Kulub bir g‘amza qilg‘in la’li xandoning gulob o‘lsun...
Kulub bir g‘amza qilg‘in la’li xandoning gulob o‘lsun,
G‘amingda ishq eli kulfat chekib holi xarob o‘lsun.
Ruxing vasfi qamardur, oy jamoling nuri «Vashshamsi»,
Ki bul husnu malohat to qiyomat oftob o‘lsun.
Qadam bosh ustiga qo‘yg‘il kulub kelganda kulbamga,
Munojotim bila qilgan duo mendin ijob o‘lsun.
Habibo, ishq birla so‘zishi dil benihoyatdur,
Bo‘lub oludai kulfat ko‘yungda iztirob o‘lsun.
Meni majnunsifat qildi, nigorim, g‘amzai nozing,
Ko‘zum toki g‘amingda qon to‘kar, ashki xunob o‘lsun.
Tabassumlar qilib ishq ahlini bexonumon etting,
Jamol ummidida oshiqlaring bag‘ri kabob o‘lsun.
Boshim qo‘ysam parivash ostonangga visoling-chun,
G‘ubor oludalik birla tanim xoki turob o‘lsun.
Ko‘zum ashki bila, kotib, kitobat qil firoqidin,
Jarohatlik ko‘ngul dardi xaloyiqqa kitob o‘lsun.
Jafokora yetar, G‘urbat, dil uzma ul nigoringdin,
Bu dunyoda sitam cheksang na deb anda azob o‘lsun.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |