Kecha oxtardim, o‘shal sarvi ravon uchramadi...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kecha oxtardim, o‘shal sarvi ravon uchramadi...
by Hayrat To‘raqo‘rg‘oniy

Kecha oxtardim, o‘shal sarvi ravon uchramadi.
Oshkoro demayin, balki nihon uchramadi.

Ko‘chalarga suv urub qonli yoshim birla, darig‘,.
Bir qadam qo‘ymayin ul sarvi ravon uchramadi.

Telbalardek yurubon har sori ko‘b tentiradim,
Keldi chiqmoqqa yaqin og‘zima jon uchramadi.

Qolmadi sabru qarorim oni hijronida oh,
Mani sargashtag‘a ul sarvi ravon uchramadi.

Dashti furqatda adam bo‘ldi vujudim go‘yo,
Boshima soya solib, rohati jon uchramadi.

Bir ko‘rarg‘a mani zor ayladi, jonon na qilay,
Qasdi o‘ldurmak ekan, bermay amon uchramadi.

Qomati tubiyi jannat, labi chun la’li Yaman,
Orazi sham’i shabistoni jahon uchramadi.

Nargisi mastidin ohuyi Xo‘tan xijlat aro,
Qoshi yo kiprigi chun tiyru sinon uchramadi.

Hayratim oshdiyu har yon yugurib qolmadi tob,
Yana ma’yus bo‘lib yondimu jon uchramadi.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse