Irfon keladir
(O‘zbek bilim yurtini birinchi martaba bitirib chiqqan 5 yigitga)
Shu yigitlarki qo‘lga nurli aso
Ushlashib yo‘lchilikni ko‘zlaylar;
U ulug‘ yo‘lki, bir ulug‘ sahro,
Chin saodatni shundan izlaylar.
U quruq, kimsasiz, vahm yo‘ldan
Charchamay, suvsamay o‘tib ketmoq!
Tugamay o‘tli intilish dildan,
Bor to‘siqlarni yo‘q etib ketmoq!
Shu yomon, zim-ziyo uzun kechalar
Bizni yutmoq, bitirmoq istaylar.
Eskilar qutqarishga kelmaylar,
Balki qonlarni tomchilab ichalar…
Toza qonlarga ishtaha saqlab
Kutadir yo‘lda och, haris dushman;
U ulug‘ yo‘lni nur bilan tozalab,
Yetasan istagingga, ey irfon!
Chunki sen – yangi, toza bir kuchsan,
Bilaging bir temir, po‘lat kabidir.
Chunki sen yog‘du-nurga ko‘p o‘chsan,
Tilaging bir olov, bir o‘t kabidir.
Sen uchun yo‘q: o‘lim, mozor, yo‘qolish;
Sen uchun bor: hayot, yashash, urunish.
Ezgu istakka to‘g‘rilab yo‘l olish
Va u yo‘llarda charchamay yugurish!
Shu tilaklarga zo‘r, ulug‘ hurmat!
Shu yuraklarga so‘ngi yo‘q himmat!..
Toshkent. 1923, 12–may
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|