Katta to‘yga tayyorlanaylik
(O‘rtoq Lohutiy dokladidan)
Hozir mavsumning o‘zi ham odamni tinch qo‘ymaydi. Tala uzoq uyqudan uyg‘onib serharakat qo‘llarning zarbi ostida tushdi. Qor erigani kecha edi, bugunoq uning erigan yerlarida chumoli uyasi qo‘zg‘alg‘an singari harakat ish…
Hali ko‘klamning boshi; yoz oldinda, kuz oldinda, kuz o‘tib qish yaqinlashg‘anda haligi harakatning samarasi ko‘rulajak. Shu tobda ekilgan ekinlar unum berajak!
“Qizil O‘zbekiston” gazetasi qlub-da, ochiq terazalardan kirib turgan yumshoq shamolga qo‘shulib, yam-yashil yaproqlarning chappagi ostida gapirgan Lohutiy o‘rtoq… tag‘in o‘ttiz oydan so‘ng kelaturg‘an bayramga hozirdan tayyorlanish kerakligini aytganda, xuddi shu ko‘klam serharakatligidan o‘rnak ham olgan kabi edi. U shamolday mayin ovozi bilan shu to‘g‘rida bir soatga yaqin so‘zlagan vaqtida ko‘ksida bo‘lshevik ko‘klamining raqqosi o‘ynardi. Uning so‘zidagi samimiylik shundan emasmi, axir?
Bir oz kechikib kelgan bo‘lsalar-da, chaqirilg‘anlar to‘la keldilar va majlisning boshlanishida keng zalda bo‘sh kursi qolmadi. Hamma bu katta Sharq shoiri, kommunist-bolshevik shoirning so‘zini maza qilib tingladi, chunki u yaxshi misollar, chiroylik o‘xshatishlar, kuchli faktlar, ishontiruchi dalillar bilan so‘zladi. U oktabr inqilobining tug‘ulishini so‘zlarkan – yosh bola, o‘ziga xos bolalik kamchilik ila tug‘uladi. O‘sib, katta odam bo‘lganidan keyin orqasig‘a qaraydi va uzun umrining har bir mazgilida bir yoki bir necha bolalik kamchiligini ko‘radi, deydi. So‘ngra bu masala yigirmaga kirayotgan inqilobg‘a bog‘lab turib deydi: “bizning oktabr esa, katta bir odamday mukammal tug‘uldi; uning bolalik kamchiligi bo‘lmadi. Partiya va hukumat, uni keyin ham har qanday kamchiliklardan saqlab keldilar”. Bu so‘z, bu o‘xshatishlar shoirning og‘zidan chiqadi: Lohutiy – katta shoir.
Kuzda olinaturg‘an unum uchun bugun (balki kecha) bel bog‘lab tushgan bo‘lsak, nima uchun o‘ttiz oydan so‘ng kelaturg‘an to‘y uchun halitdan taraddi qilmayliq. To‘y – katta to‘y, bizning butun orzu havasimiz unga bog‘liq, demak biz o‘zimizning u kuchli orzu-havaslarimiz uchun hozirdan jon kuydursak, bundan yaxshi va bundan tabiiy nima bor?
Lohutiy Maskov poyezdidan tushib hali avtoo‘mo‘bilga o‘ltirmasdan dedi: “O‘zbekiston oldingi jumhuriyatlardan: u shunga yarasha berishi kerak!” Bu kungi so‘zlarida, Lohutiy, O‘zbekistonning nimalar berishi kerakligini bitta-bitta sanab berdi. Bu bera turg‘anlar juda ko‘p: yozuvchilar, shoirlar, cholg‘uchilar, rassomlar, aktyorlar, olimlar, muallimlar, tarixchilar, do‘qtorlar, feldsherlar, agronomlar, injenerlar va g‘ayri va g‘ayrilar…
Lohutiydan so‘ng so‘zlaganlar Lohutiy so‘zlarini tasdiq qilish bilangina qolmasdan uni har qaysisi o‘zicha to‘ldurdi. Majlis tugaganida hammaning miyasida bir fikr aylanadi: “Mendan talab qiling‘ani hammadan zo‘r va og‘ir. Yigirma yillik tarixning shtobi! Yordamlash mengaki, men o‘z uhdamga tushgan vazifani bajaray?”
Cho‘lpon
“Qizil O‘zbekiston” 1935-yil 29-aprel.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|