Ko‘nglumda g‘aming nashtaridin dog‘i alam bor...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ko‘nglumda g‘aming nashtaridin dog‘i alam bor...
by Hayrat To‘raqo‘rg‘oniy

Ko‘nglumda g‘aming nashtaridin dog‘i alam bor,
Kim sanga asir o‘ldi anga ushbu nadam bor.

Ey sho‘xi pari chehra, seni deb bu jahonda,
Na mayli chaman, na havasi bog‘i Eram bor.

To jonim erur tan qafasi ichra muqarrar,
Ishqingda qalandarman, anga shohid egam bor.

Bu telbalig‘im boisidur ishq jununi,
Qismatda menga yozgan oni lavhu qalam bor.

Xunoba to‘kay tobakay, ey yor ko‘zimdin,
Hajringda agar yetsa ajal menga na g‘am bor.

O‘ldim dedimu, aylamading lutf ila parvo,
Hargiz demading, ishqim aro sanda alam bor.

Nomingni durri harfini bu nazm uzra yozdim,
Devonai Hayrat dilida ushbu raqam bor.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse