Juda foydalik kitoblar

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Juda foydalik kitoblar  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Hozirgi zamonda bizga eng keraklik kitoblar: boshlab maktab kitoblari (darsliklar)dur. Xalqimizda bilimga rag‘bat ortib, yangi maktablar ko‘paygan sari maktab kitoblariga juda zo‘r ehtiyoj seziladur. U ehtiyojni daf qilish yo‘lida bizning Turkiston davlat nashriyoti (hozir: O‘rta Osiyo davlat nashriyoti!), gapning to‘g‘risi, juda oz ishladi. Xunuk va yanglish bosilishda bir-biri bilan poyga qo‘yushaturg‘an bir necha darsliklar dardimizga hech shifo bo‘lolmaydur.

Eng zarur ehtiyojimizni to‘ldurush, ya’ni darsliklar tayyorlashda muncha sust ketkan davlat nashriyoti, ikkinchi bir extiyojimizni to‘ldurushda ham bu choqqacha durustgina bir narsa ishlay olg‘ani yo‘q. Ikkinchi ehtiyojimiz deganim – xalq, ayniqsa, qishloq xalqi uchun keraklik narsalardan oson til bilan gapuraturg‘an yengil, kichkina risolachalarga bo‘lg‘an ehtiyojlarimizdur. Mana buning ahamiyati ham, umumiy xalqning maktab va kitob kabi narsalardan yiroq turg‘ani ko‘zda tutilg‘anda, avvalgi ehtiyojdan uncha ham keyin qolmaydur.

Yaqinda boshqarmamizg‘a 7 ta mayda risolacha keldi. U risolachalar “Turkiston siyosiy ong-bilim tarqatish qo‘mitasi”ning harakati bilan Turkiston davlat nashriyoti tomonidan bostirilg‘an xalq uchun eng kerak va zarur narsalardan sodda va oson o‘zbek tili bilan gapiraturg‘an u kitoblar “qishloq adabiyoti”ning 21-, 22-, 23-, 24-, 25-, 26- va 28-bo‘laklaridan iboratdur.

Bu raqamlardan ko‘rinadurkim, bu xil asarlarning bosilg‘an va bosilmag‘an yana birmuncha juz’lari bor. Biz qilg‘an juz’larining ham tezroq bosilib chiqishini umid qilmoq bilan birga u 7 risolachaning ismlarini quyida ko‘rsatib o‘tamiz:

1 – Otlarda qichitma kasali (Dezdirov asari).

2 – Ipak qurtlarini qanday boqish kerak (Sokolskiy asari).

3 – Echki (Esgibinov asari).

4 – Uy hayvonlarida yuqumliq kasallar (Arxipov asari).

5 – Sabza va mevalardan foydalanish yo‘llari (Eshteynberg asari).

6 – Sutlik sigirni tanlash (Kalontar asari).

7 – Turkistonda boqchachilik ishida qisqacha qo‘llanma (rahbarlik) (Bazarkin asari).

Tarjuma qilg‘uchilarning ismlari yozilmag‘an. Risolachalar kichkina hajmda, ko‘proq 20 – 25 betlik bo‘lub, oralarida 72 va 127 betliklari ham bor.

Bu risolachalar to‘g‘risida umumiy bir mulohaza yozishni boshqa vaqtg‘a qoldirib, hozir butun “Qo‘shchi” soyuzlari, batrak seksiyalari, siyosiy maorif idoralari, qishloq ijroqo‘mlari va, ayniqsa, qishloqlardag‘i qizil choyxonalarga u asarlarni tezroq oldirib, xalqqa baland ovoz bilan har qayerda o‘qub, tushunturub bermaklarini tavsiya qilarmiz.

Q.

“Farg‘ona” gazetasi,

1924-yil, 3-may.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse