Junun iqlimida mehnat fazolar bor ekan mundog...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Junun iqlimida mehnat fazolar bor ekan mundog...
by Akmal Piskandiy

Junun iqlimida mehnat fazolar bor ekan mundog‘,
Guli ayshim hazon etgan sabolar bor ekan mundog‘,
Boshimg‘a charx javridan jafolar bor ekan mundog‘,
Ko‘ngilga hajr dardidin balolar bor ekan mundog‘,
Falakning gardishidin osiyolar bor ekan mundog‘.

Dami chun gulxan o‘tig‘a kabob aylab mani mahzun,
Gahi g‘am vodisin javlon urub monandiyi majnun,
Gohi Vomiq kabi ko‘zdin to‘kub yuz Dajlau Jayhun,
Sirishkimdan jahon to‘fonig‘a ketdi urub gardun,
Ko‘ngilga hajr dardidan davolar bor ekan mundog‘.

Ketib ko‘zdin mahim ketdi ko‘nguldin sabr oromim,
Nasibi hech nokas bo‘lmasun yorab mani shomim,
Malomat hayli toroj ayladi nahdi saranjomim,
Ichurdi oqibat zahri firoq ul sho‘x xudkomim,
Muhabbat xonida rangan g‘izolar bor ekan mundog‘.

Asir aylab mani hajr ilkida bechoralar qilding,
Taimni tiyr boroni balodin yoralar qilding,
Ko‘ngil miynasini g‘am toshi birla poralar qilding,
So‘rog‘ingda meni bochorani bechoralar qilding,
Jamoling shomida subhu sabolar bor ekan mundog‘.

Bu olam ichra yo rab man kabi hajr o‘rtagan bormu,
Ki qadri vasl bilmay furqat o‘tig‘a yonon bormu,
Bo‘lub shomi firoqida maningdek bevatan bormu,
Aningdek benavoliq bobida bedodu fan bormu,
Vafo begonaga qalb oshnolar bor ekan mundog‘.

Sanga sovuq so‘z aytib g‘uncha surat hech ochilmam,
Na deb g‘am kirpiki birlan tilimni ming tilim qilmam,
Deb erding, to tirikman bir nafas ham sendin ayrilmam,
Ko‘zumdin onchunon ketding qayong‘a borganing bilmam,
Xilofi ahd etarg‘a bevafolar bor ekan mundog‘.

O‘shal soatki, xurshidi jamolingdin judo bo‘ldim,
G‘ubori kuyi hasrat, zarrai dashti fano bo‘ldim,
O‘shal dam sham’i mahfildek kuyub yonib ado bo‘ldim,
Visolingg‘a ishonib firqatinga mubtalo bo‘ldim,
Judolik maxzanida muddaolar bor ekan mundog‘.

Nalar tushdi manga sandin, ayo ey dilbari xo‘bon,
Nishotim g‘am, sharobim sam nadmim hasrati xirmon,
Bag‘irlar qon, jigar biryonu ko‘ngul zoru sargardon,
Tanim bejonu dil hayronu ko‘z giryonu til nolon,
Muhabbat bog‘ida bulbul navolar bor ekan mundog‘.

Tilismi hasrati didoringa to diyda mahv o‘ldi,
Muhiti a’zami ashkim spehr uzra ravon bo‘ldi,
Sharobi vasl ichmay g‘ussai paymonalar to‘ldi,
Samimi jon gudozi hajridin rahmim guli so‘ldi,
Firoqing dashtida obi havolar bor ekan mundog‘.

Junun dashtida Majnundek kezib bepousar bo‘ldim,
Qozib g‘am tog‘ini Farhoddek zeri zabar bo‘ldim,
Jafo maydonida g‘am razmiga ko‘ksi sipar bo‘ldim,
G‘amim pomol boshim mujagi tig‘i xatar bo‘ldim,
Bag‘ir qonim to‘karg‘a karbalolar bor ekan mundog‘.

Darig‘o, bo‘lmadi maqbul sulton arzi hojotim,
Qarini fayzi rohat arsai subhu munojotim,
Yuz oyindin asar gul qilmadi gulzori da’votim,
Salomat daftaridin mahv bo‘ldi benishon otim,
Ijobatdin yiroq tushgan duolar bor ekan mundog‘.

Visoling qoshidin payg‘omin izlab bo‘ldi shod Akmal,
Spehr ayvonidin o‘tdi ba rangi barqi bod Akmal,
Beliga bog‘lab ehromi talab hoji nihod Akmal,
Tavofi xonai maqsud etib topdi murod Akmal,
Muhabbat vodiysida rahnomalar bor ekan mundog‘.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse