Ishqida

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ishqida
by Jahon otin Uvaysiy

Oh, gulruxsora jonon, xordurman ishqida,
Dil aro qon, siynasi afgordurman ishqida.

Kechalar kirdim chaman, vaqti sahar zor ayladim,
Qumri-yu ham andalibi zordurman ishqida.

Xotirim tay qilsa nogah nargisi ul masti xob,
Kavkabi sayyoradek bedordurman ishqida.

Mo‘rdek pomoldurmankim, salomat ahliga,
Dard ahliga bu dam sardordurman ishqida.

Aql-u, fahm-u, hush-u idrokim sazovor o‘ldikim,
Mijmari bardosh ichinda nordurman ishqida.

Istasam marham ajab ermaski, sendin, ey tabib,
Dardsizlar zaxmidin bemordurman ishqida.

Soqiyo, bergil alimga sog‘arekim, xosdin,
Sog‘inib ul sof may, xummordurman ishqida.

Gul yuzi o‘xsharmu ul gul yuziga, ey bog‘bon,
Och daring, ko‘rmakligim dushvordurman ishqida.

Xotirim zulfiga band-u ixtiyorim husniga,
Din ila payvast ul zunnordurman ishqida.

Qilma, ey zohid, ko‘rub, ahvolima sen sarzanish,
Noz-u istig‘noli, so‘z bardordurman ishqida.

Gar kishi bo‘lsa xaridori Uvaysiy ichra bor
Ul matoyi ramzg‘a bozordurman ishqida.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse