Ko‘lagada qolg‘anlar to‘g‘risida
Bizning adabiyot sohasida, taassufga qarshi, ko‘lagada qolib ketgan – to‘g‘risi ko‘lagada qoldirilib kelgan! – bir toifa bor. Bir chekasi o‘zim ham shu toifaga mansub bo‘lganimdan shu toifaning ahvolini ko‘pchilikka bildirib o‘tay dedim. Yo‘qsa, u toifa allakimlar tomonidan – ataylabmi, yo beparvolik natijasidami? – haligacha ko‘lagada qoldirilib keladi. U “allakim”larning bu g‘alati qilmishlari bir sistemaga aylanib borayotir. Shu uchun ham tovush chiqarib “qorovul” deb qo‘yish lozim, zarur!
Men – sho‘rlik tarjimonlar, adabiy tarjimonlar, sahna tarjimonlari to‘g‘risida gapirmakchiman. Agar adabiy tarjima ishi o‘sha allakimlarning o‘ylaganiday, oson va yengil bo‘lsaydi, indamasak ham bo‘lardi. Faqat, yaqinda bir darslik uchun ba’zi narsalar tarjima qilishg‘a to‘g‘ri keldi. O‘shanda qanday qiynalg‘animni o‘zim bilaman, ham o‘sha tarjima qiling‘an material biladi! Bizning bu go‘zal va buyuk vatanimizda 17 yildan beri shunday bir qonun hukum suradiki, har kim ishiga yarasha, mehnatiga, urunishiga loyiq mukofot oladi, taqdir qozonadi. Ammo, haligi ko‘lagada qolg‘an sho‘rliklar shu ne’matdan, odam bolalari tarixidagi eng buyuk va haqli inqilobning mevalaridan to‘la foydalanib keladilarmi? – Yo‘q! Shu “yo‘q” sababidan men bu satrlarni qoralab o‘lturibman. “Quruq gap quloqqa yoqmaydi”, desangiz, mana faktlar, o‘jar va qaysar faktlar.
Kechagina sevimli Akademik teatrimizning rejissori o‘rtoq Vittning “Revizor” qo‘yulishi to‘g‘risida musohabasini o‘qidingiz. Boshidan-oyoq diqqat bilan o‘qub chiqsangiz sizda shunday bir ta’sir hosil bo‘ladiki, bu buyuk o‘lmas asarni ulug‘ Gogol o‘zbek tilida yozgan-da o‘rtoq Vitt tayyor piyesani sahnaga qo‘yayotir! Faqat, haqiqat unday emas-ku. Uni Gogol rus tilida yozgan. Rus tilidan ukraina tiliga (bir-biriga yaqin bir tilga) ag‘darilg‘an vaqtda ham (“tarjima” deb atalib) tarjimonning nomi har yerda ko‘rsatiladi. Ayniqsa shunday asarni qo‘yuchi katta kishi san’atkor musohaba bergan vaqtida tarjima to‘g‘risida so‘z bo‘lmasligi mumkin emas. Faqat bizning teatrlarda bizning hurmatli san’atkorlarimiz shu to‘g‘rida, nechikdir, “past xotir, unutuchan” bo‘ladilar. Aksari liboschiga qadar unutmasdan reklam qilg‘anlari holda shu qadar boy va ishlangan tillardan ancha kambag‘al va hali ishlanib yetmagan tillarga tarjima qilg‘anlarni darrov unuta qoladilar. Bularning bu unutishlari eski madrasa mudarrislarining “lashay” (hech narsa)larini eslatadi… Gazetalarimizni batartib o‘qub borganlar bu unutqoqliq “odati”ning ko‘p-ko‘p sahna asarlari, ko‘p-ko‘p rejissur va qo‘yuchilarda bor bir kasal bo‘lganini yaxshi biladilar.
Men shu “Revizor” tarjimasi to‘g‘risida bir kun o‘rtoq Vitt bilan bir-ikki og‘iz gaplashib edim (tarjima Sanjar o‘rtoqniki). Tarjimaning ba’zi joylaridan norozi bo‘lib gapiradi. Demak, tarjima to‘g‘risida (yolg‘iz kamchiligini olib bo‘lsa hamki) gapirish uchun asos bor edi. Buni o‘rtoq Vitt bilmas edi desak, albatta xato bo‘ladi. Asarning tilidan hech narsa bilmagan odam uni sahnaga qo‘ya oladimi? Yo‘q! Shu holda o‘rtoq Vittni unutqoqliqdan boshqa narsada ayblab bo‘lmaydi. Men demak istaymanki, bu ham kichik ayb emas. Teatr afishasida (e’loni) boshqa masala. Mayli, unda faqat qo‘yuchi bilan administrator va g‘ayri-g‘ayrilar ko‘rina bersin (garchand bu ham qonuniy emas!) Lekin jiddiy asarning jiddiy qo‘yilishi to‘g‘risida jiddiy san’atkor tomonidan jiddiy so‘z ketayotganda oxirga qadar jiddiy bo‘lish kerak!
Hanri Barbyusni bilmagan kim bor? Sotsialistik inqilobning va sotsialistik vatanimizning bu olamshumul buyuk mudofaachisi “O‘t” (olov) nomli bir roman yozgan. Uni bizning davlat nashriyotimiz bostirib chiqardi. Aslida fransuzcha yozilib ruscha orqali o‘zbekchaga tarjima etilgan bu asarning o‘zbekchasidan tarjimon ismini axtarsangiz ancha ovora bo‘lasiz. Umidsizlanmasdan varaqlay bersangiz asarning tiraji va zakaz no‘meri yozilgan joyda juda kichik (ajinaday!) harf bilan qatorasig‘a uch unvon o‘qiysiz: mas’ul muharrir, texnika muharriri, so‘ngra… tarjimon. Shu yerga yetganda siz bilasizki, asarning tarjimoni BUYUK o‘rtoq ekan. Balki BUYUKning tarjimasida ko‘p kamchiliklar bordir. Shunday bo‘lgani taqdirda ham uni bir burchakka berkitib o‘tush lozimmi? Nega yozuvchining yoni-beriga joylashtirib, so‘ngra shunga yarasha u tanqid qilinmasin? Bu “dardni yashirish” emasmi?
Mirzakalon o‘rtoq Tolstoyning katta bir asarini tarjima qilib chiqdi. Asar bosildi, sotildi. Mirzakalonning yana boshqa katta tarjimalari bor. Nima uchun o‘sha tarjimalar, ularning tili, uslublari to‘g‘risida yaxshi tekshirishlar, tanqidlar, taqrizlar yo‘q? Shekspirning “Hamlet”ini aytib ham o‘lturmaylik…
Xullas, nashriyotlarda o‘lturgan allakimlar yozuvchi bilan texnika muharrirlarini; teatrlarda o‘lturgan allakimlar yozuvchini, o‘zlarini, administrator va liboschini biladilar. Ikkisi ham o‘ylaydiki, o‘z ishlarida shundan boshqa aralashuchi yo‘q. Bu agar faqat unutuchanlik natijasi esa, demak, unutuchanlik bir kasalga aylanib boradi. Sovet adabiyoti va sahnasi turli kasallar bilan kurashib va yengib kelgan, buni ham yengib tashlashga gumonimiz yo‘q.
Cho‘lpon
“Qizil O‘zbekiston” 1935-yil 10-may.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|