Jadid adabiyoti

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Jadid adabiyoti  (1929) 
by Otajon Hoshimov

(mas’alani qo‘yish tartibida)

Jadid adabiyoti, o‘zbek burjuaziyasi adabiyotidir. Jadid adabiyoti o‘zbek burjuaziyasining fikrini va uning kechirgan holatlarini aks etadir, uning uchun ishlaydir, kuylaydir, yig‘laydir.

Jadid adabiyoti millatchi, vatanparast, badbin ziyolilarning adabiyoti deyish ham to‘g‘ri emas. O‘rtoq Ayn o‘zining “O‘zbek shoirlari” degan maqolasida yozadi: “Cho‘lpon – millatchi, vatanparast, badbin ziyolilarning shoiridir. Uning mafkurasi shularning mafkurasidir, u shu mafkura yo‘lida urinadir, talpinadir. Uni qaynatg‘an, unga ilhom bergan narsalar shulardir”. Cho‘lpon jadid adabiyotining eng kuchli vakili bo‘lg‘anidan o‘rtoq Aynning bu ta’rifi o‘z ichiga jadid adabiyotini ham oladir va olishi-da kerak. Chunki, Cho‘lponni jadid adabiyotidan ayrib ta’rif qilish yaramaydi. U vaqtda jadid adabiyoti “millatchi, vatanparas, badbin ziyolilarning” adabiyoti bo‘lmaydi. Ziyolilar o‘zlaricha adabiyot tug‘dira olmaydilar, ular mustaqil sinf emaslar, balki tarixda bir sinf, ko‘pincha hokim sinf orqasidan ergashib shuning fikrini tashiydirlar. Ular shoirlarg‘a ilhom ham bermaydilar. Shoir, ziyolilar shoiri bo‘lmaydi, balki bir sinf shoiri bo‘la oladi, shuni ham aytish kerakki, o‘rtoq Usmonxon “Munaqqidning munaqqidi” degan uzundan-uzoq maqolasida o‘rtoq Aynning marksizm nuqtai nazaridan to‘g‘ri emas bu ta’rifi to‘g‘risida hech narsa demaydi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Usmonxon ham bu ta’rifni yoqlaydi. Agar Ayn o‘rtoq jadid adabiyoti o‘zbek burjuaziyasi adabiyoti, Cho‘lpon ham o‘zbek burjuaziyasi shoiridir – demakchi bo‘lsa, u vaqtda fikrni ochig‘roq yozish kerak.

Jadid adabiyot ikki katta davrni o‘tdi. Birinchisi inqilobdan ilgarigi, chor hukumati vaqtidag‘i davr, ikkinchisi, inqilobdan keyingi proletariat hokimiyati vaqtidag‘i davrdir.

Ikkinchi davr o‘zicha yana ikki kichkina, lekin bir-biridan juda farqli davrga bo‘linadiki, u ham burjuaziya va jadid adabiyotining umidli va umidsiz bo‘lg‘an vaqtidan iboratdir. Burjuaziya va jadid adabiyotining inqilobdan keyin davrdagi umidli va umidsiz bo‘lg‘an vaqti, sho‘rolar hukumatining umumiy ahvolig‘a bog‘liq bo‘lg‘an bir vaqtdir. Bu vaqt bir tomondan sho‘rolar hukumatining ichki va tashqi ahvolida bizning foydamizg‘a bo‘lg‘an o‘zgarishni ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, o‘zbek burjuaziyasining ikki muhim ruhiy holatini aks etadir. Burjuaziyaning o‘z tilagiga, inqilobning yo‘q bo‘lishig‘a umid qo‘yg‘an vaqti, sho‘rolar hukumati ichida iqtisodiy tomondan qiynalg‘an, tashqarida turli ovlar bilan o‘ralg‘an va bosmachilar harakati kuchaygan vaqtig‘a to‘g‘ri keladi. Burjuaziya jadid adabiyotining umidsizlik o‘z tilagiga, maqsadiga erishishka, inqilobning yo‘q bo‘lishig‘a umidi qolmag‘an vaqti, sho‘rolar hukumati butun tashqi yovlarin yenggan, bosmachilar harakati kuchsizlangan, yo‘q bo‘lg‘an va xo‘jaliqda, sosializm qurishda katta muvaffaqiyatlarga erishkan vaqtg‘a to‘g‘ri keladir.

Inqilobdan ilgarigi birinchi davr – jadid adabiyotining yoshlig‘i, kuchsizligi davridir. Bu davrda jadid adabiyoti shaklan eskilikdan chiqmag‘an, o‘z fikriga yarasha, o‘ziga bob shakl, til tug‘dirmag‘an edi.

Burjuaziya fikrini eski shaklda berar edi. Fikr oldda, shakl orqada edi. Bu davr jadid adabiyoti kuchli badiiy asarlar va kuchli jadid san’atkorlarin bermadi. Ba’zi bir o‘tkur qalamli jadid adabiyoti vakillar bo‘lsa ham, ular bu davrda yangi shakl, yangi til aqtarish bilangina mashg‘ul edilar.

Jadid adabiyoti inqilobdan keyin o‘sdi, kuchaydi, burjuaziya fikriga loyiq qolip, shakl tug‘dirdi, til juda ishlandi, tilda, shaklda eski adabiyot ta’siridan butunlay qutildi va fikrni ma’lum bir shaklda berishda noziklashdi. Cho‘lponning bir she’rini jadid adabiyotining birinchi davrida yozilg‘an Avloniy yoki Ahmad Siddiqiyning she’ri bilan hech bir tenglashdirish mumkin emas, Cho‘lponda san’atkorlik, she’rda noziklik oliy albatta. Bu davr kuchli jadid san’atkorlarin yetkazdi: masalan, Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Elbek (o‘rta) va boshqalar. Bu davrda jadid adabiyoti shu qadar kuchaydiki, o‘z ta’siriga ko‘b yosh yozuvchilarni ola boshladi va ko‘b vaqtg‘acha o‘z ta’sirida olib turdi (Botu, Shokir Sulaymon, Oltoy, Bektosh, Oybek, Gʻayratiy va boshqalar). Jadid adabiyoti inqilobdan keyin nimaga o‘sdi?

Birinchi davrlarda inqilob, boshqa birinchi galdagi mas’alalar bilan mashg‘ul bo‘lib san’at masalalariga ahamiyat bera olmadi, mana shunday vaqtda iqtisodiyotda va siyosatda yengilgan, bu sohalardan haydalgan o‘zbek burjuaziyasi butun kuchini shu adabiy sohaga beradi, adabiyot orqali o‘z fikrini tarqatishg‘a, ta’sirin kuchaytishka tirishadi. Bu hol, jadid adabiyotining kuchayishiga, san’at tomonidan ancha ishlanishiga olib keladi, o‘zbek burjuaziyasi qo‘lida birdan-bir sinfi qurol bo‘lib ishlagan bu adabiyot noziklashadi, o‘tkurlashadi.

Jadid adabiyotining bu o‘sishi, kuchayishi o‘zbek burjuaziyasini umidvor qilib turg‘an, tashqi oq yovlarning, ayniqsa, bosmachilar harakatining yo‘q bo‘lishig‘acha davom etadi.

Inqilob butun yovlarni, ular qatorida bosmachilar, Cho‘lponning ta’biricha “botirlar”ni yo‘q qildi. Iqtisodiy va madaniy tuzilish ishlariga jiddiy kirishdi. Bundan keyin o‘zbek burjuaziyasi butunlay umidsizlanadi, tilakka yetish ishonchi qolmaydi, so‘nadi. Bu davr jadid adabiyotida badbinlik, o‘z kuchiga, tilagiga inonmasliq hukm suradi.

