Jump to content

Ilgaklar

From Wikisource
Ilgaklar
by Maksim Gorkiy, translated by Abdulhamid Choʻlpon
334662IlgaklarAbdulhamid ChoʻlponMaksim Gorkiy

….Biz o’zimiz uch orqadosh edik: Syomka Kargoza, men va Mishka. Bu “Mishka” deganimiz, doim har narsaga muloyim kulib qaragan va doim mastlikdan qavarib turgan zor-zor ko’k ko’zli, sersoqol yolg’on bir kishi edi. Biz o’zimiz shahardan tashqarida, dalada: negadir “Oynak zavodi” atalmoqda bo’lg’an eski va yarim xaroba bir binoda turar edik; uning bunday atalmog’i terazalarida bitta ham oynak yo’qlig’idan kelgandir, balki… Biz har qanday yumush bo’lsa ham qilaverar edik: hovlilarning sahnlarini tozalardiq; ariqlar, yerto’lalar, axlat chuqurlari kovlardik; eski bino va devollarni buzib berardik va bir daf’a, hatto, tovuq katagi solmoqqa ham urunib ko’rdik. Lekin, bu ishni biz bajara olmadiq: o’z gardaniga olgan va vazifalariga doim astoydillik bilan qarab o’rgangan Syomka bizning tovuq katagi solish hunariga oshno bo’luvimizdan shubhalandi va bir kun xuddi tush vaqtida dam olib turgan chog’imiz ediki, tovuq katagi yasamoq uchun qo’limizga berilgan mixlar, ikkita yangi taxta va bitta oyboltani qovoqchiga berib keldi. SHu xususda bizni ishdan haydadilar; lekin to’latib olmoq uchun bizda hech narsa bo’lmag’anliqdan da’vo-ma’vo qilib o’lturmadilar. Biz “quruq non bilan quruq suvg’a” qanoat qilib qoldik va uchovimiz ham taqdirimizdan noroziliq belgilari ko’rsata boshladiq, ki bunday vaqtlarda u holat juda tabiiy va qonuniy bo’ladir.

Ba’zan u holat o’tkir bir shakl kasb etar, butun muhitimizga qarshi bizda bir dushmanliq tuyg’uvsi uyg’otar va bizni “jinoiy qonunlar” ma’suliyatiga qoldira turg’an ancha serjanjal qahramonliqlarg’a zavq etardi; Lekin umuman biz o’zimiz “melanxolik” (savdoyi)larcha anqov bo’lib, ovqat qayg’usidan bo’shamas va tirikchilikga foydasi tegmay turg’an bir xil turmush taassurotidan juda oz mutaassib bo’lardiq.

Biz uchovimiz ham, men uni qiziq deb bilib sizga aytib bermak istaganim voqeadan ikki hafta burun, “g’ariblar qo’shxonasi”da uchrashgan edik.

Ikki-uch kundan so’ng biz uchovimiz do’stlashib oldiq, qaerga bo’lsa birga borardiq, biri-birimizning maqsad va tilaklarimizni inonib so’zlashardik, qaysi birimizning qo’limizga bir narsa kirsa hammamiz baham ko’rishardik; umuman aytganda bizga juda yomon dushmanliq mamlasi*qilib kelgan hayotga biz ham o’zaro va jimgina tadafi’i va tajovuzi ittifoq bog’lagan edik. Biz butun kun bo’yi buziladigan, arralana turgan, kavlana turgan yoxud tashilaturgan bir ish axtarar, va agar shu xil ish topila qolsa, boshda juda zo’r havaslar bilan kirishardik. Lekin ikki soat o’tar-o’tmas u ish bizning ko’nglimizga urib qolardi, buning sababi shul bo’lsa kerakkim, bizning har birimiz, o’zini, masalan, axlat zovuri kavlash yoxud axlat zovurini tozalash singari ishlardan ko’ra (bilmaganlar bilib qo’ysinlarkim, keyingisi avvalgidan yomonroq) durustrak va yuqoriroq vazifalarni bajarishga belgilangan deb bilardi.

