Jump to content

Kattaqo‘rg‘on xotiralari (1917)

From Wikisource
Kattaqo‘rg‘on xotiralari (1917)
by Hoji Muin
334445Kattaqo‘rg‘on xotiralari1917Hoji Muin

41nchi raqamli «Hurriyat»da g‘azetani davom qildirmoq uchun noshirlari tarafindan berilg‘on qaror va obuna olmoq to‘g‘risinda manim Katgaqo‘rg‘ong‘a yuborilmoqlig‘im yozilg‘on edi.

Mana, mazkur qarordan bir necha kun o‘tgandan so‘ngra xususiy ishlarimni bitkurib, 20nchi o‘ktabrda Kattaqo‘rg‘ong‘a bormoq uchun yo‘lg‘a chiqdim.

Vag‘unda 2-3 buxoriy va bir eroniy ila yo‘ldosh bo‘ldim. Poyezd jo‘namasdan burun ruscha-musulmoncha turli g‘azetalar sotg‘uvchi bir rusdan bir dona «Ochiq so‘z» g‘azetasini sotib oldim va ba’zi muhimroq o‘rinlarini (yo‘ldoshlarimning iltimoslari bo‘yincha) o‘qub berdim. Shul munosabat bilan eroniy yo‘ldoshimiz ila so‘zg‘a kirishub, urush xabarlarindan va urushg‘uvchi davlatlarning vaziyat va hollarindan xeyli so‘ylashib oldiq.

Eroniy yo‘ldoshimizning zamona ahvolindan xabardor, din va dunyodan xeyli ma’lumotlik zot ekanligi so‘zlarindan bilinur edi. Shuning uchun aning bilan suhbatimiz qizib qoldi, turli boylardan ta’oti afkor etduk. Olami islomning tadannisidan va aning sabablarindan, lekin bu so‘ng yillarda islom olaminda ham bir oz intiboh paydo bo‘lub, ba’zi o‘lkalarda musulmonlar uyg‘ona boshlag‘onlarindan, Misrda shayx Jamoliddin va Muhammad Abduhlar, boshqa o‘lkalarda ham shularg‘a o‘xshash necha ulug‘ mujahhid kishilar, dohiy va faylasuflar chiqib, musulmonlarni uyg‘otmoq uchun qilg‘on g‘ayrat va ijtihodlarini bir-bir so‘ylashib o‘tduk.

Bir vaqt yonimizdaki buxoriy yo‘ldoshlarimizga qarasak, onlar xur-xur uxlab qoliblar.

Kitorimiz ham Kattaqo‘rg‘onga yaqinlashibdir. Narsalarni yig‘ib bo‘lub, vag‘un trizasindan boshimni chiqarib ushbu yil yomg‘ursizlikdan ekin bo‘lmag‘on yerlarga qaramoq ila barobar turli fikrlarg‘a cho‘mub ketdim. Zotan yomg‘ur ko‘b yog‘g‘on yillarda ham Turkistonning ekinlarindan hosil bo‘lg‘on donlar o‘z aholisig‘a zo‘rg‘a yetishur edi. Bu yil yomg‘ursizlikdan ekinlarning barakasi uchub, o‘lkamiz qimmatchilik ustinda qahatchilikga ham duchor bo‘ldi. Bu jihatdan qashshoq va kambag‘allar, beva va bechoralarning tirikchi-ligi nihoyatda og‘irlashdi. Ammo burjuylar, insofsiz savdogarlar bu fursatdan minglarcha-milliyunlarcha istifoda qildilar va qilmoqdalar.

Biz boylarimizning aqcha ko‘payturmoqlarig‘a baxil va hasad qilmaymiz. Yoki dunyo topmakni yomon va mazmum bir ish deb e’tiqod etmaymiz. Balki bizning bu so‘zlarimizdan muddaomiz boylarimizning qashshoqlar hollarig‘a tarahhum etmasliklari va unlarg‘a shafqat va muruvvat ko‘rsatmasliklarini aytib o‘tmakdir. Boy va qashshoq, tabiiy, har o‘lka va har millatda bor. Mutamaddun millatlar orasindan boylari ko‘b bo‘lub, qashshoqlari ozdur. Ammo bizlarning yarim madaniy bo‘lg‘onimiz uchun boylarimizg‘a nisbatan qashshoqlarimiz nihoyatda ko‘bdur. Bizlar bilan madaniy millat orasindan ko‘ngilni achitaturg‘on yana bir ayirma shuki, unlar o‘z qashshoqlarini kichikliqdan boshlab tarbiyat qilalar, o‘qutalar, odam qilalar. Va bu yo‘l bilan o‘z faqirliq tomurini qurutalar, mana shuning uchun madaniy millatlar orasinda faqirlar kundan kun ozaymakdadur va gadoylik kabi manfur odat yo‘q bo‘lmoqtsadur.

Endi bizlar o‘z hollarimizg‘a bir yo‘la qarasak, ko‘ramizki, bizning dinimiz islom faqirlarg‘a boqmoq to‘g‘risindan turli yo‘llar ko‘rsatib buyruqlar qilg‘ondir… Hatto boylarg‘a zakot farz qilg‘onlig‘ining falsafa va hikmatlarindan birisi, faqir va miskinlarg‘a muruvvat etmakdir.

Mana men ushbu fikr dengizinda cho‘mmoqda edimki, qitorimiz Kattaqo‘rg‘on mavqe’ig‘a yetishib qoddi. Yo‘ldoshlarim bilan xayrlashib vag‘undan tushdim, Kattaqo‘rg‘ondagi yoshlardan qadrlik do‘stim Mahbubxon afandining manzillarig‘a bordim.

Kattaqo‘rg‘on ahvolindan ma’lumot olmog‘im to‘g‘risinda menga rahbarlik etg‘uvchi muhtaram Mahbubxon afandi bo‘lg‘onlari uchun eng avval bu zotni «Hurriyat» o‘quvchilarig‘a ozgina tanitib o‘tmoqchi bo‘laman:

Mahbubxon afandi Kattaqo‘rg‘on ulug‘zoda va boybachchalarindan ochiq fikrlik bir zotdir. Men mundan ilgari (11nchi yil noyabr oyindan 14nchi yilning sentabrigacha) taqriban uch yil Kattaqo‘rg‘on russkiy-tuzemniy maktabinda muallimlik qilg‘onim vaqtlarda ham doim bu kishi bilan suhbatdosh bo‘lub turg‘on edim.

Yana bukun mazkur afandi bilan ko‘rushmakni Xudo nasib qilg‘on ekan. Hovlilarig‘a borib ko‘rishduk. Ahvol so‘rashib va bir-ikki piyola choy ichishib bo‘lg‘ondan so‘ng bu yerda na maqsad bilan kelganlig‘imni anglatdim. Bu munosabat bilan Kattaqo‘rg‘onning «Hurriyat»dan keyin kechirgan hollarindan va hozirgi holindan ma’lumot olmoq orzusinda bo‘lg‘onimni ham biddirdum.

Mahbubxon afandi Kattaqo‘rg‘onning turli ahvolindan xeyli ma’lumot berdilar. So‘zlarindan anglashiladurki, inqilobdan so‘ngra Turkiston o‘lkasining hamma yerinda bo‘lg‘on o‘zgarishlar bu yerda ham bo‘lub o‘tibdurki, bu tabdilotning siyosiy, madaniy va diniy jihatlarindan biz musulmonlarning lozimincha istifoda qilurg‘a iste’dodsizlig‘imiz va harakatsizlig‘imiz ko‘rinub turubdur. Bu inqilobdan keyin Rusiyadagi turli millatlardan ko‘bisi o‘zlarining iste’dod va hozirliqlarig‘a ish ko‘rdilar va ko‘rmakdadurlar.

Madaniy hozirliqlari mukammalroq bo‘lg‘on millatlar (finlar va ukrainlar kabi) Rusiya inqilobindan keyin o‘zlarig‘a oid ishlarni o‘z qo‘llarig‘a olmoq harakatinda bo‘ldilar va o‘z maqsadlarig‘a ham yetisha boshladilar. Modomiki, bizlarning madaniy hozirlig‘imiz yo‘q edi, ya’ni ushbu zamong‘a yarayturg‘on bilgi va ongimiz yo‘q edi, hurriyat ne’matlarindan keragincha istifoda qilolmay turamiz.

Sakkizinchi sentabrda Kattaqo‘rg‘onda shahar dumasining saylovi bo‘lub o‘gubdur. Bu saylovda ulamo, boylar va yoshlar muttafiqan bir ro‘yxat tuzganlari sababli saylov g‘avg‘osiz o‘tubdur. Ammo bu saylovda xotunlarning ishtirokig‘a ijozat berilmabdur. Holbuki, xotunlar ham inson bolalari edi, ularning ham bu saylovg‘a ishtirok etmoqg‘a haqlari bor edi. Shahar dumasi ochilgondan keyin g‘lasniylar polkovnik Royes janoblarin shahar raislikig‘a o‘tkaribdirlarki, bu ishlari nihoyatda munosib va o‘runli bo‘lub tushubdir. Chunki polkovnik Royes taqriban o‘n yildan beri Kattaqo‘rg‘onda hokim bo‘lub, bu orada aholig‘a yaxshi muomalasi bilan o‘zini sevdirgan aqllik va tadbirlik to‘g‘ri bir kishidir.

Men uch yil Kattaqo‘rgonda turg‘on vaqtimda ham biron kishining mundan shikoyat qilg‘onini eshitmagan edim. Surushdirub anglag‘onimizga ko‘ra, bu hokimning xalq qoshinda bu darajada maqbuliyat kasb etg‘onligining sababi va hokimning fazilatlarindan ba’zisi shu ekan:

Polkovnik Royes janoblari hech bir to‘g‘rida hech kimdan rishvat olmas ekan. Doim boy va qashshoqni bir ko‘rib, birovning rioyai xotiri uchun boshqa birovg‘a zulm va jabr qilmas ekanlar. Missiyunerlik fikri va harakatida bo‘lmas ekan.

Voqean, bir kishi zolim va mustabid Niqolay zamoninda shuncha yaxshi sifatli bo‘lg‘on esa uning xidmatlarini taqdir etmaslik va unga qadrshinoslik yuzindan mukofot bermaslik insoniyat sifatlarindan bo‘lmasa kerak.

Men 6 yil burun Kattaqo‘rg‘onga muallim bo‘lib borg‘onimda boshlab shul hokimning qoshig‘a kirgan edim.

Hokim menim kimlig‘imni, nima uchun kelganlig‘imni so‘rab javobni olg‘ondan so‘ng shu mazmunda nasihat va ta’limot berganlig‘i hanuz esimda bor: «Eshitamanki, Samarqandda mullo Abduqodir degan bir muallim usuli jadid maktabi ochib bolalarni yaxshi o‘qutmoqda ekan. Siz ham o‘shal muallim kabi bolalarni yaxshi o‘qutingiz. Bolalarg‘a shunday muomala qilingizki, ular ham sizdan qo‘rqsunlar va ham sizni sevsunlar».

Men umrimda bir rus og‘zindan munday to‘g‘ri va xayrixohona so‘zlarni birinchi daf’a eshitganim sababli nihoyatda shodlang‘on va ruhlang‘on edim.

Kattaqo‘rg‘onda ilgari totor qardoshlarimizning muntazam bir maktablari bor ediki, bu maktab hozirda ham davom qilmoqda ekan.

Kattaqo‘rg‘onda yerli aholi uchun hanuz yangi bir maktab ochilmag‘onlig‘i sababli ba’zi kishilar o‘z bolalarini mazkur totor maktabig‘a eltib qo‘ymoqda ekanlar.

Inqilobdan keyin bu yerda ulamoyu ag‘niyo va yoshlar tarafindan «Ravnaq ul-islom» isminda bir jamiyat ochilg‘on bo‘lsa ham, bu katta jamiyatning ulug‘ himmati kichkina bir «qiroatxona» ochmoq bilan tamom bo‘lg‘ong‘a o‘xshaydur. «Qiroatxona»sini ham borib ko‘rdum. 60—70 qadar musulmoniy, mundan ortuqroq ruscha turli risola va ki-toblari va 10-15 turli musulmoniy va rusiy majmualari bor ekan. Ammo bu narsalarni o‘qiyaturg‘on kishi yo‘q deyarlik darajada oz ko‘rinadir. Sababi bo‘lsa…ma’lum…

Samarqandda katta bir shaharning qiroatxonai islo-miyasi o‘n yildan beri davom etib o‘zining kundalik mutolaachisini hanuz o‘n nafarg‘a yetkura olmag‘onda Kattaqo‘rg‘on qiroatxonasi o‘z mutolaachilarini nechuk ko‘paytirsun?

Barchag‘a ma’lumkim, bizning xalq aksariyat ilmsiz bo‘lib, ilmlilari orasinda bo‘lsa fikri ochilg‘oni yuzda bir nisbatda ozdir. Muning ustinda, ba’zi yoshlar ham o‘zlari uchun xususiy g‘azeta va kitoblar tadorik etib qiroat-xonag‘a u qadar ehtiyojlari yo‘qdur. Endi bu holda qiroat-xona uchun mutolaachilar qayerdan kelur?

Mana shuning uchun kerakkim, har yerda qiroatxonadan burun maktablar ochilsun, fikri ochiq mutolaachilar yetishdurulsun. Undan keyin tabiiy qiroatxona ochmoqg‘a ehtiyoj tushar.

Agarda bizning «Marvaj ul-islom» va «Ravnaq ul-is-lom» ismli jamiyatlarimizning chin maqsadlari islomg‘a rivoj va ravnaq bermak va musulmonlarni taraqqiy etdurmak bo‘lsa, boshlab muntazam maktablar ochsunlar, so‘ngra eski madrasalardan foydasiz hoshiyalarni chiqarib, alarning o‘rnida keraklik ilm va fanlarni kirguzsunlar va bu yo‘l bilan musulmonlarni maorifdan bahrai ob etib, jaholatdan qutqarsunlar. Shul holda dini mubini islom rivoj va ravnaq topar. Musulmonlar ham, shaksiz, ikki dunyoda mas’ud bo‘lalar. Yo‘qsa, jamiyatlarimizning yolg‘uz tumtaroqli ismlar taqib yurmaklari avom orasinda ko‘z bo‘yovdan iborat bo‘lib, bechora musulmonlarni ikki jahon ovvorasi qilmoqdan boshqa foydasi bo‘lmasa kerak.

Shu haqiqat ham ma’lumdirkim, dunyoda ilmsiz hech bir millatning, ilmsiz hech bir dinning taraqqiy va rivoj topganligini tarix ko‘rsatmaydir.

«Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 29 dekabr


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"