Jadid adabiyoti buzila boshladi, uning namoyondalari turli tomong‘a tarqaladi, ba’zi biri adabiyotdan qochib falsafaga, yoki ilmiy ishlarga (Fitrat), ba’zi biri tasavvufga, dinga (Vadud Mahmudiy), ba’zi birlar o‘tmishni maqtash (idealizirovat) bilan mashg‘ul bo‘la boshlaydir (A.Qodiriy, Cho‘lpon, “O‘tkan kunlar” va “Yorqin oy”ni eska tushuring).

Jadid adabiyotining inqilobdan keyingi davrini, yuqorida aytilgan fikrlarni aniqlash uchun jadid yozuvchilarining hammasidan ham kerakligicha misollar keltirish mumkin bo‘lsa ham biz bu maqolada Cho‘lpon asarlarini tekshirish bilan chegaralanamiz.

Cho‘lpon jadid adabiyotining eng kuchli va san’atkor namoyandasidir. Cho‘lpon juda nozik, hisli va o‘zbek milliy burjuaziyasining fikrlariga, tuyg‘ularig‘a ustaliq bilan badiiy shakl bergan, turmishni yaxshi bilgan va o‘z sinfining har savolig‘a javob bergan shoirdir.

O‘zbek milliy burjuaziyasidek Cho‘lpon inqilobdan ko‘b narsalar kutkan edi, chor hukumati o‘rnig‘a o‘zbek burjuaziyasining hokim bo‘lishini umid qilg‘an edi. Lekin inqilob bu umidni yuzaga chiqarmadi, u chor hukumatini yo‘q qilib, o‘zbek milliy burjuaziyasi hokimiyatini emas, proletariat hokimiyatini, ishchi-dehqon hukumatini qurdi, chor hukumati qatorida milliy burjuaziyag‘a qarshi urush ochdi. Bu albatta, o‘zbek burjuaziyasig‘a yoqmas edi, proletariat inqilobi, inqilob bilan chor hukumati orasida farq ko‘rmasdi, o‘zi uchun inqilobning hech narsa bermaganini yaxshi bilardi. Inqilob proletariat hokimiyati uchun kurashuvchilar (qizil askarlar, ishchi-dehqonlar, kommunistlar) unga bo‘ri bo‘lib ko‘rinadilar. O‘zbek burjuaziyasining inqilobg‘a va proletariat hokimiyati tuzuvchilarg‘a qarashini badiiy shaklda Cho‘lpon o‘zining “Buzilg‘an o‘lkaga”, Elbek “Yirtqichlar majlisi”

Sening qattiq, sirt bag‘ringni ko‘b yillardir ezganlar,

Sen bezsang-da, qarg‘asang-da, ko‘kragingda kezganlar.

Sening erkin tuprog‘ingda hech haqqi yo‘q xo‘jalar,

Egasini bir qul kabi qizg‘anmasdan yanchalar!

Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?…

Nega sening turmushingda umidlarning o‘lishi?..

Nega yolg‘iz qon bo‘lmishdir ulushing?..

Nega sening tunlaringda bo‘rilarning qorni to‘q?

Nima uchun g‘azabingni uyg‘otmaydir og‘u-o‘q.

Elbekda yana ochig‘roq:

Arslon – podshoh jonvorlarni boshqarishda,

Yolg‘uz o‘zi ko‘b qiynalib, charchab qoldi.

O‘z qoshig‘a yirtqichlarning bir qanchasin

Chaqirtirib, ular bilan kengash qildi.

Bu kengashda ko‘rulgusi mas’alaning

Muhimligin ko‘zda tutib bor yirtqichlar,

Hech kechikmay, sira qolmay kelishdilar.

Majlisni oldin arslon o‘z ochib

Ishlaridan bir oz so‘zlab o‘tkandan so‘ng

Ko‘rulgusi mas’alaning har birini,

Birin-birin yirtqichlarg‘a eshitdirdi.

Bunda bo‘lg‘an mas’aladan eng muhimi

Qo‘ylarg‘a boshliq saylash ishi edi.

Shuning uchun arslon ular sari qarab,

Boshliq uchun kim loyiqdir ayting? dedi.

Ayiq turib ikki qo‘lin qovishtirib:

Podisho ham, bo‘ri bunga juda loyiq,

O‘zi chaqqon ham unda yo‘q hech chatoqliq

Shu kungacha bizlar bilan birga yurdi,

Bizga qarshu hech yomonliq ishlamadi…

Deb bo‘rini yoqlab bo‘lg‘ach ul o‘lturdi,

Endi ungv qo‘shimchag‘a tulki turdi.

Tulki boshlang‘ichlar qo‘shib o‘z so‘zini

Ayiq kabi qo‘pol qilmay silliq qilib,

Bo‘rining tavsiflarin butunlayin

Qoldirmay ayiq so‘zin kuchlab o‘tdi.

Arslon – podsho bu ikki do‘st so‘zlovchining

So‘zlarini butunlayin eshitkan so‘ng

Bo‘rining to‘g‘rilig‘ig‘a xo‘b ishondi,

Shul minutda boshliq etib ham yubordi.

Qo‘ylar bu chog‘ o‘zlaricha shuni derdi:

– Buni bizdan so‘rmay turib kim yubordi?

Kerak edi eng oldindan bizdan so‘rmoq

Bu to‘g‘rida bizning bilan fikr alishmoq.

O‘zbek burjuaziyasi bu fikrni, inqilobg‘a qarashni keng omma ichiga taratmoqchi, o‘z fikrini atrofig‘a ishchi-dehqon ommasini to‘plamoqchi bo‘ladi. Buning uchun u o‘z fikrini xalq, yo‘qsullar, bechoralar ismidan yoki ularg‘a xitob qilib so‘zlaydi. Bu hol, umuman sinflar tarixida ko‘b ko‘rinadi. Xususan inqilob vaqtlarida burjuaziya o‘z yonig‘a ommani to‘plash, ko‘zini bo‘yash uchun uning ham g‘amini yeganday bo‘lib ko‘rinmakchi bo‘ladi. Burjuaziya bunday vaqtlarda vatan, vatanning ezilishi, yanchilishi, bevalar, bechoralar kabi so‘zlarni ko‘b ishlata boshlaydi, bu so‘zlar atrofig‘a keng ommani to‘plamoqchi bo‘ladi. O‘zbek burjuaziyasi o‘rtag‘a bunday so‘zlarni tashlab inqilobdan bir katta mone’ yo‘qlig‘in, balki ozod bo‘lish oldida uning bir katta mone’ ekanini aytadi, bu mone’ni yo‘q qilishg‘a chaqiradi. Inqilob qutqaza olmaydi, inqilobdan yaxshiliq kutmanglar, tentaklargina inqilobdan foyda kutadi deydi:

Ay bevalar, bechoralar

Ay bog‘langan kishanlarga,

Ay erk uchun ovoralar,

Ko‘p yalinmang siz ularg‘a!

Bo‘rilardan omon kutmak –

Tentaklarning ishidir ul.

Har mone’ni hatlab o‘tmak –

Turmushda eng to‘g‘ri bir yo‘l!

O‘zbek burjuaziyasi inqilobning yo‘q bo‘lishini kutardi. Yaqinda inqilobg‘a qarshi katta kurash bo‘ladi deb o‘ylardi.

Inqilobning yo‘q bo‘lishig‘a, o‘z tilagiga ya’ni o‘z hokimiyatini tuzishka umidvor bo‘lish o‘zbek burjuaziyasida ancha vaqtg‘acha davom etadi. Burjuaziyaning bu umidvor bo‘lish davri, sho‘rolar hukumatini o‘rab olg‘an tashqi yovlarg‘a va ayniqsa bosmachilar harakatiga bog‘liq bo‘lg‘an bir davrdir. O‘zbek burjuaziyasi inqilobni yo‘q qilishda butun umidini, bosmachilar harakatiga, uning muvaffaqiyatli bo‘lishig‘a qo‘yadi. Ularni xalq, yo‘qsullar qo‘zg‘alishi deb o‘ylaydi va uni inqilobg‘a qarshi oxirg‘i kurash deydi, “o‘tli suv” ko‘pirar, toshar, inqilob go‘ridan na’ra tortib oshar deb umidlanar edi.

Chaqirg‘uchi, o‘kirguchi bir tovish

Botirlarning jon so‘ragan tovshidir,

Yiqitg‘uchi, ag‘darg‘uchi qo‘zg‘alish

Yaqindag‘i zo‘r kurashning boshidir.


Tentaklardek borar yerin bilalmay,

Unda-bunda o‘zni urg‘an dushmandir,

Keng yurakda tura olmay, sig‘olmay

Toshib ketkan: yo‘qsuldag‘i imondir.

Ulug‘, qattiq ag‘darg‘uchi bir kurash,

Yo bor bo‘lish, yo yo‘q bo‘lish,

– Yo‘q yarash!..

***

Ko‘purar ul, hovliqar ul, toshar ul,

Go‘ringizdan nag‘ra tortib oshar ul!.

O‘zbek burjuaziyasining umidli bo‘lishig‘a o‘zicha asosi bor edi. U ham bo‘lsa bosmachilar harakati edi. bosmachilar, burjuaziyaning birdan-bir suyanchig‘i bo‘lib qolg‘an edi. bosmachilarda u tilakning yulduzini ko‘rardi. Bu tilagi yulduzini “qora bulut” inqilob qoplardi, ko‘rsatmasdi. Mana bundan burjuaziya zorlanadi, nolaydi.

Ikki ko‘zim yalt-yult etib ko‘kimdan

Tilagimning yulduzini qaraydir,

Chog‘-chog‘ yig‘lab, o‘tib ketib o‘ngimdan

Qora bulut uning yuzin qoplaydir.

Biroq yana uning yuzi ko‘rinib,

Ko‘zlarimni qamashtirib qo‘yadir,

Qilich botib, hanjar dilga urinib,

Unga yana qaysi qarash to‘yadir?..

Men qochmadim – men tilakni izlayman,

Qanot kuchlik, yozg‘an sari tezlayman.

***

O‘zbek burjuaziyasining tilagi nimadan iborat edi? – O‘zbek milliy burjuaziyasi proletariat inqilobidan norozi. Chunki u burjuaziyag‘a yo‘l bermadi. U o‘z hokimiyatini, jumhuriyatni qurishni istaydi. Inqilob boshlarida o‘z istagini yuzaga chiqarish uchun muxtoriyatni tuzdi. Qo‘qon muxtoriyati milliy o‘zbek burjuaziyasi tilagining kichkina bir masshtabda ko‘rinishidan iborat edi. Uning to‘la shakli, Turkiya milliy burjuaziyasining jumhuriyatidir. O‘zbek milliy burjuaziyasi mana shuni istardi. Lekin bu inqilob tomonidan tor-mor keltirildi. Qo‘qon muxtoriyati bosmachilarg‘a, bosmachilar esa Qo‘qon muxtoriyatig‘a, inqilobg‘a qarshi yordamda bo‘lishdi. Bu hol burjuaziya tilagi bilan bosmachilar o‘rtasida qanday yaqin bog‘lanish borlig‘ini yana ochiqroq ko‘rsatadi. Burjuaziya istardiki bosmachilar ham “milliy menlik” oling‘anicha olg‘a borsin.

Proletariat inqilobi, butun yovlarni, bosmachilarni yengdi, ishchi-dehqon hukumati mustahkamlandi, xo‘jaliq ishlari yanada olg‘a ketdi, ko‘b muvaffaqiyatlarg‘a erishildi. O‘zbek burjuaziyasi har sohadan haydaldi. Buning natijasida o‘zbek burjuaziyasining “tilagi yulduzlari” so‘ndi, burjuaziyada va fikrni tashuvchi ziyolilarda umidsizlik, yo‘lsizliq, o‘z kuchiga, tilagiga inonmasliq vujudga keldi, umidsizlik davri boshlandi.

Ko‘klam chog‘i… sayroq bulbul sayramas

Ne uchunkim tanburimning tili yo‘q,

U go‘zal qiz chin qarash-la qaramas,

Na uchunkim, umidimning yo‘li yo‘q.

***

Muhit kuchlik ekan, egdim bo‘ynimni,

Chaqmoqdek yaltirab uchish yo‘q endi,

Yolg‘on xayollarg‘a ko‘chish yo‘q endi,

Oqishning yo‘lig‘a soldim kunimni.


Na isyon, na to‘lqun, na to‘fon; na o‘t!

Ko‘zimda og‘ir bir “taslim” nuri bor,

Ay, o‘tli kechmishim, yuzingni berkit!

Senda shaytonlarning haqsiz zo‘ri bor.


Kirmayman ko‘chaning boshi berkiga,

Chunki “taslim” bo‘ldim muhit erkiga…

O‘zbek burjuaziyasining yengilishi, uning bizga butunlay taslim bo‘lg‘anini sinfiy kurashdan qaytg‘anini bildirmaydi. U albatta, o‘z sinfiy kurashini davom etdiradi va hozir ham etmakdadir. Bu kurashda proletariat hokimiyatining mahkamlanishi natijasida borg‘an sari yengilganiga umidsizlanadi. Shunga o‘xshash Cho‘lponning “Boqchada gul ko‘b edi so‘ldi amalimdak!” (“Tong sirlari” 23 bet) deyishidan uning proletariat inqilobig‘a, fikriga butunlayin taslim bo‘lg‘ani chiqmaydi. Shuning uchun ham yuqoridag‘i she’rda taslim so‘zi tirnoq ichiga oling‘andir. Bu taslim bo‘lish umidsizlik natijasida yuzaga chiqqan majburiy taslim bo‘lishdir. Bu taslim so‘zi o‘zbek burjuaziyasining sinfiy kurashini tashlab inqilobg‘a qo‘shilg‘anini bildirmaganidek Cho‘lpon va umuman, jadid adabiyotining inqilobig‘a berilganini ko‘rsatmaydi. Burjuaziya kabi jadid adabiyoti ham payti kelganda proletariat inqilobidan o‘z o‘chini olishg‘a tayyordir. Proletariat hokimiyati davri, yani turmish o‘zbek burjuaziyasig‘a, jadid adabiyotig‘a yoqmaydi, uni qanoatlandirolmaydi, zorlanadi.

Ko‘klam bilan yurtimg‘a ham bir ko‘karish kelsaydi,

Ko‘ngillar ham havolardek ko‘klam hidi bersaydi,

Dillarga ham havolardek ko‘klam ruhi kirsaydi!..

Bir tomondan, istalgan turmishni tug‘dirish mumkin emas, ikkinchi tomondan, yangi turmish yoqmaydi, qanoatlandirolmaydi, unga badiiy shakl berishka qalam yurmaydi, mana inqilobdan keyingi jadid adabiyotining fojiasi. Bu fojia o‘zbek burjuaziyasining fojiasidir.

Umidsizligi kuchsizligi bilan o‘zbek burjuaziyasi, jadid adabiyoti taraqqiysi uchun hozirg‘i vaqtda suyanchiq bo‘la olmaydi, jadid adabiyoti esa proletariat, uning fikriga o‘z ruhin butunlay o‘zgartmasdan turib suyana olmaydi.

Otajon

«Qizil qalam majmuasi II-kitob».

Toshkent: O‘zbekiston davlat nashriyoti, 1929.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse