Ko‘rgali husnungni...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ko‘rgali husnungni...
by Alisher Navoiy

Ko‘rgali husnungni zor-u mubtalo bo‘ldum sanga,
Ne baloliq kun edikim, oshno bo‘ldum sanga:

Har necha dedimki, kun-kundin uzay sendin ko‘ngul,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo bo‘ldum sanga.

Men qachon dedim, vafo qilg‘il manga - zulm aylading,
Sen qachon deding, fido bo‘lg‘il manga - bo‘ldum sanga.

Qay pari paykarg‘a dersen, telba bo‘lding bu sifat,
Ey pari paykar, ne qilsang, qil manga, bo‘ldum sanga.

Ey ko‘ngul, tarki nasihat ayladim, ovora bo‘l,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo bo‘ldum sanga.

Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado bo‘ldum sanga.

G‘ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asir-u benavo bo‘ldum sanga.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse