Jump to content

Jasorat — ayb emas

From Wikisource
Jasorat — ayb emas (1922)
by Abdulla Qodiriy
334215Jasorat — ayb emas1922Abdulla Qodiriy

Biz jasorat so‘rar edik, lekin berish qayerda?! Jasoratimizning qolg‘an-qutqanini ham olmoq muddaosida edilar. Biz so‘z erkinligi so‘rar edik. Lekin tilimizni tek-tugidan kesmoqchi edilar. Jasorat bitkan edi, til kesilgan edi… Yuragimdagi bir oz umidni istisno qilg‘anda boshqa narsalar yulinib-yulqing‘an edi.

Nihoyat fig‘on va nolalarimiz arshi-a’lolarg‘a yetkanda, umidimiz quyoshi O‘ktabrdan tug‘di. Jasorat bo‘g‘magarlarining oyog‘lari osmondan, til qassoblarining manfur gavdalari jahannam tegidan keldi.

O‘ktabrdan biz boshliqcha jasorat oldiq. So‘z erkinligi oldiq. Chindan ham Buyuk O‘ktabr inqilobining ishchi va kambag‘allar sinfiga bergan yemishi jasorat emasmi edi?!

Qarangiz: Butun umri rutubatlik ishxonada o‘gkan bir ishchi, o‘lturish-turishi, oshash-ichishi, yolg‘uz mehnatni-ketmonninggina tasavvur etmakka majbur bo‘lg‘an bir dehqon bu kun bizning tushlarimizga kirmagan fikrlarni so‘zlaydir, hayron qoldirarliq darajada xat-harakatlar ko‘rsatadir, bunisi kifoya qilmag‘andek usta diplomatlarning yetishmagan yerlarini turtub to‘g‘rilaydir!!!

Nega bu mundoq? Dorulfunun bitirganmi edi bu ishchi? Siyosat bilan shug‘ullang‘anmi edi bu dehqon. Va yo sosializm elchisi buyuk Karl Marksdan besh-o‘n yil dars olg‘anmi edi bu ikkisi?

Bu ehtimollarning bittasi ham emas: Buyuk O‘ktabr inqilobi ularga jasorat berdi, ong berdi, haq berdi! Shaxsiyat kirlari, aksil harakat g‘uborlarig‘a mulavvas bo‘lmag‘an jasorat Sho‘rolar hukumatining negizidir asosidir. Shuning uchun haligidek pok jasoratlar uchun bepoyon taajjublanmakka, hadsiz hayron qolmoqg‘a hech bir kimsaning haqqi bo‘lmasa kerak.

Biz millat va millatchilik daryosida suzg‘uchi bir jasur bo‘lub tanilubmizki, bizni kechirsunlar!

Istanbul qahvaxonalarining mujassam tipi bo‘lg‘an bir norgilaxo‘rning millatchilik va millat masalalari bilan necha o‘ro‘shliq ishi bo‘lsun! Quvvai aqliyasini Istanbul qahvaxonasidan boshqa bosh og‘rig‘ilarg‘a nega yuborsun?! Tuzuk, uning bir oz aybi, kechirilmaslik bir qusuri bor: u arayishchi, hajv emas, latoyif bilan oramizdag‘i ba’zi kamchiliklarni tuzatmakchi!

«Qizil bayroq»ning 186-sonida birdan bir o‘zbekcha, «Inqilob» jurnalig‘a o‘zbek yoshlarining e’tiborsizliklarini ko‘rsatib, jurnal haqida ko‘cha-ko‘ylarda ma’nosiz ayb taqib yurgan ba’zi yoshlarimizni tasvir etib o‘tkan edik. Lekin «Paspo‘rt yo‘qotdim» sahifasidagi bu maqola jurnal muharriri o‘rtoq To‘raqulg‘a qattig‘ tekkan, ma’noni boshqa yoqqa burub ifodani, tarkibni, maqsadni ikkinchi tomong‘a yo‘yilgan. Shu munosabat bilan maqola yozg‘uchig‘ag‘ina emas, boshqa shoir, muharrir, dramaturg, «Qizil bayroq» va tag‘in alla kimlarga, hatto shu maqolani o‘ziga joylag‘an qog‘oz-siyohga dovr hayf deyilgan, afsus yeyilgan!

Ortiq qizilg‘an, adab doirasidan chiqib bo‘lsa-da, so‘kub qolmoq ko‘zda tutulg‘an, sha’nga loyiq kelmagan harakatlar ham bo‘lg‘an. Ko‘cha so‘kishlarini kelturub, taqdisi ehtirom zimmamga yuklatilib qoldirilg‘an, matbuot rioyasini ham esdan chiqarilg‘an.