Shundan so’ng Syomka u ishning tirikchilik uchun zarur bo’lganiga ham ishonmay boshlardi.

Xo’p, zovur kovlar ekanmiz… nima keragi bor buning? Yuvundi to’kmoq uchun emish. Yuvundini sahnning o’ziga to’ka berilsa bo’lmaydimi? Bo’lmas emish, sasib ketar emish. Gapni qarang! Bekorchi bo’lgandan so’ng gapira berar ekan-da. Chunonchi masalan tuzlangan bodringni tashlading, u o’zi kichkina narsa bo’lgandan keyin nimasi sasir edi uning? Bir kun yotsa o’zidan-o’zi chirib… yo’q bo’lib ketadir. Bordi-yu chunonchi o’lgan odamni olib chiqib oftobga tashlading, unda albatta, biroz sasiydi, nimaga desang, odam – juda ham azamat narsa.

Syomkaning mana shu xil fikrlari bizning ishga bo’lgan hafsalalarimizni ancha sovutib qo’yar edi… Agar ishni kundalik baholashib olgan bo’lsaq, bu xil hafsala sovushlari bizga ko’p foyda berardi, yo’q, agar ishning hammasini birdan baholab olgan bo’lsaq, ish bitmasdan ilgari pulni olib yeb qo’yar edik. SHundan keyin xo’jayinning oldig’a borib qo’shimcha haq so’rardik, u bo’lsa ko’p vaqt bizni haydab solar va “bir daf’a haqqini to’laganimdan keyin politsiya yordami bilan bo’lsa ham ishni bitkazdirib olaman” deb bizga do’q urardi. Biz esa “och holda qanday ishlaymiz?” deb e’tiroz qilar va ozmi-ko’pmi qiziqqan bo’lib qo’shimcha haq ustida mahkam turib olardik va natijada aksari yutib ham chiqardik.

Bu ishimiz, albatta, yaxshi emas edi. Lekin insof qilganda, nihoyatda foydali edi; zotan hayotning o’zi shunday o’ng’aysiz tuzilibdir, kim yaxshi bo’lsa hamma vaqt foydali ishning ziddiga yaraydir, shunday bo’lgandan keyin bizda ham ayb yo’q.

Xo’jayinlar bilan aytishuv vazifasini Syomka o’z uhdasiga olar, o’zining haqligini so’zlarkan kuni bilan ezilgan va uning og’irlig’i ostida entikkan kishiday gapirib, o’z vazifasini xuddi artistlar kabi juda yaxshi bajarardi…

Mishka bo’lsa indamasdangina qarab turar, o’zining ko’m-ko’k ko’zlarini o’ynatar, xuddi allanarsa aytmoqchi bo’lib botinolmaganday, o’zining yuvosh va marhamatli jilmayishlaridan to’xtamasdi. U o’zi zotan kamgap bo’lib, yolg’iz esrik vaqtlaridagina “nutq”qa o’xshagan bir narsa aytib yuborardi. SHunday vaqtlarda ul:

– Hay o’zimning birodarlarim! – deb so’z boshlardi; xuddi shu vaqtda uning lablari allaqanday bo’lib qaltirar, bo’g’uziga ham yo’tal kelib qisilar va so’zini boshlab qo’ygandan keyin, qo’li bilan tomog’ini qisib turib bir yo’talib oladir…

– X-xo’sh? – deb bardoshsizliq bilan gap tashlab tomog’ini qisib turib bir yo’talib oladir…

– Hay o’zimning birodarlarim! Bizlar, xuddi bir itday yashaymiz… hatto u bilan ham tenglasha olmaymiz… nima uchun bunday? Ma’lum emas. Ammo lekin aytmoq mumkin, ki, taqdir shuni xohlagandir. Hamma ish uning xohlaganicha bo’ladir-ku… shunday emasmi, a, birodarlar? Mana shunday… Demak, biz o’zimiz yomon odamlar bo’lganimiz uchun it qatori kun ko’rishga munosib ekanmiz. Biz yomon odamlarmiz, a? Mana shunday… shu uchun mana men hozir aytaman, kim biz itlarga kelishgani ham shu. Gapim rostmi? Demakki, bu qilmishimizga ko’ra ekan. Demak, taqdirimizga tan bermagimiz lozim ekan-da…a? To’g’rimi?

O’z o’rtog’ining bu vahimali va sinovchi savollariga qarshi Syomka:

– Ey ahmoq, – deya parvosiz javob qaytarardi.

Mishka esa xuddi gunohkorday siqilar, bir turli tortinchoqliq bilan jilmayar va mastlikdan yumulayozgan ko’zlarini pilpillatib jim bo’ladi.

Bir kun ishimiz o’ngidan keldi.

Biz uchovimiz xaridor axtarib bozor aylanarkan jiddiy va burushqoq yuzli kichkina, qotma bir kampirga yo’liqdiq. Kampirning boshi birishta* qaltiramoqda va shuning uchun vazmin kumush sopli katta ko’zoynagi ham uchlik burni ustida doim o’ynab turadir. Nursiz porlagan kichkinagina ko’zlarini yiltiratib u tez-tez oynagini o’nglardi.

Biz uchalamiz baravar ishtiyoq bilan unga tikilgan edik, u so’radi:

– Bekormisiz? Ish izlaysizmi?

Bu savoliga Syomkadan hurmat bilan birlikda tasdiq javobi qaytgach, kampir: – Yaxshi, – dedi, – men uyimdagi eskirgan kichkina hammomchani buzdirib o’rtasidagi zovurni tozalatdirmoqchi edim… Shunga qancha olasiz?

Bunga qarshi bizning Syomka muloyim va to’g’ri javob berdi:

– Endi xonim, bizga o’sha nimaning chunonchi hammomingizning katta-kichikligini ko’rishga to’g’ri keladi. Undan keyin o’sha zovurning o’zini ham… uning har xili bo’ladir. Ba’zisi juda ham chuqur bo’ladir…

Kampir bizni ko’rsatgani olib ketdi va biz hammomni buzib o’rtasidagi zovurni tozalab berishni besh so’mga baholab olib, bir soatdan so’ng ishga tushdik va abjirlik bilan “inistarapil”*larni qo’zg’ata boshladiq. Bu hammom eski va xarob bir bog’ning burchagiga solingan edi. Undan biroz narida olucha daraxtlari orasida bir shiypon bor edi. Biz hammomchaning shipida turib ko’rdik, kim shiypon ichida bir kursida uy egasi kampir o’tirgan, tizzasiga zo’r bir kitobni qo’yib olib ixtimom bilan o’qib o’turadi… Ba’zan u biz tomonga diqqatli va chuqur bir nazar tashlaydir, shunda tizzasidagi kitob qimirlab uning zo’r-zo’r, qalaba kumushdan yasalgan ilgaklari quyoshda yaltirab ketadir…

Dunyoda buzishdan oson ish yo’q.

Biz, qaqshagan va zaharli changlarning buruqsamalari orasida, har nafasda bir uchkurib*, bir yo’talib, bir mishirib va ko’zlarimizni arta-arta zo’r berib ishlar edik. O’z egasiga o’xshagan qarri hammom ag’darilib, yiqilib borardi…

Bizga Syomka qomanda* berardi:

– Qani, sur birodar, kuching boricha! – derdi u va to’sunlar bir-bir ketin yerga qarab uchardi.

– Qanday kitob ekan u? Juda ulkan-a? – dedi Mishka xayol surib turib.

Bu vaqtda u o’zi tayog’ida tayangan, qo’li bilan yuzidagi terlarini artar edi. Bir nafasda rangi o’zgarib “mulat”ga aylandi; kaftiga tupurib ho’llagach, qo’liga tayog’ini oldi-da, butun kuchi bilan ikki to’sun orasidagi yoriqni mo’ljallab turib urdi va mo’ljallagan joyiga o’rnatib qo’ygach, yana boyagi o’ychanlik bilan ilova qildi:

– “Injil” deyin desam, juda ham ulkan…

Syomkaning bilgisi keldi:

– Ha, senga nima? – deb so’radi.

– Mengami? Hech…men o’zim kitob eshituvni yaxshi ko’raman… diniy kitob bo’lsa agar… bizning qishloqda Afrikan degan bir sallat* bor edi, ana o’sha, ba’zan Zabor* o’qib qolardi… Xuddi nog’ora chalganday qilib yaxshi o’qurdi.

– Xo’p, o’qusa nima bo’libdir? – deb, papirosni o’rab turib yana so’radi Syomka.

– Hech narsa… juda yaxshi edi deyman-da… So’zini tushunmasam ham ishqilib juda ta’sirlik edi… Ko’cha-ko’yda sen uni sira eshitolmaysan… O’zi anglashmaydir u, lekin ko’ngilga aytilg’anni sezib turasan kishi.

Syomka o’z o’rtog’ining achchig’iga tega boshladi:

– Gapingni uqib bo’lmaydi sening… ishqilib sening daraxtzordagi to’nkaday ahmoq ekaning ma’lum bo’ladir…

– Ma’lum sening so’kishingdan boshqa ishing yo’q!.. – dedi Mishka va bir oh tortdi.

– Ahmoqlar bilan qanday gaplashadir kishi? Ularga gap uqdirib bo’larmidi? Qani, sur-chi mana bu chirigan to’sinni… ha, ha!

Tegrasi siniqlar bilan o’ralg’ani va o’zi chang bulutlarig’a ko’milgani holda, hammomcha ham buzulib ketdi; yaqindagi daraxtlarning yaproqlari uning changlariga bo’yaldilar. Iyul quyoshi bizning orqa va yelkalarimizni ayamay yondirar, terlarga botiradir…

Mishka yana gap boshladi:

– Kitobning muqovasida kumush ham bor.

Syomka boshini ko’tardi va tikilganicha shiypon tomonga qaradi.

– SHundaqaga o’xshaydir, – dedi u kaltagina qilib.

– Demak, Injil.

– Xo’p, Injil bo’ldi… nima chiqardi?

– Hech…

– Kumush desang cho’ntagimda to’lib yotibdir. Yo’q, agar diniy kitob eshitging kelgan bo’lsa, to’ppa-to’g’ri kampirning oldiga borg’il-da, “jindek o’qib bering, ona”, degil. Biz, degil munday narsalardan mahrummiz, degil… ust-bosh, kiyim-kechagimizning mazasi yo’qligidan kaliso*ga kirolmaymiz degil… dinimiz bo’lsa, bizniki ham… toza… degil. Qani, bor!

– Chinakam… boraymi?

– Ha,bor…

Mishka qo’lidagi tayoqni tashladi, ko’ylagini o’ngladi va uning yengi bilan betidagi changlarni artdi-da, hammomchadan irg’ib pastga tushdi.

Syomka bir tomondan ishonchsiz jilmaygani va ikkinchi tomondan yovvoyi ko’katlar orasidan shiyponga tomon ketib turgan o’rtog’ining qorasini juda qiziqish bilan kuzatgani holda:

– Haydab soladi seni, sen mardikorni… – deb g’udurandi.

Mishka bo’lsa novcha bo’yi va shimarilgan iflos qo’llari bilan, engisha-engisha, og’ir-og’ir tebranib, butalarga tega-tega vazmingina qadam bosar va tortinchoqlik bilan kalta-kalta kulib boradir, kampir o’ziga tomon kelayotgan yalangoyoqqa boshini ko’tarib qaradi va tinchgina turib ko’zlari bilan uni “o’lchab” oldi.

Uning ko’zoynagining oynaklarida va kumush soplarida quyoshning shu’lalari yiltillab o’ynadilar.

Syomkaning taxminlariga xilof o’laroq, kampir Mishkani haydab solmadi. Yaproqlarning shitirashlari orqasida biz Mishka bilan kampirning nima gaplashganlarini eshita olmas edik, lekin biz ko’rib turamiz, kim Mishka sekingina kampirning oyog’i oldig’a o’turayotir va endi uning burni kitobga tegay-tegay deb turadir. Uning yuzi ulug’sifat va tinch, biz ko’rib turamiz, kim u soqolidag’i changlarni yo’qotmoq uchun soqolini puflamakda, hadeb qimirlaydir va nihoyat bo’ynini olding’a cho’zgan va kampirning qo’llarig’a intizorliq bilan tikilgani holda o’xshovsiz bir vaziyatda o’turib oldi. Kampir esa o’zining qotma va kichkina qo’llari bilan astagina kitob varaqlabyotir.

– A, ko’ppak bolasi!… Dam olishning yo’lini topdi-ya… Qani, yurmaysanmi biz ham bormaymizmi? Qarab o’turamizmi? Ul u yerda maza qilib dam olsin-u, biz bu yerda u uchun ish qilayliqmi? Yure!

2-3 minutdan so’ng biz ham, Syomka ikkovimiz o’rtog’imizning ikki yoniga bittadan joylandiq.

Kampir bizni indamasdan qarshi oldi, u yolg’iz bizga bir tikilib qarab oldi-da, yana bir narsani aqtarib, kitobni varaqlay boshladi. Biz o’zimiz toza va xushbo’y yaproqlarning muhtasham, ko’m-ko’k chambaragi orasida o’turardiq va boshimizdag’i dilbar va muloyim, bulutsiz bir osmon yoyilg’an edi. Ba’zan yengil bir shabada esib o’tar, shunda daraxt yaproqlari allaqanday sirli bir un bilan shitirlashardilar; u un shunday unkim, hamma vaqt ko’ngilni yumshatadir, unda allaqanday sokin va mushfiq hislar tug’diradir va kishini, o’zi aniq bo’lmasa ham odamning o’ziga yaqin bo’lgan allanarsalar to’g’risida o’ylashg’a majbur qiladir; odamni ichki kirlardan tozalaydir, yoxud hech bo’lmaganda u kirlar to’g’risida o’ylashni vaqtincha tashlab turib yengil va toza nafas oluvga majbur qiladir…

Bir vaqt kampirning ovozi eshitildi:

– Iso Masihning ojiz bandasi Pavel…

Bu ovoz qarilarcha qaltirab va uzilib-uzilib chiqsa ham lekin o’zi allaqanday taqvodorliq hamda jiddiy bir ulug’sifatlik bilan to’la edi. Uning ovozi chiqqan hamon Mishka ixlos bilan cho’qinmoqqa, Syomka esa mumkin qadar qulay bir vaziyat olmoq uchun yerda pitirlamakga boshladi. Kampir o’qishni to’xtatmasdan Syomkaga bir ko’z tashlab oldi.

“Men juda istaymankim, sizni bir ko’rsam sizga o’z saodatingiz uchun lozim bo’lgan bir tuhfayi ruhonniy bersam, ya’ni siz bilan bir dinda bo’lganimg’a sizning va mening dinim bir bo’lganig’a shukurlar qilsam”.

Syomka haqiqiy bir ma’jusiy sifati bilan ovoz bilan bir esnadi, uning o’rtog’i esa ko’m-ko’k ko’zlarini ko’tarib ta’nali bir nazar tashladi va o’zining butun chang bosibyotqan paxmoq boshini quyi soldi…

Kampir ham o’qishni to’xtatmasdan olayib Syomkaga qaradi va bu qarash Syomkani uyaltirdi. U burnini chimirdi, ko’zlarini qisdi va esnashdan hosil bo’lgan taassurotini yozmoq uchun bo’lsa kerak, taqvodorlarcha chuqur bir oh tortdi.

Bir necha minut tinch o’tdi. Bir xil ovozda, lekin sarahat bilan qilingan qiroat, tinchlandiruvchi bir ta’sir ichra qoldi.

– “Negakim, yerdagi har bir baxtsizliqqa ko’kdan Allohning azob qapusi ochiladi va…..”

Birdan kampir Syomkaga qarab baqirdi:

– Nima kerak senga? – dedi.

U yumshoqliq bilan javob qaytardi:

– Mengami… hech! O’qishingizda davom qilingiz, qulog’im sizda.

Kampir achchiqlandi.

– Nega sen iflos qo’llaring bilan ilgaklarni ushlab o’turubsan?

– Qiziqib ketdim… negakim, ishi juda nozik ish, men o’zim bilaman – bu ishdan menim ham xabarim bor…shu uchun ushlab ko’rib edim.

Kampir quruq bir amr berdi:

– Menga qara! – dedi, – Aytib bergil menga, nima to’g’rida o’qudim men?

– Marhamat qilingiz, marhamat men anglayman…

– Xo’sh gapir.

– Va’z… Masalanki, ya’ni din xususida bir nasihat bo’lsa kerak… juda oson va!… Juda haq gaplar to’ppa-to’g’ri ko’ngilni qo’zg’atadi!

Kampir xafa bo’lib boshini chayqadi va hammamizni ta’nalik bir qarash bilan qarab chiqdi.

– Halok bo’lgansiz siz… qotgan toshsiz siz… boring ishingizga!

Mishka hijilliq bilan uyalib turub dedi:

– Kampirning achchig’i kelib qoldi shekilli.

Syomka esa boshini qashladi… esnadi, so’ngra bog’chaning tor yo’lagidan orqasiga qayrilmay ketayotgan kampirga bir qaradi-da o’ychan turib dedi:

– Kitobni ilgagi kumushdan, lekin …

So’ngra allanarsani o’ylab suyunganday og’zini keng ochib bir kuldi.

U kun biz hammomchani tamom buzib bitirgan edik. O’sha kechani hammom xarobasi yonida yotib o’tkazdik, ertasi kuni suvlarga pishilib va botqoqlarga bulanib yurib, tushga qadar zovurni ham tozalab bitirdik-da, tashqarida uy oldida o’ltirib bir-birimiz bilan gapirishib yaqinda to’yib-to’yib ovqat qilajagimizni tasvir qilishib xizmat haqi olmoq uchun uy egasini kuta boshladiq, o’sha shirin tasvirlardan nariga o’tmakga hech birimizda havas yo’q edi…

Syomka, betoqatlik bilan, lekin yarim pichrab turub, jahl qilib gapirdi:

– Bu yalmog’iz kampir, nima balo bo’ldi, shu vaqtgacha chiqmaydir, – dedi – yo o’lib-netib qolmadimi?

Mishka ta’na bilan boshini chayqadi:

– So’kishini qarang muning, nimaga so’kar ekan bu? Qari, sofiy bir kampir bo’lsa, hadeb so’kadi. Tabiati shu ekan-da, bu odamning…

– Tergadilar… – deya kuldi o’rtog’i, – tala qo’ruqchisi.

Do’stlarning bu shirin suhbati uy egasi kampirning kelishi bilan to’xtaldi. U bizning yonimizga keldi va bizga pul uzatib turib, jirkanish bilan dedi:

– Mang… oling va yo’qoling. Men hammomchadan chiqqan yog’ochlarni sarjin qildirmoqchi edim, o’shani ham sizga topshiray deb edim, lekin siz unga ham arzimayturgan odamlar ekansiz.

Hammomchaning yog’ochlarini sarjin qilishga ham arzimagan bizlar (zotan hozir unga ehtiyojimiz ham yo’q edi), indamasdan pulni oldiq-da jo’nab qoldiq.

Darvozadan chiqar-chiqmas Syomka gap boshladi:

– Uni qarang-a, qari alvastini qarang-e, arzimas emishmiz, arvoq baqa! O’quyber endi kitobingni…

So’ngra, u qo’lini cho’ntagiga soldi-da, ma’dandan qilingan ikkita porloq narsa oldi va ko’z-ko’z qilib bizga ko’rsata boshladi.

Mishka to’xtadi va u narsani ko’rishga qiziqib bo’ynini oldinga va Syomkaning baland ko’tarilgan qo’liga tomon cho’zdi.

– Ilgaklarni uzib oldingmi? – deb, ajabsinib so’radi u Syomkadan.

– Xuddi o’zlari… kumushdan… kim olmaydi deysan bir so’mga?

– A, padariy! Qachon olib eding? Berkit, ayb bo’ladi…

– Berkitaman…

So’ngra uchovimiz ham indamasdan keta boshladiq.

Mishka o’ychan-o’ychan o’ziga gapirib borardi:

– Boplabdir… shart etibdir-da, uzib olibdir. Qarang e… Lekin o’zi yaxshi kitob edi… kampir… endi bizdan xafa bo’ladi-da…

Syomka piching ota boshladi:

– Yo’q, ey… unday dema! Kampir o’zi sizni yana qaytib chaqiradi-da, bizga choy-chaqa beradi….

– Xo’sh, qanchaga sotasan o’shaningni?

– Bo’ladigani to’rt yarim tanga, bir pul ham kamaytirmayman… o’zimga qimmat tushgan… ko’rdingmi, tirnog’i qayrildi!

Tortinibroq so’radi Mishka:

– Menga sotaqol…

– Senga? Nima qilmoqchisan ilgak taqmoqchimisan… Ol, juda kelishadi bu ilgak… sening shu kepatangga!

So’ngra Mishka ovozini pastlatib, yalinibroq so’radi:

– Yo’q rost aytaman, sotg’il.

– Ol deb yotirman-ku… necha pul berasan?

– So’rayber… ish haqidan qancha tegadi menga?

– Olti tanga…

– Munga qancha berayin?

– Bir so’m…

– Do’stingga… arzonroq qil-da.

– Ey ahmoq, senga nima keragi bor?

– Sen sotaber.

Oxirida savdo bo’ldi va ilgaklar to’qson tiyin baravariga Syomkadan Mishkaga o’tdi.

Mishka to’xtadi-da, paxmoq boshini quyi solib, qoshini chimirib va u ikki bo’lak kumushga tikilib qaray-qaray ularni ikki qo’lida o’ynata boshladi.

Syomka unga yo’l ko’rsatdi:

– Burningga o’tkazib olg’il, burningga…

Mishka jiddiy e’tiroz qildi:

– Nega? Hech unday qilmayman. Men ularni kampirning o’ziga eltib beraman. “Biz, deyman, onajon, bilmasdan olib ketibmiz, mana bu narsangni deyman, endi yana, deyman, o’z joyiga joylab qo’yg’il, ya’ni o’sha kitobning o’ziga”, deyman. Lekin sen buni tagi bilan qo’shib yulgan ekansan… muni qandaq qildiq endi?

– Hoy, la’nati, sen hali chinakam eltib bermakchimisan? – dedi hayron bo’lib, og’zini ochib qolgan Syomka.

– Bo’lmasam-chi? Ko’rib turibsanki, o’zi shunaqa kitob butun bo’lib turmasa bo’lmaydir… uni burdalab o’ynash yaramaydi…

– Kampir ham xafa bo’ladi, u o’lim oldidagi narsa…..birodarlarim. Shu yerda tura turinglar, men chopib borib kelaman.

Biz uni to’xtatib qolguncha bo’lmay, u kata-katta qadam bosib, muyilishdan u yoqda yo’qoldi.

