Jump to content

Joylardag‘i mablag‘lar

From Wikisource
Joylardag‘i mablag‘lar (1922)
by Abdulhamid Choʻlpon
334297Joylardag‘i mablag‘lar1922Abdulhamid Choʻlpon

So‘ngg‘i bir-ikki yil orasida hukumatimizning yurguzib kelgan siyosati hammamizga ma’lum. Shu bir-ikki yil ichida eng ko‘b ahamiyat berilgan narsa xo‘jalik va moliya ishlari bo‘ldi. Yangi iqtisod siyosati nomi bilan yurguzilgan va mamlakatni buzg‘unlikdan qutultirish maqsadiga taqalg‘an bu siyo­sat juda zo‘r g‘ayrat va matonat bilan o‘tkazildi. Bu yo‘lda do‘st va dushmanning hech bir gap-so‘ziga qaralmadi. Natijada mamlakatning kundan-kun tuzalib, obod bo‘lub borganlig‘ini ko‘rub turamiz. Har kun degunday ko‘b vaqtlardan beri ishdan to‘qtab turg‘an bir zavud yo bir fabrikaning ochilib, ishka bosh­lag‘anlig‘i xabar beriladir. Ayniqsa, moliya siyosati, ya’ni pul-mol ishlari o‘tkur va intizomli bir doiraga olmoqda, bu yo‘lda ahvol va vaziyatni tubdan mahkamlayturg‘an har bir chora va tadbir ko‘rulmakdadir.
Mamlakatning umumiy obodonlig‘i uchun tutulg‘an bu siyo­sat, albatta, hayotimizning ko‘b tomonlarig‘a turg‘unlik va sustlik ham keltirmakdadir. Ayniqsa, maorif ishlari bu siyosat orqasida juda qiyin bir kunga qoldi. Buni sho‘rolar maorifining otasi bo‘lg‘an o‘rtoq Lunacharskiy ham markaz gazetalarida «maorif ishlari tahlikada» degan ta’birlar bilan bir necha martaba e’lon qildi. Maorif ishlariga burung‘iday «ola ber, qila ber» usuli bilan hadsiz-hisobsiz pul sochish yo‘q bo‘lub, unlar uchun ham juda siqib-tortib mab­lag‘ (sredstvo) berila boshlag‘andan keyin, tabiiy, bunday turg‘unliq va susayishlik bo‘lmasdan mumkin ham emas edi.
Ichkari Rusiyada madaniyat va maorif ishlariga yuz yillardan beri kuyikib kelgan bir yerda bu turg‘unliq va sustlikni yo‘q qilish choralari ham topildi. U yerda yangilik va eskilik fikrlaridan ori bo‘lung‘an xalq o‘z bolasi uchun kerak bo‘lg‘an bilim va hunarlarni o‘zi topib, o‘zi olib bormoqdadir.
Endi bizning Turkistonga kelsak, ish butun boshqa: bunda davlat ta’minoti doirasiga kirgan bilim muassasalari (masalan, internatlar) ham o‘qug‘uchi bola yo‘qlig‘idan turg‘unliq kechirib turadilar. Davlat ta’minotidan chiqqan bilim muassasalari bo‘lsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlarini quliplash majbu­riyatida qoladirlar. Masalan: Eski Toshkentda bir necha yildan beri davom etgan markaz rasm maktabi davlat ta’minotidan chiqarilg‘anlig‘i orqasida bir kun yopilib qolg‘an. Uning shogirdlaridan birisi menga yo‘luqub: «Gazeta va jurnallar uchun kerak bo‘laturg‘an rasmlar va hajviy suratlarni maktab talabalariga berilsa ekan», – deb iltimos qilib o‘tdi. Davlat tomonidan yetkulik ta’min etilmayturg‘an milliy musiqiy maktabi ham yopilar chog‘da «hamiyat va g‘ayrat qo‘zg‘ataturg‘an ziyo­fat» yasash orqasida hali hozirg‘a o‘z borlig‘ini saqlab qoldi. Bu markazda!
Endi o‘lkaning boshqa shaharlariga kelsak, unda ahvol yana ham og‘irdir. Samarqanddagi birdan-bir o‘zbek bilim yurti joydag‘i mablag‘ (mestnoye sredstvo) ta’minotiga o‘tkazilgan. Shu munosabat bilan ul bilim yurtining ham yopilar-yopilmas bir holg‘a kelganligi ko‘ruladir.
Albatta, hukumat boya aytgan yangi siyosat orqasida ko‘b bilim muassasalarini o‘z ta’minotidan chiqarsa ham, ularni butkul ko‘chaga irg‘itib tashlagani yo‘q. Balki har joyning o‘zidagi biror iqtisod muassasasiga bog‘lab, shuning bilan joylardagi mablag‘lar ta’minotiga o‘tkardi. Faqat ishning og‘ir va qiyin jihati shundadirkim, mahalliy mablag‘lar deyilgan pul-mol manbalari (iqtisod sho‘rolari, kommuna shu’balari, vaqf idoralari)ning ishlari juda buzuq, chatoq va chuvalgandir. U muassasalar bo‘yunlarig‘a qo‘yulg‘an bilim muassasalariga yordam bermak bir tomonda tursun, o‘zlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilaturg‘an ishlarini ham to‘g‘rilab yubora olmaydirlar. Shuning uchun bizga achchiq ko‘rungan bir narsa bor: hali o‘z ishlarini kerak qadar gullata olmayturg‘an joylardag‘i mablag‘ muassasalariga ishonib maorif ishlarini o‘zlariga topshirish yerlik xalq maorifini so‘ng daraja og‘ir bir holg‘a keltirish demakdir. Turkiston jumhuriyatining markaziy idoralari bu ulug‘ muassasalarni tushunub, bir tarafdan, yerlik xalq bilim muassasalarining ta’minoti uchun naqadarroq va hozirroq manbalar topishlari, ikkinchi tomondan, haligi mahalliy mablag‘ manbalarini eng yaxshi yo‘lg‘a qo‘ymoq uchun jiddiy choralar ko‘rishlari tegishdir.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"