Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi
Belgisiz qabringni qora tunlarda
Amalimning shamin yoqib izladim.
Qizil va pok qoning islarin sochgach,
Kuchsiz ko‘yi yurishimni tezladim.
Amalimning yulduzikim ko‘z tikdi
Qora, jirkanch o‘lim koni yerlarga.
Savol berdim: «Yo‘qotganim qayda?» – deb
O‘zimni ham yutmoq bo‘lgan erlarga.
Qo‘lindagi tutam-tutam gulini
Qabring topib, sochmoq uchun tirishdi.
Gul o‘rniga zahar tilar muhitda
Uning qilgan bu ishlari bo‘sh ishdi.
Men-da ojiz – u muhitning oldida –
Qabring topib ko‘z yoshimni to‘kmakka
Hamda achchiq hiddatim-la ul yerda
Oq kallalik qora devni so‘kmakka.
Shuning uchun yulduz kabi yarqirab,
Elda qolgan isming bilan turaman.
Shul ismni eslab, chizgan yo‘lingdan
Yiroq ketmay, qimirlamay yuraman.
Aziz otam, qo‘limdagi gullarning
Motam guli ekanini bilmaysan.
Shodlik guli ko‘pdan beri so‘lganin
Yer ostida pok ruhing-la sezmaysan.
Ana, sochdim qalbimdagi gullarni,
Termak uchun chaqiraman qullarni…
1920-yil
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|