Istiqbol uchun kurash
Bizning keng va ulug‘ tariximiz shu qadar oz va kam tekshirilgan, kovlangankim, shu kunda bo‘lub turg‘an juda ko‘p voqealarning o‘xshashini o‘tkan zamonlardan kechkan hayotimizdan topmoqchi bo‘lsak, shoshib qolasan.
Bir voqeaning o‘tkan zamonda o‘xshashi bo‘lub-bo‘lmaslig‘i ul voqeaning ahamiyatini o‘lchashda ko‘b katta vazifa yuklar.
«Qizil bayroq»ning so‘ng sonlaridan birida Ovrupog‘a o‘qumoq maqsadida bir o‘zbek qizining ketmakka hozirlanganlig‘i yozilg‘andir.
O‘zbek qizi hanuz yangi usul maktablarga hali yolchib kira olg‘ani yo‘q. Hatto o‘zbekning o‘zida pardasi, xohishi-da kishani bo‘lmag‘an erkak bolalari ham yuqori maktablarining muhtasham sahnalarida ko‘plashib yura olg‘ani yo‘q. Hali o‘zbek qizi ota-onaning tilsiz qo‘g‘urchog‘i bo‘lishdan qutula olg‘ani yo‘q.
Biz so‘ng vaqtlarda o‘zbek yoshlarining uzoq ellarga, yot yurtlarga ketib bilim ortdirmoq uchun juda qizib borg‘anliqlarini ko‘rub sevinmakdamiz. Har biri o‘z boshicha tirishmasdan boshlarini bir borag‘a to‘plab, «ko‘mak»lashish yo‘li bilan ishlab turg‘anliklarini bilib turamiz.
Lokin bu hol o‘tkandagi voqealarning takror etilmagidan iboratdir. Yiroq zamonlardan boshlab to yaqin kunlarga qadar o‘zbek yigitlari (mullabachchalar) Buxorog‘a, Hindistong‘a, Misr, Arabistonlarg‘a qadar borib o‘qug‘anlar edi. Buxoro madrasalari o‘zbek – turkistonlik yosh mullabachchalar bilan to‘lar edi. Turkistonning Sirdaryosi va Farg‘onasi uchun ul vaqtlarda Buxoro ham hozirg‘i Yaponiya va Amriqo qadar uzoq edi. Hozir Amriqo bilan Yaponiyag‘a qadar yotib, o‘lturub eson-omon ketmak mumkin. Ilgari vaqtlarda Samarqand bilan Buxoro orasi ham hozirg‘i davri olam qilishdan og‘ir edi. Shunday bo‘lsa-da, Buxoro, Turkiston mullabachchalarini sonlari juda ko‘b bo‘lg‘an madrasalariga sig‘dira olmasdan, masjidlarigacha tarqatmoqqa majbur bo‘lur edi. Arabistonning do‘zax havosida bedovlari kabi yolg‘iz hurmayib yotqan o‘zbek Turkiston yigitlari xiyla ko‘b yo‘liqar edi.
Kechirgan kunlarimizdagi ul harakatlarimizning natijasi to‘g‘risida gapirmak istamayman. Tarixdagi bir voqea va shu kunda qaytadan takror etilmakda bo‘lg‘an bir voqea bo‘lg‘anlig‘i uchun eska olibg‘ina o‘tmakchi bo‘laman.
Bu harakat hozir takror etilmakdadir. Kechikib, keyin qolib bo‘lsa-da kuchlik suratda boshlanib kelmakdadir. Bu harakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralasha olmag‘anlarning vazifasi vosita bilan bo‘lsa-da ko‘mak bermoqdir.
Bu hol bizning kelgusimiz uchun katta umidlar berganligini unutmaylik.
Chor hukumati vaqtida Ichki Rusiya musulmonlarini cho‘qintirmoq ishida Rustami zol (Rustam zol) bo‘lg‘an, bizning ma’lum Ostroumo‘f to‘ramizning ustodi sanalg‘an mashhur Ilminskiy cho‘qintirish siyosatining biri bo‘lg‘an mashhur Pobedonosufga yozg‘an xatida yerlik xalq orasidan bizning uchun foydalik va hech bo‘lmag‘anda zararsiz kishilar o‘ruscha tilni tutulib, uyalib gapiraturg‘an, o‘ruscha yozg‘anda birmuncha xato bilan yozaturg‘an, bizning gubernato‘rimizdan emas, hatto ustol boshlig‘i (mirzo)mizdan ham qo‘rqaturg‘an kishilardir degan edi.
Munga qarshi biz rus tili bilan emas, hatto Ovrupo madaniy millatlarining tili va bilimi bilan javob bersak odam qatori yashamoqqa albatta haq qozonadirmiz.
Endi bu ezgu harakatga tariximizda ko‘ra olmag‘animiz – bu narsa qo‘shulsa, ya’ni o‘zbekning erkin yigitlari emas, tutqun qizlari ham Ilminskiy vasiyatiga qarshi isyon boshlasa, o‘zi uchun eng oliy bo‘lg‘an elidan, ota-onasidan kechib necha ming chaqirim yerga ketsalar, odam qatori yashash haqqini turtki yemasdan, urulmasdan, so‘kilmasdan ko‘b ko‘rush huquqini ortig‘i bilan qozona olamiz.
Eski turmush o‘lim to‘shagida. Yigitlarimizning chin bilimga qarab bu intilishlari eski turmushni bir oz avval yerga ko‘mgusidir.
O‘zbek xotun-qizlari huquq va erk uchun kurash boshlamoqda. O‘zbek qizining G‘arbga, G‘arbning chin bilish, chin madaniyatiga qarab yurushi uning haq-huquqini butun elning haq-huquqi bilan birga tez va tez fursatda qo‘lg‘a keltirgusidir.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|