Latofat bo‘stonida sanidek yor kelgaymu...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Latofat bo‘stonida sanidek yor kelgaymu...
by Sadoiy Mirhasan

Latofat bo‘stonida sanidek yor kelgaymu?
Jahon g‘amxonasi ichra manidek zor kelgaymu?

Yuzingni ishqida man benavodek, ey shahi xubon,
Alamdin siynasi majruh, yurak afgor kelgaymu?

Qurub majlis tutub sog‘ar tamom elini kuydurgon,
Ichib maydin bo‘lub mast, ko‘zi xummor kelgaymu?

Tamomi avvalu oxir sani hoziq tabib derlar,
Yurub darmon topolmay, man kabi bemor kelgaymu?

Jamoling ko‘rmayin, jono, qolib hasrat bila g‘amda
Aziz jondin jahonda man kabi bezor kelgaymu?

Saningdek nozanin shoyad mani hajrimda o‘lgan deb,
Baland bo‘lg‘an mozorim qilg‘ali hamvor kelgaymu?

Munodiylar qilib doim jahonni izlasam tinmay,
Sadoyidek g‘aribu xasta beg‘amxor kelgaymu?

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse