Kelmasa-kelmasun netay

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kelmasa-kelmasun netay
by Zavqiy

Yor kelur zamona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay,
Sarf etarg‘a xazona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Maskani ko‘z ichra desam, mardum aro kalon ekan,
Taklif etarg‘a xona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Eski buzuq xarobada chug’zdek ayladim vatan,
Bir tuzuk oshyona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Man etarga kelmagin, ko‘p emish istixoralar,
Mundin o‘tar barona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Ta’ni zamonlar o’qlari ko’ksimizni hadaf qilur,
Kelmagidin nishona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Jur’ayi jomi vaslidin bermasa-bermasun menga,
Bazmi mayi mug’ona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Kunduzi partavafkanim bo‘lmasa shami anjuman,
Va’dasi bir shabona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Jon-u ko‘ngulni(ng) torini soz chekarg‘a shunchakim,
Mutribi xush tarona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Ko‘zni tikib qudumiga tokay o‘lurman intizor,
Ilmasa ko‘zga kulbani, kelmasa-kelmasun netay.

Ishq elini(ng) dodiga solmasa yurt-u el quloq,
Odili bir zamona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Ul ko‘zi vahshimiz bu yon bo‘lmasa rom ne ajab,
Zavqiyda dom-u dona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse