Jump to content

Kileo‘patra

From Wikisource
Kileo‘patra (1921)
by Abdulhamid Choʻlpon
334103Kileo‘patra1921Abdulhamid Choʻlpon

Ey Misrning tangrisi, Nilning malikasi Kileo‘patra!
Oydin kechalarda, sirli Nilning bo‘ylarida uzun etaklaringni maysalar, gullar ustidan sudrab yurub yangi ochilg‘on vafo hidli nilufar chechagi uzubsan. O‘zingni yelpib turg‘uchi qulg‘a chechakning fazilatlaridan gapirganingni eshitdim: «Bu gul suvda o‘sib, suvda yetishib, yana suvda bitadir», — deding. Bilaman, tengsiz qiz, bilaman. Nil suvi bilan o‘sgan nilufarni qancha maqtasang ham ozdir.
Mening bag‘rimda-da sevgi hidli bir nilufar o‘smakdadir. Uni suvlab o‘sdirgan, yetishdirib turg‘on narsa menim «niliy» ko‘zlarimning yoshidir. Ne achchig‘, ne zahar, ne totlig‘ — to‘yub bo‘lmas toti bordir uning!
Yuzlaringni eng oddiy bir bozor qizining yuzlariday ko‘rksiz qilmoq uchun alam hidini socha boshlag‘on choqda sergak bo‘l-da, menga yaqinlashma! Yuzlari qayg‘idan — sen uzub tashlag‘on Nil gullaridek — so‘lg‘on oshiqlaringga ayt, kelsinlar uning sevgi hidi sochqon choqlaridakim, yuzlari burung‘i asliga qaytsun!
Go‘zal Kileo‘patra! Otang fir’avnning zaharlari qadar achchig‘ zaharlarni uning ko‘k yaproqlaridan — istaganing qadar — ola bilasan. O‘zingning yuzlaringdek yumshoqlik va malohatni yana uning qizil yaproqlaridan ema bilasan.
Balki, esingda yo‘qdir.
Bir kun otang bilan chiqqan ovdan charchab, o‘zing yolg‘iz qaytib kelding. Charchag‘on bo‘lsang-da qaramasdan yugurib Nil bo‘yig‘a tushding. O‘tgan tongda bir hindistonli oshiqni timsohning og‘ziga tashlab bergan joyingdan bir to‘plam nilufar chechagi yig‘ding. Haram uyingning ayvonidag‘i supachaga joy soldirib yotding-da, haligi gul to‘plamini qizil ipak bilan boshingg‘a osdirib qo‘yding. O‘ychan, qayg‘ili ko‘zlaringni Nilning ustida kabi ko‘rungan oyg‘a tikib olib, to‘ymaslik bilan gulni hidlab-hidlab va shunga aldanib uyqug‘a ketding.
Tongga hali yiroq edi.
Oy yog‘dusini butun to‘laligi bilan sepib, yer yuzini sutdek yorug‘ig‘a ko‘mub tashlashg‘a tilar edi. Misr — u sirlar va yashirinliklar uyasi bo‘lg‘on Misr o‘zining butun go‘zalliklari bilan birga uxlar edi. Qator-qator falloh qishloqlari, qator-qator ehromlari, qator-qator abulhavllari, xavfdan titrab turg‘on bani Isroilg‘a maxsus ma’budlari bilan birga uxlar edi. Nil — oppoq oqarib, tala o‘rtasida ilondek buralib yotqon Nil ham kechaning shu sharpasiz quchog‘ida jimgina uxlar edi. Otangning hashamatli saroylari, xurmozorlar birga-birga, bir to‘plam halokat, bir qora g‘ujum bo‘lub uxlaylar edi. Seni yelpib turg‘on qulcha yelpig‘ichi bilan, soqiyang kosasi, cholg‘ichi qizing cholg‘isi, kecha tog‘lardan oldirg‘on podaching nayi bilan uxlar edi.
Sengina, sen — fir’avn qizi, dahshatli fir’avnning yumshoq qizi — uyg‘onding. Seni erkalatib uxlatg‘on nilufar gullaring so‘lg‘on edi: nozik qo‘l bilan nozik ipini bir tortding — uzuldi. Gulni — hech qizg‘onmasdan — g‘ujumlading-da, bosh tomoningga irg‘itding… tushdi — ketdi! Sen gulni g‘ujumlagan tinda bosh tomoningdan, boqchadan «oh» tortqon bir tovush keldi; u baqirg‘on sening oshiqlaringdan, ertaga Nilning timsohlar to‘lug‘ quchog‘iga kiraturg‘on bir shahzoda edi. Sen tovushingni chiqarmading, balki, eshitmagandirsan?!
Gulning so‘lg‘onig‘a joning chiqar darajada qizig‘on eding.
Turub borib yana bir to‘plam gul uzub kelmakchi, uning hidi bilan tong otdirmoqchi bo‘lur eding. Ammo buni qilmading, qila olmading, so‘ng ortuq tushunmakka, ko‘zingni bir nuqtag‘a tikib og‘ir-og‘ir o‘ylanmoqg‘a boshlading. Birdan turding, xizmatchilardan birini uyg‘otib gulga yubormoqchi bo‘lding shekillik, u yoq-bu yoqg‘a qaragach, yana yotding. Yana og‘ir-og‘ir tushunar eding.
Naq boshingda — ayvonning pastida — qarab turg‘on men sekingina boshingg‘a keldim.
Sezmading.
Sekingina bag‘rimdagi gulni olib boshingg‘a tashladim.
Bilmading.
Uning hidlari seni bo‘shashtira boshladi. Shul qadar bo‘shashgan edingkim, sen Kileo‘patra bo‘lub buncha yaxshi uxlamag‘on eding. Kun o‘zining o‘tkur tig‘larini yumshoq yuzlaringg‘a sanchg‘onda-da, uyg‘onmas eding.
Yon-beringdagilar uyg‘ondilar.
Ko‘rdilarkim, sen hech bir turmishingda ko‘rulmagancha to‘lub, toshib, qaynab, rohatlanib uxlaysan. Hech kim uyg‘otishqa jur’at qila olmadi. Otang fir’avndan seni so‘rab kelgan kishiga poyloqchi kampiring: «Ul ko‘b totli uyqudadir», — deb javob berdi.
Bosh tomoningda endigina bosh ko‘tarib kelayotqon yoppa-yolg‘iz xurmo og‘ochig‘a suyanganim holda men seni kuzatar edim. Men seni-da, yon-beringdagilarni-da erkin-erkin ko‘rganim holda, bilmadim nima uchundir, sening qullaring, joriyalaring, oqsoch va cho‘rilaring meni ko‘rmadilar yoki ko‘rsalar-da: «Bu-da bir bechora oshiqdir, bu-da erta-indin Nilning qurboni bo‘lur», deb o‘ylaylar edi.
Faqat unlar yanglishalar edi!
Men bosh tomoningda o‘lturub seni kuzatganim bilan-da, ko‘zim — ko‘ngil ko‘zim sira senda emas edi. Menim ko‘zim o‘zimizning mutakabbir, semiz, dahshatli Amuda edi…
Nihoyat ko‘zingni ochding. Boshingni qaldiratib turub esnash-hidlash, sezgining butun kuchi bilan gul isini esnading. Sening sevgisiz bag‘ringg‘a yumshoqlik sepib turg‘on gulim shul tinlarda butun borlig‘i bilan sening tegrangga sevgi hidi sochib turar edi.
Sevgisiz ko‘ngilga sevgi hidi, bilmadim, qanday xush keldi?
Faqat, yuzlaringning tag‘in-da yasharib ketganligini ochiq-oydin ko‘rdimkim, mana bu gulning ta’siri edi. Yoningdag‘ilar ham senga va sendagi o‘zgarishga tongg‘a qolalar, lablarini tishlaylar edi.
Ko‘zlaringda yana uyqu ko‘lankalari uchqoni ko‘rildi, yana uxlamoq istading. Faqat, hidi tegrangni qoplag‘on so‘lmas gulning qayda ekanini bilmak istagi uyqu istagidan ortig‘roq edi. Shuning uchun-da boshingni qaldiratib, ko‘zlaringni o‘ynatib, tinsizgina uni izlar eding. Nihoyat so‘rading:
— Bu xush is qaydan keladir?
Yoningdag‘ilar birdan javob bera olmadilar. Biri — ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga qaray boshladi. Fir’avn qizi emasmisan — darrov g‘azabing chiqdi:
— Shuni ham bilmaysizmi? Men sizni nima uchun boqib o‘lturaman?
Bir habash xotun dudulab-dudulab javob berdi:
— Boqchadan!
Kulub yubording.
— Xurmozordan!
Yana kulding.
— Nil bo‘yidan!
Bu yo‘li achchig‘ing keldi:
— Jim! Tentakmisan? — deding. Tindilar…
Bir qiziqchi kampiring bor ekan, maymun kabi qixixlab keldi-da:
— Narigi dunyodan! — dedi. Sharaqlab kulub yubording. Kampirning kayfi keldi:
— Narigi dunyodan deganim, ya’ni — go‘ristondan! — dedi.
Bu yo‘li kulmading. Biroz qovog‘ingni burushtirding-da:
— Ma’ni berish kerak emas. Bu xurmog‘a tuz sepgan kabi bo‘ldi, — deding. Shunda men sening aqlingni olqishlag‘on edim.
Birdan o‘rningdan turub, yuzingni boqcha tomonga qaratib tiz cho‘kding. Boshingdan bir bolishni olib tashlading, oradan gul kelib chiqdi, sevinib ketib «Mana tobdim!» deb darrov qo‘lingg‘a olding.
— O-o… Bu gul yot guldir. Misr guli emas!
Yoningdag‘ilar yana tindilar.
— Qaydan keldi bu? Kim keltirdi?
Yana javob bo‘lmadi. Qiziding:
— Nimaga indamaysiz? Tilingiz uzuldimi?
Unlar qaltirib, titrab bir-birlariga qaramoqg‘a boshladilar. Bildimkim, sening achchig‘ing yomon qo‘zg‘alsa, u zavollilar uchun yomon bo‘lar edi. Shuning uchun yugurib boshingga keldim. Ortiq takalluf qilmay, ortiq yerlarga egilmasdan boshim bilan hurmat salomi berdim-da:
— Gulni men keltirdim, u menim gulimdir, — dedim.
Sen darrov so‘rading:
— Sen kimsan?
Tinchgina javob berdim:
— Men bir adashib kelgan kishiman.
Ko‘zlaring og‘uli havaslar bilan menga qaray boshlag‘on edi. Birdan yuzingg‘a jiddiyat kirdi, shamol tezligi bilan yuzimga:
— Adashib kelgan bo‘lsang, yo‘l ko‘rsatsinlar, ket! — degan so‘zni tashlading.
— Gulimni olayin-da, ketayin, xo‘p! — deb gulga qo‘l uzatdim.
Amirlar tovushi bilan baqirding:
— Tegma, u gul munda qoladir!
To‘qtadim. O‘zing ko‘zingni uzmasdan menga qaray eding.
— Yigit, sen yomon tilak bilan kelmadingmi?
— Yo‘q, teskarisidir: eng yaxshi va to‘g‘ri tilaklar bilan keldim.
— Ayt, nima uchun kelding?
— Sevganimga Misr nilufaridan bir to‘plam olib kelmak uchun keldim.
Birdan uyg‘onding.
— Sevganingmi bor?
— Bordir.
Shoshilib-shoshilib so‘rading:
— Fir’avnning qizi emasmi?
— Yo‘q.
— Nil bo‘yida emasmi?
— Emas.
— Qaydadir?
— Amu nahri bo‘yida.
— Amu… Gul kimniki?
— Boya ham aytdim: meniki.
— Kim uchundir?
— U uchun.
— U kimdir?
— U… mening Kileo‘patramdir.
— Jim! Mendan boshqa Kileo‘patra yo‘qdir.
— Sen Misr, Nilbo‘yi Kileo‘patrasisan, u esa Hazarbo‘yi, Amu Kileo‘patrasidir.
— Jim!
— Sevgida jimlik bo‘lmas.
— Gul Amu suvindami o‘smishdir.
— Yo‘q… Ko‘zlarimning yoshida o‘smishdir.
— Oh!
Ko‘zlaringda tomchi-tomchi yoshlar ko‘rindi. Boshingni yostiqg‘a qo‘yding-da, o‘yga botding. Birozdan so‘ng o‘rningdan turding.
— Ol gulingni!
Oldim. O‘zing oldimg‘a tushding, menga «orqangdan yurmak uchun» ishorat qilding, yurdik. Etaklaring har-har yerlarni supurib borar edilar. Bir uyga kirdikkim, ziynati meni tongg‘a qoldirdi. Sen oltun oyoqli yumshoq supachaga o‘lturding; sening ishorating bilan men ham yoningg‘a o‘lturdim. So‘z boshlandi.
— Nega Nilbo‘yi nilufarlari tez so‘lalar?
— Unlar oddiy gul bo‘lg‘onlari uchun.
— Sening guling nega tez so‘lmaydir?
— U sira so‘lmas!
— Nima uchun?
— Menim ko‘z yoshimda bitib, menim ko‘z yoshimda o‘sgani uchun.
— Ko‘z yosh tubda achchiqdir, bu nimaga achchig‘ emas?
— Muning-da, achchig‘ hid sochqon choqlari bordir. Bu sevgi chechagidir, umidlik ko‘z yoshlarini ham ko‘b emgandir. Shuning uchun totlidir.
— Menga qoldirib ketmak istamaganing nima uchun?
— O‘zimniki bo‘lg‘on uchun!
Tinding. Faqat, ko‘zlaring egri havaslar bilan to‘lg‘oni holda menga qaraylar edi. Sening qarashlaringda xiyonat olovlarini ochiq seza boshlag‘on bo‘lsam-da, tindim.
— Men gulsiz qola bilmayman.
— Sening uchun mundog‘ gullar yo‘q emas, bor.
— Qayda?
— Istasang Nilning bo‘ylarida, istasang shahar ko‘chalarida.
— Yo‘q, ishonmayman — bo‘lmas, topilmas. Ham bu gulning egasi bo‘lg‘on go‘zal sira Misr Kileo‘patrasi kabi bo‘la olmas.
— Mening qarashimda undan ham ortig‘dir.
Bu javobimga achchig‘ing kelmadi, so‘zni burding:
— Men shunday gulni qanday qilib topaman?
— Nilga tashlang‘on, timsohlarga yem bo‘lg‘on oshiqlaringda shunday gullar bor edi.
Sen jiddiylashding:
— Yo‘q, — deding, — yaxshi ishongilkim, ular menga go‘zal bo‘lg‘onim uchun emas, fir’avn qizi Kileo‘patra bo‘lg‘onim uchun «oshiq» edilar. Birgina kishi bo‘lsun chin sevish bilan sevgani yo‘qdir. Agar senga o‘xshag‘on bo‘lsalar… Men ularni Nilda emas, ko‘zimning qoralari orasida saqlar edim… Men ularni bilaman: ular bir qo‘rquv oldida meni unutalar. Shuning uchun men ularni qo‘rqinch timsohlarga yem qildim. Senda bu yo‘q. Sen fir’avn qizi Kileo‘patra yonida turg‘oning holda…
— Amu bo‘yida turg‘on kabiman.
Jim bo‘ldik.
So‘zni men boshladim:
— Boqchangda bir oshiq bor, chin oshiqdir.
— So‘zlama! U meni emas, mening joriyalarimdan lublonli bir qizni sevadir. Shuning uchun men unga teginmadim.
— Shundaymi? — barmog‘imni tishladim.
Shul vaqtda ko‘zim ko‘zingga tushdi; yomon qo‘rqinch tus olg‘on, qizig‘on edi. Har ikkalasidan xiyonat to‘lub-toshar edi. Qo‘rqa boshladim. Lokin yana tindim…
Kichkina bir ishorang bilan uyda hech kim qolmadi; pardalar tushdi, narigi yoqda ingichka cholg‘i tovushi aralash qizlar qo‘shig‘i eshitila boshladi. Taningda bir hovliqqanlik sezdim. O‘zimda-da cholg‘ining ta’siri bilan bir to‘lqun boshlandi. Cholg‘i, sezdimki, ehtiros kuyini o‘ynar edi. Muni sening xoin, kulgan va quyuqlashg‘on ko‘zlaring o‘ynab-o‘ynab ko‘rsatar edi.
Cholg‘i bir darajaga yetdikim, men bo‘shashib sekingina yonboshladim. Bu choq sening taningning o‘tdek qizig‘oni holda menga yaqinlashqonini bildim.
Qaltirar, qo‘rqar, ko‘z oldimda o‘z Kileo‘patramning xayolini istar edim. Oh, xiyonat damlarida ul nechik kelsun!
Yana gul ko‘magimga yetdi.
Sen — meni o‘zingning ehtiros kuching bilan mast qilib — gulimni va yigitligimni tortib olmoq istagan eding. Ishni shul darajaga yetkazgan edingkim, menda qarshilik qilmoq uchun kuch qolmag‘on; men butun ehtirosim bilan xoin tanlaringga ilondek o‘ralib ketgan edim…
Birdan gul o‘limlik hidini sochdi.
Men uyg‘ondim, ehtiros tanimda o‘z-o‘zidan erib yo‘q bo‘ldi.
— Sen — yuzlaring so‘la boshlab — bo‘shashib yiqilding.
Men gulimni qo‘lga oldim-da, to‘g‘ri Nil bo‘yiga chiqdim. O‘zimning gulimni Nilning suvlariga, ko‘kat-maysalariga «ko‘st-ko‘st»lab yurub, o‘z Kileo‘patram uchun bir to‘plam nilufar yig‘dim-da, yo‘limg‘a ketdim…
Men Amu bo‘yig‘a yetganimda orqamdan bir kaptar uchub keldi va sening shu xatingni topshirdi:
«Yigit!
Men butun dunyog‘a mashhur fir’avnning qizi go‘zal Kileo‘patra bo‘lg‘onim holda chin va sof bir sevgi uchratmadim. Chin muhabbat egalarining ko‘z yoshlarida yetishaturg‘on uzoq umrli, vafo hidli nilufarni sening qo‘lingda ko‘rganimdan beri ko‘rmadim.
Oh, uning men uxlayolmay yotqon chog‘imda sochqon hidlari qanday edi? Sira anglayolmayman. Sen «sevgi hidi», deding shekillik. Oh, agar sevgining bir chechagidan chiqqon hidi shunday bo‘lsa, uning o‘zi qanday narsadir? Koshki seva bilsam, o‘zimning eng haqir ko‘rgan qulimni bo‘lsa-da seva bilsam!
Seni sevdim, deb o‘ylag‘on edim, o‘zing ketgach bildimki, u senga — sening yigitligingga bo‘lg‘on shohona bir muhabbatgina, bir havasgina ekan…
Oh, ul gulingga nima deyay ekan? Agar ul yomon hidini sochmasa, bir zumda paydo bo‘lg‘on tentak bir havasning qurboni bo‘lur edim. Sofligim ketar edi. Oh, u soflikning haqiqatda nima ahamiyati bor? Bo‘ldi nima, bo‘lmadi nima? Tubda soflikni-da saqlab qolaturg‘on muhabbat kerak emasmi?
Menda u yo‘q…
Shuning uchun soflikning ahamiyati ham yo‘q… Taxtning, saltanatning qayg‘idan boshqa yaxshiligi yo‘q… Go‘zal Nilning go‘zalligi yo‘q… Xurmo o‘rmonlari vahshiy… Nilufarlar vafosiz… umrlari besh-o‘n nafas…
Kel, menga sof muhabbatdan biroz so‘zlab ber!
Endi ehtirosga berilmayman, kel.
Men-da sof sevib, sevilmoq istayman…
Misr, Nilbo‘yi. Kileo‘patra».
Go‘zal Kileo‘patra!
Xatingni oldim. Amu ko‘purmishdir, toshmishdir. Amuning toshqini o‘zimning Kileo‘patramga-da, senga-da yo‘lni to‘sdi. Gulim ham hozir yetim qoldi…

1921


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"