Ket
Ket, ko‘zimni aldaguvchi xoin nur,
Ket, olovli chizig‘imdan nari yur!
Ket, zaharli qizg‘aldoqni irg‘itma,
Ko‘nglimdagi so‘ng umidni yo‘q etma!
Ket, ilohiy vijdonimni bulg‘ama,
Butlar bilan tegaramni chulg‘ama.
Ket, ey to‘qqiz pari ko‘zli qora qush,
Yiqiq bo‘lgan ko‘kragimdan chetda uch!
Ket, sevgimning ulug‘ yovi, ko‘rinma,
La’nat sochib, yonlarimda yurinma.
Eski do‘stlar yo‘l adashib o‘ldilar,
Yangi do‘stlar buning uchun kuldilar.
Yangi yo‘lga oyoq bosmay to‘xtasam,
Bu yo‘llarda qutilishlik yo‘q desam,
Sen ul chog‘da qaysi yo‘lga solarding?
Falokatdan qanday tortib olarding?
«Un»ing qo‘pol… qiynaguvchi qilig‘ing,
Ket, mangulik yo‘qqa ko‘chsin borlig‘ing!
Ket, malaklar dostonini o‘qima,
Ket, aslsiz ertaklarni to‘qima!
Ket, sevgili ko‘kragimga tinchlik ber,
Ket, sening-chun quchoq ochgan qora yer.
Ket, jonimni qiynaguvchi jodu – hur,
Ket, ko‘nglimni aldaguvchi yolg‘on nur!
1922-yil
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|