Tavfiq uning qabrini ziyoratiga borub qabri ustinda aytadir: (bosilmagan asarlardan).

FIKRATNING QABRINDA

Deydilarki, essiz qolan tirbangda

Vahshiy gullar ochmish, ko‘rmaya keldim;

U bog‘ jannating hokina banda,

Hasrat-la yuzimni surmaya keldim!

Deydilarki, senga amal bog‘layan

Qabringda diz cho‘kub bir dam og‘layon

Bir murod o‘lurmish, banda bir zamon

Og‘layub muroda ermaya keldim!

Shu hijron yilining so‘ng bahorinda

Cholalar titragan chamanzorinda

Kun bug‘mazdi banda mozoringda,

Motam chechaklari dermaya keldim!

Seni ongdim butun g‘am chekanlar-la

Ishq haq o‘g‘rinda yosh do‘kanlar-la

Sorig‘incha vayron shu deganlar-la

Toshingga bir chalang urmaya keldim!

Yoding o‘lum kabi bir sir mubham

Nash’a shu dolli bu his ism.

Ruhimda na fusun aylading ilhom

Bu kun senga ko‘ngul vermaya keldim!

Shunday qilib, ulug‘ bir shoir dunyodan ketdi. Uni bilganlar yig‘lab qoldilar, bilmaganlar — yana ilgariday.

Dunyoning vahshatlari bo‘lsa yana hamon davom etmakda, mazlumlar inqilobigina nihoyat bermasa boshqa majot ko‘rilmaydir.

Rohat, mas’ud yot qabringda ey ulug‘ pir!..

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse