Jur’akashda yo‘q tiriklik bodai gulfomsiz...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Jur’akashda yo‘q tiriklik bodai gulfomsiz...
by Nodir-Uzlat

Jur’akashda yo‘q tiriklik bodai gulfomsiz,
Lablaring hijronida ko‘ngul erur oromsiz.

Oy yuzung zulfung qarong‘usi aro topmish ziyo,
Vasl ermas hajrsiz, ham subh ermas shomsiz.

Ey ko‘ngul, xolida zulfi qaydidin ayla hazar,
Sahni olam mazraida dona yo‘qtur domsiz.

To jafo chekmay qachon koming etar shirin murod,
Meva topmas shahd naxli shoxi uzra xomsiz.

Boda qancha talxdur, kayfiyati bo‘lg‘ay baland,
Xush ko‘runmas ishq eliga la’lidin dashnomsiz.

Husnni sultonisan, mehringni sol ushshoqg‘a,
Shoh yo‘q, faqr ahlig‘a bo‘lsa agar in’omsiz.

Vasl izla, ayla, Nodir, dardi hijronig‘a sabr,
Etmagay matlabga hech kim mehnati ayyomsiz.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse