Katta yo’l bo’yida uchragan yaproq uchun

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Katta yo’l bo’yida uchragan yaproq uchun  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon

1

Yaproq, yaproq…putoqlarda
Qaltirag’an varam yaproq.
Yuzlaringni so’ng choqlarda
Bugun bosib ketgan tuproq.

Ot o’tganu chang chiqargan,
Changlar kelib senga qo’ng’an.
Qo’ng’an changlar qola berg’an,
Shular bilan ranging o’nggan…

Yana har kun yo’ldan o’tgan
Har oyoqdan chang qo’zg’alar,
Keng ko’chadan ko’tarilgan
Har bir zarra senda qolar…

Sening ko’m-ko’k toza yuzing
Ko’zga taqir ko’rinmaydir.
Shaftolimi, olxirotmi,
Ko’ksultonmi – kimsan o’zing?
Tiriklikdan nishon bormi?
Nega sira bilinmaydir?

2

Seni siypab, erkalatib,
Asta-sekin ko’kartirgan
Go’zal ko’klam o’tib ketdi!
Hozir yozning eng yetilgan
Qirchillama vaqti yetdi.
Sen yotasan changga botib…

Erta-indin qovog’ini
Burishtirib kuz ham kelsa,
To’plab idish – oyog’ini
Sekin-sekin yoz ham jilsa.

Chang ostida sarg’ayasan
Bir pirpirab yerga tushib,
Kechalarni to’ng’ib, ushib,
Oxir yerga yem bo’lasan.

3

Aynib berib havo agar
Hozir yomg’ir yog’sa edi.
Betingdagi sariq changlar
Loyqalanib oqsa edi.

Yozning alvon ko’ylagiga
To’yib-to’yib qarar eding,
Bir gulman-ku men ham unga
Deb maqtanib yon-beringga
Bir ozgina yayrar eding…

4

– Sevinchi ber!
ko’k yalangga
Qora bulut chodir qurdi.
Yuzingdagi qalin changga
Tomchi-tomchi nam yugurdi!

Oq tomchilar tasbih yangliq
Cho’zulushib chizildilar.
Seni ezgan tuproqlar ham
– Ko’kdan tushgan to’qmoq bilan –
Xo’p yanchilishib ezildilar!

Chang ostidan chiqmoq bilan
Silkinishib bir jonlilik
Ko’rsatarlar tengrangdagi
Alamzada yaproqlar ham!
Shudir yozning asli ranggi!..

Toshkent, 1924 yil, 25 may

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse