Kelib sen sho‘xi jallodim meni sardaftarimni ko‘r...
Kelib sen sho‘xi jallodim meni sardaftarimni ko‘r,
Sirishkimdin qizil qong‘a bo‘yalgan bistarimni ko‘r.
Qaro ohu ko‘zing mujgonidin oxir shahid qilding,
Nechuk kifrik edi qotilki dog‘i xanjarimni ko‘r.
Tepib o‘tgil boshimga, iztiroblikdin dilim purxun,
Bu axborimga bovar qilmasang, xokistarimni ko‘r.
Yuzim hijronlaring dashtida bo‘ldikim xazon yanglig‘,
Boqib may aksidin jom ichra shakli mazharimni ko‘r.
Xijolatmand bo‘lib hayratda qolsam ushbu vodida,
Hidoyat aylamas bir yo‘lg‘a ojiz rahbarimni ko‘r.
Til ochmamdurki ishrat ravnaqidin hamnishinlarga,
Qanoat berdi izzatlarni toju afsarimni ko‘r.
Mukaddar xotirim doim falakdin bo‘ldi domangir,
Adovat pesha qildi deb qadrdon dodgarimni ko‘r.
Menga mayxonada navbatki kelgan erdi bir oqshom,
Sulaymon devlari jumbishga soldi sog‘arimni ko‘r.
Junun aqsomidin G‘urbatda hayronlik fuzun bo‘ldi,
Tabibo, bir iloj aylab bu kun farqi sarimni ko‘r.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |