Jamiyatlar qanday ochilur

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Jamiyatlar qanday ochilur  (1914) 
by Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli

Maorif va madaniyat bog‘chasining birinchi darvozasi maktabdir. Yer yuzindagi maorifli millatlarning har birlari madaniyat bog‘chasina shul darvozadangina kirmishlar, ya’ni maorif va madaniyat yo‘lina safar prog‘romi yasalganda, birinchi moddasini shul «Maktab ochmak» masalasini qo‘ymishlar. Ishlarini shul «maktab»dangina boshlaylar. Maktab ochub, bilfe’l ish boshlagonlaridin so‘ngra har tarafdin turli-turli nuqsonlar va ehtiyojlar ko‘rila boshlamishdir. Maktabni ochub qo‘ya qolg‘on ila ish bitmasligi, balki aning farqi va davomi uchun moddiy va ma’naviy yordam va ma’ovanatlar, g‘ayrat va himmatlar lozim ekonligi onglashilmishdir. Buning uchun eng yaxshi chora o‘laroq «Jamiyat»ni tuzmishlar. Ya’ni rasmiy bir qonun doirasinda xalqtsan iona yig‘ib, ochilmish va ochiladurg‘on maktab va dorululumlarning nuqson va ehtiyojlarin yengillik ila isloh qilmoq va ado qilmoq usulini ijod etmishlar. Bora-bora bu «Jamiyat» shul qadar taraqqiy qilmish va rahmat kasb etmishki, madaniy millatlarning butun taraqqiyoti diniya va ehtiyojiyoti milliyalari uchun eng ishonchli suyanchiq va muttakoi ettehoz o‘linmish va ularda madaniyat narvonining birinchi bosqichi maktab, ikkinchisi jamiyat ekon, hozir ko‘p yerlarda maktabni ikkinchilikka qoldirub, birinchi bosqichlik nomi muqaddasasini jamiyat o‘zina olmishdir.

Maorif va madaniyat yo‘lina yangi qadam qo‘ya boshlag‘on Turkiston musulmonlari ham, tabiiy, shul bosqichlarni bosmakka va shul darvozalardan kirmakka majburdurlar. Binoanalayh hozirda bizim Turkiston taraqqiyparvaroni ko‘broq shul maktab va jamiyat atrofida aylanmakdalar. Lekin bu maktab jamiyatlarni ochmak uchun qanday tadbirlar lozim? Hukumatdan qaysi yo‘l ila ijozat olinur? Qanday ustav va prog‘ramlar ila ochmak foydali bo‘lur? Mana bu xususlarda idoradan yo‘l va mashvaratlar so‘rab maktub yozurlar. Bunday maktablar nihoyatda ko‘b bo‘lg‘onlig‘i uchun har birina ayrim-ayrim javob yozub o‘ltirmak idora uchun hiyli mushkullik bo‘ladur. Taraqqiyi millat va maorif uchun bundan foydali ishlarg‘a tashabbus qila boshlag‘on zotlarga tashakkur etmak ila barobar so‘ragan savollarining javobini xususiy maktub ila beraolmag‘onimiz uchun afularini rijo qilurmiz. Va jamiyat ochmak xususidagi savollarina javoban ushbu maqolani takdim qilamiz: hozirda Toshkand, O‘renburg‘, Qozon, Boku, Bog‘chasaroy kabi musulmoni ko‘b bo‘lg‘on shaharlarning har birida musulmon jamiyatlari bor. Bir yerda jamiyat ochmoqchi bo‘lg‘on kishilarg‘a avvalo shul shaharlardag‘i jarida idoralarina yoxud mashhurroq kishilarg‘a maktub yozub, jamiyat qonunnomasini, ya’ni ustavini so‘ramak lozim. Maktub olg‘on zotlar ham bunday foydali iltimosni ahamiyatsiz qoldurmasdan, ustavni topub yuboradurlar. Mana bu ustavlardan bir nechasini qo‘lg‘a kiritgandan so‘ngra besh-olti kishi bir yerda o‘turub, shul ustavlarni o‘qub chiqurlar. Mashvarat qilishub, shunlardan birini aynan yoxud bir oz isloh ila qabul qilurlar. Yoxud bunlardan intihob qilub, yangi bir ustav yasarlar. Jamiyatg‘a munosib bir ism topub qo‘yurlar.

Ustav saylamoq yoxud intihob qilmak qaysi moddalarini nima uchun kiritilganligini ahli majlisg‘a yaxshilab tushundirmak uchun majlisda zamondan va ilmi huquqdan, hech bo‘lmag‘onda, jamiyat ishlaridan xabardorroqbir kishining vujudi (ishtiroki) lozimdir. Ustav yasolub, tamom bo‘lg‘ondan so‘ngra: «Ushbu arizamiz barobarinda topshirilmish qonun doirasinda bir jamiyat ochmakka ruxsat bersongiz ekon», mazmunida bir ariza yozdirub, loaqal besh kishidan ustav ham arizani imzolatib, voyenniy gubernato‘rg‘a topshirilur. Ushbu ariza va ustavg‘a qo‘l qo‘yg‘an kishilar jamiyatning muassislari deb atalurlar. Hukumatning ruxsat bermog‘i osonroq bo‘lsun uchun ustavning ko‘b kengayib ketmasligi hamda muassislarning hukumat qoshida e’tiborliroq kishilardan bo‘lmoqlari yaxshiroqdur. Bunday kishilar topilmog‘on takdirda, sud hukmi ila ayblanmog‘on va hukumat qoshida siyosiy jihatdan shubhali sanalmag‘on har bir kishining muassislikka kirishmog‘i mumkindir. Ariza berilg‘ondan so‘ngra muassislarni taftish va ispravka qilub ko‘rmak uchun arizalari palisa idorasina topshirilur. Bu vaqtda, ehtimolki, ba’zi bilmag‘on kishilar tarafidan qo‘rqituvlar ham voqe’ o‘lur. Jamiyatga ijozat so‘ramak muxolifi nizom bir ish o‘lmay, xalq uchun ham, hukumat uchun ham foydali bir ish bo‘lg‘onlig‘i uchun bunda qo‘rqish va qo‘rqutishlarg‘a sabab bo‘ladurg‘on hech bir narsa yo‘qdur. Binoanalayh hech bir qo‘rqmasdan, charchamasdan, bu ishning orqasidan yurmak lozim.

Agarda biror sabab ila birinchi martabada tasdiq qilmasdan rad qilinsa, oni tuzotib, ikkinchi martaba, ikkinchi martaba rad qilinsa, uchinchi martaba murojaat qilmakka avvaldan jazm va qaror berub qo‘ymak kerak. Agarda mas’ul muassislar orasinda bu ishning orqasindan yururg‘a loyiq kishilar bo‘lmasa, yonlarina bir advokat yollab, shuning vositasi ila yurutulsa, yana yengilroq bo‘lur. Jamiyatg‘a ruxsat berilg‘ondan so‘ngra, avvalo, mas’ullar yig‘ilishib, o‘z oralarindan bir sadrnishin, bir sarkotib va bir xazinachi saylarlar. Qolg‘onlari idora a’zosi hisob o‘linurlar. Bu kundan e’tiboran jamiyatning haqiqiy xizmati boshlanur. Pul topmak, a’zo ko‘paytirmak va qonun doirasida jamiyat vositasila manfaati umumiyag‘a xizmat qilmak kabi ulug‘ himmat, g‘ayrat va fidokorliklarg‘a navbat kelur. Faqat ish bu darajag‘a yetganda, muassis yonina bir necha o‘zlari kabi fidokor millat xodimlari to‘plang‘on bo‘lib, maqsudlarina ohista-ohista yetusha boshlaylar. Ishda milliy bir jamiyatni vujudg‘a chiqarmak uchun kerak o‘lan yo‘l, tartib va tadbirlar shundan iboratdur.

Ko‘shesh badastu po yo in az asar navmid nest,

In zori dom oxir mekashad naxjirro.

«Sadoyi Turkiston» 1914 yil, 14 iyun

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse