Jump to content

Jaholat dardlaridan

From Wikisource
Jaholat dardlaridan (1914)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334146Jaholat dardlaridan1914Mahmudxoʻja Behbudiy

Ismimizni bilmaymiz! Nima uchun? Bizg‘a o‘rgatmabdurlar. Masalan, ismimiz Abdulsamad ekan, «Absamat», hatto, qishloqlarda «Apsat» derlar. (Afu buyurulsun, adabdan xorij bo‘lsa-da, adabg‘a da’vat etar.) Oti Yodgor ekan — «Jodigor», Lutfullo ekan — «Nutfullo» ataladur. (Astag‘furullo!) G‘alat atamoq sababi ila avom kotiblar tarafidan qozixona, valasnoyxona hujjatlarinda va hukumat mahkamalarinda ham shul tariqa g‘alat va masxaralik holatinda yozilur. Hatto, shaharlarda, do‘kon va korxonalarni tepasinda ruscha va musulmoniy xat ilan «Obdukodir», «Patxulla», «Sanatullo» («San’atullo»), «Obduraxmon» va mundan ham g‘alatroq yozilib osilgan lavhalar bordur. Bu g‘alatlar bonka va xazina va notario‘s-maqovolot muharrirligi doiralarig‘acha borar. Bir zamon bu g‘alat ismlarni to‘g‘ri yozib mahkamag‘a berilsa, mahkamadan to‘g‘rini g‘alat deb qaytararlarki, alarni qaytarishi to‘g‘ridur. Bu g‘alatlarni tuzatmog‘i va yo durustlarni g‘alat qilmog‘i uchun ish egasig‘a, ya’ni ismni sohibig‘a haftalar va oylar ila yugurmoq lozim kelur. Muni-da qo‘yduk.

Shunday g‘alat keta bersa, yigirma-o‘ttuz sana so‘ngra xalq yanadan avomroq bo‘lub, musulmon ismlari yana ziyodaroq buzilur. Do‘kon va korxonalar tepasindagi unvonlar mundan ziyodaroq g‘alat ismlarni shomil bo‘lur. Endi munga iloj, ism qo‘yganda, ismni ma’nosini bayon qilinmoq va kayfiyati talaffuzni ota-onag‘a bildurmoq kerak. Va alar bolani o‘zig‘a ham bildursunlar va ismlarni yozganda va chaqirganda durust atamoq kerak. Va ham «Jo‘raqul», «Norqul», «Toshmurod», «Boltaqul»dek ma’nosiz ismlar ila bolani atalmasun. Balki arabiy, turkiy, forsiy ma’nolik ismlar ila atalsun… Ajabi shulki, idorada g‘alat yozilib kelgan ismlarni to‘g‘ri yozib yuborilsa, egalari rozi bo‘lmaydur. Ismlari arabiy ekan, arab qoidasi bo‘yincha «alif» — «lom» ila yozsang, shikoyat etarlar. Ore, ul bechoralarg‘a ayb yo‘q. Ayb jaholatg‘a va maktabsizlikg‘a va ruhoniylarni(ng) musohalalarinda, diniy va milliy ishlarg‘a diqqat etmaganlarindadur. Ism to‘g‘risinda totor birodarlarimizni ham ba’zi hollari ajoyibdur. Masalan, «Aynullo», «Nabiyullo», «Ruhullo» degan ismlarg‘a uchraladurki, bu ham bir nav’ diqqatsizlikdur.

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 18-son, 318—319-betlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.