Katta kamchiligimiz

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Katta kamchiligimiz  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon
«Farg‘ona» gazetasining 1924 yil 31 iyul sonida «Cho‘lpon» imzosi bilan bosilgan.

Yaqindag‘ina o‘zbek qizil matbuotining 6 yilligini qilib o‘tkazdik. Gazetalarimizning har biri 6 yillik matbuot to‘g‘risida tafsillik hisoblar bosdilar. U hisoblardan bildikkim, matbuotimizning ro‘znoma – kundalik qismi, chindan ham, jiddiy qadamlar bilan ilgarilagan, 2 muzofot va bir markaz gazetalari bilan Buxoro jumhuriyatining bir markaz gazetasi to‘qtamasdan davom etib keladurlar. Ularning hollari qanday yoruq bo‘lsa, istiqbollari undan ham yorug‘roqdur. Buni ularning kundan-kun ilgari bosishlari bilan isbot qilamiz. Demak, so‘zni qisqa qilib aytganda: o‘zbek qizil matbuotining kundalik qismi poydevorini yaxshi shibbalab olib, mustahkam binosini kundan-kun kengaytirib, o‘sdirib boradur.
Biz yuqoridag‘i ahvolg‘a qancha sevinsak, matbuotimizning katta bir kamchiligini ko‘rmak bilan shuncha qayg‘irmoqqa majbur bo‘lamiz. 6 yildan beri to‘latilmag‘an u kamchilik haftalik va oylik matbuotimizning qizg‘anch holidur. Bir vaqtlar Mao­rif xalq kamisarligi oldida tatar yozg‘uchilari tomonidan juda tor doirada chiqarilib kelgan «Maorif» jurnali g‘olibo 2 sondan ortmadi. Undan so‘ng Milliy ishlar xalq kamisarligi yonida «Sharq» jurnali chiqsa ham, uning biz bilan qilcha ham aloqasi yo‘q edi. «Tong» jurnali chindan bizniki edi; lokin u ham 3-sondan ortmadi.
Bizda eng ko‘p davom etgan jurnal «Inqilob» bo‘lubdur. U bilan birga chiqqan «Bilim o‘chog‘i» u bilan tenglasha olmadi. Hozirda «Inqilob» ham yo‘q, «Bilim o‘chog‘i» ham. «O‘zgarishchi yoshlar» jurnali bor. Bu jurnal yoshlarning eng jiddiy va umudlik jurnallari. Faqat u yoshlarning jurnalidur. Uning o‘ziga yarasha doirasi, chizig‘i bor. Kattalarimiz uchun ham shunday bir jurnal to‘qtatmay davom etib ketsa, bizning istagimiz qong‘an bo‘lur edi.
Yaqinda «Inqilob» idorasidan bir da’vat xati olg‘an edim. Mazkur da’vatda «Uzoq vaqt to‘qtab yotqan jurnalning yana chiqa boshlag‘ani, so‘ng sonining matbaaga berilishga hozirlangani, moddiy jihat tamom ta’min etilgani, endi to‘qtamay, muntazam olib borish mumkin bo‘lg‘ani» bayon etilgach, «qalam bilan muovanatga da’vat qilg‘an» edim. Da’vatga ijobat qildik, va’da ham berdik, birmuncha sevindik ham.
Lekin… oradan yarim yilcha vaqt o‘tdi, «Inqilob»ning so‘ng soni hali maydonda yo‘q. Yaqinda Toshkantga borg‘animda so‘rag‘an edim, «Bosilib bitkan, matbaa haqini berib olishga Maorif kamisarligining puli yo‘q», – dedilar. Shu «puli yo‘qliq» ham 2 – 3 oydan beri davom etar ekan…
Bizning Maorif kamisarligimizga ishonib bir ishga kirishishning o‘zi xato. Bu daf’alar bilan tajribadan o‘tkan. Bu xil narsalar uchun unda pul bo‘lmaydur.
«Kolizey» tiyotrining eski pul bilan 4 trilio‘n qarzini to‘lashga, Yangi Toshkantning ishchilar yo‘q rayonida tarixiy raqs (tansa) maktablari ochishka, uning prog‘ramini kengaytirishga pul topilg‘ani bilan, tubjoy xalq matbuoti va tiyot­ri uchun pul topilmaydur. Tajribada ko‘rulgan shu achchig‘ haqiqatga tan berib bir jiddiy jurnal chiqarish uchun bosh­qa insofi borroq joylardan mablag‘ qidirib topsak-da, shu zo‘r kamchiligimizni ham bartaraf qilsak.
6 yillik bayramning katta bir mevasi, samarasi shu bo‘lsa!

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse