Jump to content

Kavlama

From Wikisource
Kavlama
by Furqat
293361KavlamaFurqat

Oshiqi dildodadurman dilbarimni kavlama,
Axgar o‘ldi g‘am o‘tida paykarimni kavlama,
Sayr qildim bahru bar xushku tarimni kavlama,
Ey sabo, g‘amzodadurman, bistarimni kavlama,
Chun shafaq oludaman xokistorimni kavlama!

Charxi kajraftordin behad alomatlar kelur,
Bu sabab ko‘zdin yuza ashki nadomatlar kelur,
Gar yurakni qo‘zg‘asam shirin hikoyatlar kelur,
Har zamone Laylidin menga kitobatlar kelur,
Sanki Majnun bo‘lmasang sardaftarimni kavlama!

G‘amdin ozoda bilur ozodalarni holini,
Yo‘qsa miskin na bilur shahzodalarni holini
Xurdadonlar bilmadilar soddalarni holini,
Xonavayronlar bilur aftodalarni holini.
Eyki mahram bo‘lmasang chashmi tarimni kavlama!

Ishq savdosi tushub boshimg‘a, ahvolim xarob,
Jonim aylar tan aro siymob yanglig‘ iztirob,
Ta’na qilma, zohido, ko‘nglumda g‘amlar behisob,
To kishig‘a dard tegmay bo‘lmadi bagri kabob,
Dilda darding bo‘lmasa dardi sarimni kavlama!

Necha kunlar hamdam o‘zga vahshiyu tayr ayladim,
Bilmadim bu yo‘lda shar’ qildim vayo xayr ayladim
G‘am hujum etti aning-chun maskanim dayr ayladim,
Lomakonni shahrini bir hu bila sayr ayladim,
Jabraili ishqman, bolu parimni kavlama!

Gah o‘zimni suvg‘a urdum, goh o‘tga dam-badam,
Bo‘lmadi davron safosi lahzae boshimg‘a kam,
To shariatni tutub qo‘ydum tariqatga qadam,
Bahri rahmatga kprib qildim vujudimni adam,
Ma’rifatdin bexabarsen, gavharimni kavlama!

Chun qadam qo‘ydung bu yo‘lg‘a bo‘lma bematlab vale,
Faxri zillat bo‘l, talashma g‘urbati mansab vale,
Furqatiy, sargashta bo‘lsang, yig‘lagil har shab vale,
Durri daryoyi maoniy bo‘ldu chun Mashrab vale,
Diyda bino bo‘lmasang ko‘b javharimni kavlama!


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.