Yosh yozg‘uchilarimizni ilmsizlik, ishsizlik bilan ayblab ta’na toshlari otasiz. Lekin bunday ta’nalar bizning kabi ishka yangi boshlag‘an bir millat uchun o‘rinsizdir. Biz mutaraqqiy millatlarning taraqqiy tarixlarini tekshirsak, ko‘ramizki, boshda ular ham matbuot ishlari bilan yurguchilar sizning ta’nangizga mahkum yoshlar bo‘lg‘andirlar. Bir jihatdan sizning ta’nangiz endigina matbuotg‘a yaqinlashib kelmakda bo‘lg‘an yosh talantlarni ma’yusiyatga tushirmakdan boshqag‘a foydasi tegmas.

Ta’nangizga mahkum yoshlar yangi adabiyotimiz uchun taqdirga loyik narsalar berdilarki, maydondadir. Lekin da’vosi tog‘-toshdan ham ulug‘ bo‘lg‘an zotlardan hali adabiyotimiz arzug‘uluq bir narsa ham ko‘rmadi…

Endi javob beraylik: bu kungacha biz Muhiddin Arabiygagina emas, hatto o‘zimizning Abdullatiflarga ham til tetizish hamoqatida bo‘lmadiq va bo‘lmaymiz. Arabiy bilan o‘z darajamizni yaxshi bilib Arabiy oldida oftobdan bir zarra bo‘lmag‘anlig‘imizni yashirmaymiz. Hali jahli murakkabga qolg‘unimizcha yo‘q. Lekin shunisi bor: Arabiyning ko‘rgan tushlariga, olam misoliga (olam misol) ishonmak majburiyati bizda yo‘q. Bu ersa nomashru’ bir jasorat bo‘lg‘ani kabi buning bilan bizni hech kimsa ayblay olmas. Yig‘i bilan kulmak orasida mutaraddid qilmoqning aslo luzumi yo‘q!

Adabiyotimizga Ayoz Ishoqov, Fotih Amirxonlar, tanqidchilar va hajvkashligimizga Olimjon Ibrohimovlar tilagida bo‘linubsiz. Bu zararsiz xayrixohlik bo‘lsa ham orada bir onglashilmovchiliq bor. Onalarimiz otini Ayoz Ishoqov, Olimjon Ibrohimov qo‘yub bolalar tug‘ub bersunlarmi? Va yoki tug‘ulg‘an bolalarning qaysi birisi Ayozg‘a va qaysi Olimjong‘a o‘xshar ekan deb umr o‘zdiraylukmi?

Bizning kichik va qisiq miyamiz bu masala to‘g‘risida shuni demakka majburdir: muhitimiz va o‘zimizga yarasha Ayozlarimiz, Kamollarimiz. Olimjonlarimiz bordir. Bizningcha, Ayoz va yo Olimjonning xuddi o‘zi bo‘lmog‘i shart emasdir.

Tanqid so‘ziga berilgan ma’no bizningcha durust emas. Tanqidning ma’noyi lug‘aviysi saralash, arayishini olmoq degan so‘zdir. Nainki yer bilan yakson etmak! Bu kungacha biz tanqid qilmoq bilan asarlikdan chiqqan va yer bilan yakson bo‘lg‘an bir narsani ham ko‘rmadik, balki mukammallashkanlarinigina ko‘rdik…

Bizni qadrnoshunoslik va nonko‘rlik bilan ham ayblamakchi bo‘lg‘anlar. Muso Jorulloh, Rizo va Rashid qozilarning ham Ismoilbeklarning qadrlarini, tuz haqlarini lozimicha bilmagan Sharq yigiti ichimizda turmasun demakchi bo‘laman. Ularning xizmatlarini taqdir etmaguchi majnundir, boshqa emasdir.

«Hangi» deysiz. «Uyat-uyat!»larni o‘zingiz qator-qator chizasizda, lekin amalga kelganda o‘zingiz uyalmaysiz. Bu uyatsiz xitobingiz matbuot bilan bizga yangilik baxsh etmaydir. Nechukkim sobiqda o‘rusning mustabid to‘ralaridan «Hangi» xitobini ko‘b eshitub kelgandirmiz. Bu kun bu ta’birni (ta’birmi-tahqirmi!) o‘zimizning «Mana» degan bir yigitimizdan eshitar ekanmiz, bizning uchun zihi saodat!

Shi’iy va yo sunniylik da’vosi yoki ig‘vogarlik muddaosi hosho va kallo bizda yo‘q. Duo qilingizki, bu baloyi osmoniidan hammamiz ham emin bo‘layliq!

Siz «Hammamizga ham afsus» deb guvranasiz, lekin man «Hammamizga ham barakalla!» deb so‘zimni tugataman.

Julqunboy

«Qizil bayroq» 1922 yil, 1 iyul, 191-son, 2-3 bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"