Kaptar
Ey dengizning suvlaridan qudrat olgan botir qiz,
Kel, mundagi tutqun qizga yolboraylik ikkimiz!
Sen suvlarning ko‘pigidan oq chechaklar terganda,
Sen qilichdan ilhom olib kun chiqishda yurganda
Sening bilan birga chopgan, birga uchgan onalar
Nima uchun bu tutqunlik olovida yonalar?
Sen kunduzlar qizg‘in quyosh yog‘dusida yonarkan,
Tong otganda tanlaringdan dengiz suvi tomarkan,
Keng dalada qushlar kabi qanot qoqqan onalar
Nega yolg‘iz og‘ularga – zaharlarga qonalar?
Sen erkaklar kiyimida zo‘r qal’alar ochganda,
Otlaringning changlarini Sind bo‘yiga sochganda,
Yo‘llaringda qon dengizi ko‘pirganda, toshganda
Sening kabi istagiga ega bo‘lgan onalar
Nega bukun turmushdagi har tilakdan tonalar?
Sen Misrda go‘zal Nilning uyqusini buzmasdan,
Nimagadir hovliqmasdan, quturmasdan, qizmasdan,
Yo‘lingdagi jonsiz yotgan cho‘plarni-da ezmasdan
Qari kohin ma’badiga yurganingda sezmasdan
Kechalarning sirlarini… to‘lib yotgan onalar
Nima uchun tongga qadar qon-yosh to‘kib qolalar?
«Men dunyoda xotin bo‘lib yaratilgan edim-da,
Eng qahramon erkaklardek mo‘jizalar ko‘rsatdim!» –
Deb yozdirgan so‘zlaringni Bo‘zqirlarda ko‘rdim-da,
Tutqun bo‘lgan onalarni qutqarmoqqa ahd etdim!
Bu ahdimga yetmoq uchun sendan kutaman:
Kel, bu yo‘lda ko‘maklashsang, har to‘siqni o‘taman!
Ey dengizning tublariga qochib kirgan kaptar qiz,
Kel, mundagi onalarni uyg‘otaylik ikkimiz!..
Toshkent. 1922, 21–avgust
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|