Kim desun

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kim desun
by Muqimiy

Ul tag’ofulpeshag’a holi xarobim kim desun?
Hajrida mundog’ meni ko’rgan azobim, kim desun?

Kunduzi bir yerda bir dam olmay oromu qaror,
Lahzae yo’q kechalar ko’zlarda xobim, kim desun?

O’z ko’mochig’a, masalkim, tortadur kul har kishi,
Bas, kuyub ishqida chekkan iztirobim, kim desun?

Kuymagan bo’lsa birov mehru muhabbat o’tig’a,
Sham’dek to subh o’rtab tabu tobim, kim desun?

Hamnishindurlar ulug’larga xushomadgo’ylar,
Yo’lida jononimi xayru savobim kim desun?

Gar qilich boshimg’a ham kelsa, degayman rostin,
So’zki haq bo’lsa, savolimg’a javobim, kim desun?

Do’stlar, so’rsang g’izosidin Muqimiy, erta-kech,
Qon sharob ichsam, jigarlardur kabobim, kim desun?

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse