Kecha va kunduz/02

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kecha va kunduz  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Saltilarnikida kechgacha safarga tayyorlanib – birozgina patir bilan somsa yopib, ko‘cha eshigining chap biqinidagi katta kundadan aravaga hatlagan vaqtlarida, kun botib borardi. Arava shahar ichidan chiqib, tola yo‘liga kirganda, kechaning qora pardasi yer betini o‘ragan edi. Qor ostidan chiqqan yerlar bahorning salqin havosi va yoqimli shabadasi ostida mudrashib yotardilar. Oy hali chiqmagan, faqat kechaning qorong‘isiga o‘chashgan* sanoqsiz yulduzlar tepada turib mash’allarini yondirganlar, xuddi peshona oldida ko‘ringan eng yorug‘ bir yulduz piyoz to‘g‘rayotgan kelinchakning ko‘zlariday pirpirab yonardi.

Qizlar jim edilar. Aravakash zerikdi, shekilli, astagina ashulla boshladi. Uning ashulla si xom xirgoyidan nariga o‘tmaganidan keyin Salti ko‘tarildi:

– O‘lmasjon, bormisiz? Durustroq aytsangiz-chi!

Saltining yana bir o‘rtog‘i – Qumri uning so‘zini quvvatladi:

– Ha, rost, shunday yaxshi ovozingiz bor ekan, sho‘x-sho‘x aytmaysizmi? Keng tolada qancha cho‘zsangiz, shuncha ketadi varanglab…

Yigitcha kuldi. U qorong‘ida sekingina orqasiga qayrilgan edi. Orqa safdagi qizlar chimmatni ko‘tarib o‘tirganlaridan ularning yuzlarini sal-pal ko‘rsa bo‘lardi. Kulimsirab turib qizlarga biroz qaragach:

– Orangizda dong‘i ketgan ashullachingiz bor turib, menga osilganlaring qiziq! – dedi. – Biz «suv bo‘lmasa – tayammum»ga yaraydigan ashullachilardan…

Qizlar hammasi Zebiga qarashdilar. Har tomondan har xil ovozlar chiqdi:

– Ha, rost!

– Chinakam, indamay o‘tirganimizni qaranglar-a!

– Ashullachi oramizda-ku.

Zebi «churq» etmasdan o‘tirardi. Uning munday qi­lishi ham shu xil taklifdan qo‘rqqanidan edi. Albatta, yosh narsaning ko‘nglida o‘ynash, kulish va xushvaqtlik qilish mayllari boshqa har narsadan ko‘ra kuchlik keladi. Lekin Zebi shunday bir otaning qizikim, uning qo‘lida har qanday kuchli mayllarni ham yuganlab tutmoqqa, ko‘ngilning har bir havas va tilagini ko‘ringan joyida bo‘g‘ib tashlamoqqa to‘g‘ri keladi. Ham: Zebi shunday qilishga o‘rganib qolgan. Shu uchun ham yigitning og‘zidan o‘z ismini eshitgach, badani durkirab ketdi. So‘ngra qizlar tomonidan aytilgan so‘zlar uni iztirobga tushirdi. Nima deyishini bilmas edi. O‘ylabroq javob bermoq uchun ko‘ngilning talvasaga tushmasligi darkor. Holbuki, ko‘ngil tashvishda va shu sababli talvasada…

Aravakash u yoqdan turib:

– Habbarakalla, bor ekansizlar-ku! O‘rtaga olinglar ashullachini! – degandan keyingina Zebining tillari kaldiradi:

– Gaplashib ketaylik, shunday qorong‘ida!..

– Jin urarmidi? – dedi bittasi.

– Yaxshi emas, shunday zim-ziyo qorong‘ida… Gaplashib ketaylik… Shirin-shirin gaplardan…

Aravakash uning so‘zini ilib oldi:

– Shirin-shirin gap o‘rniga shirin-shirin ashulladan bo‘lsin, opa. Ta’rifingizni eshitib jigarlarimiz laxta-laxta qon bo‘lib ketgan.

Salti tegishdi:

– Voy, to‘vvayey! Laxta-laxta qon bo‘lganmi? Javir bo‘lgan ekan…

Aravakash ham bo‘sh kelmadi:

– Qon bo‘lgan yuraklarni bir nafasda yozish sizlarning qo‘lingizda, opalar! Biz ham dunyoga kelib bir yayraylik-da.

Yana indamasdan o‘tirgan Zebiga endi bu safar Sal­ti yalindi:

– O‘rtoqjon, bir narsa desangiz-chi. Hamma barobar tashna ekan…

Zebi o‘rtog‘idan astoydil koyib berdi:

– Sizdan kelgan gap shumi, hali? Otamning aytganlarini o‘z qulog‘ingiz bilan eshitib edingiz-ku! Eshitib-netib qolsa, nima bo‘ladi? Bilib turib…

Salti o‘rtog‘ini to‘xtatdi:

– Bilaman, o‘rtoqjon, bilaman! Otangizning gaplarini bir emas, ikki qulog‘im bilan eshitdim. Odamlar ichida, ko‘pchilik orasida qistasam, mendan xafa bo‘ling. Bu yer tola joy bo‘lsa, odam asari bo‘lmasa, kechasi – qorong‘i bo‘lsa, bir-ikki juft aytib bermaysizmi?

– Nomahramga eshitdirib-a?

Zebi bu so‘zni chin ko‘ngildan chiqarib va jerkib tu­rib aytgan bo‘lsa ham, qizlar hammasi birdan kulishib yubordilar. Yana har xil ovozlar ko‘tarildi:

– Shu ham nomahram bo‘libdimi?

– Shu O‘lmasjon-a?

– Nomahram o‘la qolsin…

Zebi chinakam ranjigan edi. Yig‘lamsirashga yaqin bir ovoz bilan Saltiga:

– Munaqa qilishingizni bilsam kelmas edim… – dedi.

Qizlar ishning bu tomonga aylanganiga hayron bo‘lishib jim qoldilar. Aravakash:

– Et-to‘vba! Et-to‘vba! – deb o‘z-o‘ziga so‘zlanib, otni qattiq-qattiq besh-olti qamchiladi. Ot qadamlarini ildamlatib, aravani guldur-guldur g‘ildirata boshladi. Hamma jim bo‘ldi. Faqat Salti bilan Zebi ikkovi bir-birlari bilan pichirlashib so‘zlashardilar. Bu pichirlash natijasida Salti o‘rtog‘ini tinchlatishga muvaffaq bo‘lgan, buning ustiga, yana qizlar yor-yor boshlaganda uning qo‘shilajagi to‘g‘risida so‘z olgan edi. “Bir marta boshlangandan keyin undan narisi o‘zi keta beradi” deb o‘ylardi Salti.

Darrov qizlarga tomon burildi:

– Qani, qizlar, o‘zimiz yor-yor boshlaymiz!

– Habbali! – dedi aravakash.

Qizlardan javob kutib o‘tirmasdanoq Salti o‘zi boshlab yubordi:

«Uzun-uzun arg‘amchi yo…

Qizlar qo‘shilishdi:

… Halinchakka,

Chakan ko‘ynak yarashar

Kelinchakka.

Chakan ko‘ynak yengiga

Tut qoqaylik…»

Bir-ikki bayt o‘tgandan keyin Zebining tiniq, g‘uborsiz, jonon piyoladek jaranglab chiqadigan chiroyli va o‘tkir ovozi qo‘shildi. Bu ovoz peshona ustida pilpillagan eng yorug‘ yulduz singari boshqa ovozlardan ochiq ajralib turardi. Shu choqqacha yor-yorga quloq berib, indamasdan, asta-sekin otini qamchilab ketayotgan ara­vakash bu ovoz chiqishi bilan og‘ir bir «uh» tortdi, qo‘lidagi qamchisi daraxtdagi kuzgi yaproq singari zo‘rg‘a-zo‘rg‘a barmoqlariga osilib qoldi…

Saltining didi to‘g‘ri chiqqan edi: endi Zebi yor-yorni o‘zi yolg‘iz aytardi. Aravakash bilan birga qolgan qizlar – hammasi bir quloqqa aylangan edilar. Ot bu go‘zal ovozning shirin kuylari ostida boshini quyi solib, bo‘ynini asta-asta likillatib bitta-bitta qadam bosardi… Yor-yorlar bitib, boshqa har xil kuylarga o‘tildi, endi Zebini to‘xtatmoq mumkin emasdi. Zotan, uning to‘xtashini kim istar edi deysiz? Tolalarning keng quchoqlaridan uchishib kelgan mayin shabadalar qiz og‘zidan chiqqan unlarni o‘z qanotlariga mindirib allaqaylarga, olislarga olib ketardilar. Ho‘… yiroqlarda pilpillab ko‘ringan qishloq chirog‘lari ham, tepadagi yulduzlar singari, shabada qanotlari bilan kelgan chiroyli unlarning zavqi bilan mast bo‘lib yonardilar…

Zebi yuragida tugilib yotgan zo‘r tugunni yechib yuborgan edi. Razzoq so‘fining sovuq yuzlari uning ko‘zlaridan yiroqlashganlar, nasihat yo‘li bilan minglarcha marta aytilgan va ta’kidlangan so‘zlar unutilgan, sovuq so‘filarning «harom» degan da’volari sinib par­cha-parcha bo‘lgan, «nomahramlik» safsatalari ot oyoqlari ostida yanchilgan, to‘rt devolning bu tutqun qizi o‘ziga o‘xshagan tutqunlardan boshqa hech bir guvoh va tilchi bo‘lmagan shu keng tolaning quloch yetmas bag‘rida yillardan beri tugilib kelgan alamlarini kuyga aylantirib ketsiz bo‘shliqlarga yoyib yuborgan edi.

Arava yakka qanotli kichkinagina bir eshik oldida to‘xtab, aravakash bola qamchi sopi bilan eshikni qoqqanda va ichkaridan bir kampirning ingichka va jonsiz ovozi «kim u?» deb so‘raganda, odamlar bir uyquni urgan edilar…

Kampirchaning so‘rog‘iga aravakash hazillashib javob berdi:

– Shahardan bir arava mehmon olib keldim, ena! Uyingiz kuydi toza! Ikki kunda bor-yo‘g‘ingizdan ajralib qoqlanasiz endi! Qani, bo‘ling, eshikni oching! Qornimiz o‘lgudek och…

Qizlar kuldilar. Kampir qizlarning kulishini eshitganidan keyin mehmonlarning kimligini angladi:

– Ha-a-a, Saltanatxonlardir? – dedi u.

Shu so‘z bilan birga kichkinagina zanjirning shiriqlab tushgani va eshikning g‘ichirab ochilgani eshitildi. Kampircha eshikni ochar-ochmas sevinchilamoq uchun ichkariga yugurgan edi.

Aravakash:

– Qani, tushinglar endi, opalar! – deb muzaffarona bir ovoz bilan qichqirdi. Faqat, uning bu chaqirig‘i foydasiz edi. Chunki zanjirning zaif shiriqlashi quloqlarga kirar-kirmas qizlar o‘zlarini aravadan tappa-tappa tashlay boshlagan edilar. Yorug‘idan ko‘ra tutuni va buruqsashi ko‘p fonarchani ushlagan kampir bilan birga Zebilar tenglik bir qiz «Voy, o‘layin, uxlab qolibman! Voy, o‘layin, ko‘zim uyquga ketibdi!» deb ho‘… allaqaylardan uzr aytib chiqib keldi. Bu yoqdan:

– Voy, aylanay, Enaxon! Jonim o‘rtog‘im! Bormisiz? – deb paranjisini qo‘liga olib Salti yugurdi. Quchoqlashib ko‘risha ketdilar. Boshqa qizlar bilan naridan beri – qo‘l uchini tekkizib – ko‘rishgach, Enaxon yana Saltiga yopishdi va ikkalasi qo‘ltiqlashib ichkariga tomon yurdilar. Ikkala o‘rtoqning sharaq-sharaq gaplashgan, bir-birlariga sevinch bildirishgan quvnoq va baland ovozlari boshqa hamma unlarni bosib ketdi…

Faqat, ko‘chada – arava ustida boshqa hangomalar bo‘layotgan edikim, bulardan haligi ikki baxtlining hech bir xabari yo‘q edi:

Saltining onasi bilan katta onasi uni o‘zi tenglik yosh qizlar bilan birga olis joyga yuborarkan, ehtiyot tomonini ham unutmagan edilar. Uning oyisi o‘z qaynonasiga:

– Yosh qizlarning o‘zlarini yuborib bo‘ladimi, qalay? Bitta-yarimtamiz birgalashmasak bo‘lmas? – deb o‘zining eslik xotin ekanini bildirgan vaqtida, qaynonasi juda keskinlik bilan javob bergan edi:

– Alvatta, aylanay! O‘zlari yolg‘iz borishadigan bo‘lsa, javob yo‘q!..

Tandir oldida kuyib-pishib, shabnam donalariday yirik-yirik terlarga botib, Zebi bilan birga patir yopayotgan Saltiga bu maslahat juda yomon qattiq tekkan va u ham darhol o‘z ovozini eshittirgan edi:

– Bizni bo‘ri yermidi? Yosh narsalarga qarilarni aralashtirib nima bor? Siqilib o‘lmaydimi odam?..

Katta ona nevarasining bu erkaligiga faqat erkalik debgina qaragan, shu uchun:

– Aylanay, bolam, patiringni yop! Kechga qolayotirsiz. Bu siz aralashadigan ish emas! – deb qo‘yib, yana o‘zining «eslik» kelini bilan maslahatini davom ettirgan edi.

Maslahat natijasida qaynona bilan kelin uyda qoladigan bo‘lib, ikki-uch oydan beri bularnikida yashaydigan qarindoshlardan Savribibi degan kampir qizlarga ko‘z-quloq qilib berilgan edi.

Bu qari kampirning qo‘shilganiga qizlar xafa bo‘lmagan, balki, aksincha, sevingan edilar. Bu kampir aravaga oyoq qo‘yar-qo‘ymas – qizlarning o‘rtasiga joylanib olib, Zebining tizzasiga bosh qo‘ygani holda – uyquga ketgan va shu bo‘yicha qishloqqa kelib yetilganda ham ko‘zini ochmagan edi…

Qizlar o‘zlarini tappa-tappa aravadan tashlab, eshikdan ichkariga kirarkan, Zebi sekingina kampirni uyg‘otdi:

– Enajon, turing, kelib qoldik!

Enajondan javob bo‘lmadi. Zebi o‘sha past ovoz bi­lan yana bir qur uyg‘otdi: enajon hali ham jim edi. Aravaning oldi tomonidan kelib aravakash ham yordamlashdi:

– Ho‘… xola, turing, kelib qoldik!

Erkak kishining kuchlik ovozi bilan kampir ko‘zini ochdi, lekin uyqusirab turib:

– Hozir, aylanay… xo‘p, turaman… – degandan ke­yin yana uyquga ketdi.

Zebi kamoli hayron bo‘lganidan aravakashning nomahramligini ham unutib, haligi tang‘irqash* nazari bilan unga qaradi. Bu vaqtda oy anchagina yuqori ko‘tarilib qolgan edi. Aravakash yumshoqqina kulimsiradi. Yosh yigitning bu yosh shirin tabassumini oy yorug‘ida alayno ko‘ra olgan yosh qiz butun badanlaridan muloyimgina durkirash kechganini payqadi va qizarib teskari qayrildi… U qarash aravakash yigitchaga ham boshqacha ta’sir qilgan bo‘lsa kerak, kampirni turtib uyg‘otmoq uchun qo‘lini yuqori uzatdi. Shunda kampirning boshidagi qo‘l boshqa bir qo‘lning o‘ziga kelib tekkanini boyagidan kuchliroq bir durkirash bilan sezdi. Erkak zoti bilan birinchi marta bu xilda uchrashgan yosh qiz shu paytda biroz gangiragan edi. Shu uchun qo‘lini darrov tortib olmasdan, o‘ziga kelganidan keyin birdaniga jerkib tortdi. Faqat, yosh yigitning kuchli qo‘llari uni mahkam ushlab, kampirning boshidan pastgaroq tushirdi va ikkala yosh shu bo‘yicha turgan joylarida turib qoldilar…

Ichkarida o‘tirgan baxtli mehmon o‘zidek baxtli izmon* bilan birga ho‘… ancha vaqt o‘tgandan so‘ng yo‘qolgan ikki mehmonni izlab ko‘chaga chiqqan vaqtida, ko‘chadagi ikki yosh vujud qo‘llarini bir-birlaridan hanuz ajratib ololmagan edilar. Kampir esa ikki yoshning bu talvasali uchrashuviga quruq gavdasi bilan guvoh bo‘lib, hali ham shirin uyquda dang qotib yotardi…

Qizlarning bu «ittik»* poyloqchisini ko‘plashib uyg‘otdilar, ko‘plashib aravadan tushirdilar. U Salti bilan Enaxonning qo‘ltig‘iga kirib, ko‘zi uyquda, dovdiray-dovdiray ichkariga yo‘l soldi. Zebi ham boshqa o‘rtoqlariday aravadan o‘zini «tapp!» etib tashlamoqchi bo‘ldi, faqat qamchili yigit kelib yana qo‘lini uzat­di va shu uchun shuncha baland aravadan o‘zini tashlagan eng so‘nggi mehmonning oyoq tovushi hech kimning qulog‘iga qoqilmadi…

Mehmonlar osh-suv taraddilariga yo‘l qo‘ymasdan, sut-qatiq bilan quruq choy ichib, darhol o‘tirgan joylariga uzandilar va aravada urinib kelganlari uchun uzanar-uzanmas uyquga ketdilar.

Aravakash ichkaridan chiqqan ikkita non bilan bir piyola qatiqni ichib oldi-da, otni tashqariga bog‘lab, o‘zi arava ustiga cho‘zildi. Uyqusi qochgan edi… Miyasida umrida birinchi martaba o‘laroq ajib va shirin xayollar aylanardi. Ko‘kdagi oyga qarab yerdagi oyni o‘ylar va boyagiday shirin-shirin kulimsirardi…

Ichkaridagilar ham dong qotdilar. Faqat, oralarida xuddi ko‘chadagi yosh yigitcha singari uyqusi ochilgan, ko‘kragidagi yangi, begona va shirin hislarni anglayolmasdan hayron bo‘lgan birov bor edi. U ham ko‘kdagi oyga qarab yerdagi «toy»ni o‘ylar va yuzlari anorday qizarardi…

Shu topda qishloqning darbadar itlari avjga kel­gan, har tomondan hurishlarini yuksaltirganlar, tor ko‘chaning tugalishidagi soy, hamma uxlab jim bo‘lganda, haybatli ovozini boricha qo‘yib yuborib, och yo‘lbarsday guv-guv bo‘kirardi…