Bu ishning tagiga va undan chiqajak natijalarga tushungan Syomkaning joni chiqdi:

– Juda bo’lmag’ur narsa ekan muning! – dedi.

Ikki so’zning birida yomon-yomon so’kinib, u meni ko’ndirishga urunib qoldi:

– Yur tezrak, yo’qsa bizni ham rasvo qiladir. Uning qo’li orqasiga bog’langan o’tirgandir o’zi ham… Alvasti kampir bo’lsa, mirshabga odam yuborgandir! Yur endi. Sen ham bo’lmasa o’sha kasofatga ergashib, hay, bekordan bekorga avaxtaga soldirib qo’yadir seni ham! Yo’q, odam emas uning!.. Qanday qing’ir ko’ngil o’z o’rtog’iga shunday yomonliqni ravo ko’radi, a?! Ey, qudratingdan xudo! Odamlar ham lekin g’alati bo’lg’an-da, yur, hay la’nati, nimaga qotib qolding? Kutasanmi? Kutaver padaringga la’nat sen o’g’rilarning! Tuf yuzingga, la’natilar, yurmaysanmi? Qolaber bo’lmasa…

Men Mishkaning o’sha kampir bilan nimalar qilishini “totdirgach” Syomka, biqinimg’a qarab musht bilan kuchlik bir zarb tushirdi-da, bir zumda ko’z oldimdan yo’q bo’ldi.

Men Mishkaning o’sha kampir bilan nimalar qilishini bilmak istar edim, shu uchun sekingina kampirning uyiga qarab yurdim. Birorta tahlika yoxud o’ng’aysizliqqa uchrarman degan ehtimol menda yo’q edi.

Va men yanglishmagan ekanman.

Kampirning uyiga kelib devorning yorug’idan qarab edim, yolg’iz mana bu holni ko’rib mana bu ovozlarni eshita oldim: kampir, qo’lida Injilning ilgaklari bo’lgani holda zinaning pog’onasida o’turadi va ko’zoynagi orqali sinovchi va o’tkur qarashlar bilan menga orqasini qilib turgan Mishkaga qaraydir!

Kampirning itdek ko’zlaridagi porlash harchand keskin va quruq bo’lsa hamki lablarining ikki chekkasidagi terilarining yumshoq bir qatlam hosil o’tganliklari ko’rildi, bundan kampirning o’z mushfiq tabbasumini, ya’ni kechirim tabbasumini berkitmak istagani anglashilardir.

Kampirning orqasidan yana uchta basharaning qarab turgani ko’rindi: ularning ikkitasi xotin kishilar bo’lib, biri qizil yuzli va sergul ro’molli, yana biri yalangbosh ikkinchi xotinning yelkasidan esa bir erkakning basharasi ko’rildi.

U erkak Mishkaga qarab ko’zlari bilan g’alati himolar qilar va unga go’yo: “Tezroq qochib qol!” demakchi bo’lardi.

Mishka bo’lsa, anglatmoq qasdida imillab-imillab so’zlardi:

– O’zi tansiq bir kitob ekan, bizni so’kadi, siz hayvonsiz, itsiz, ko’ppaksiz, deydi. O’zim ham o’ylab ko’rdim, rost, dedim. Asl haq gap, dedim… Biz, dedim, hammamiz chinakam yaramas… bo’lmag’ur odamlarmiz dedim! SHunday bo’lsa ham yana o’yladim: uy egasi bir kampir, dedim, uning bor-yo’g’i, butun quvonchi, balki shu birgina kitobdir, dedim. Endi ilgakka kelsak… “qanchaga olar edi o’zini birov?” dedim. Agarda kitob bilan birga bo’lsa unda qimmati bor! SHundan keyin o’yladim: “Kel dedim, shu narsani kampirning o’ziga olib borib berayin-da, qari narsani bir suyuntirayin dedim. O’zimiz ham hozir rizqimizga yarasha bir narsa ishlab ham olganmiz, dedim, yaxshi qolinglar. Men ketdim.

Kampir uni to’xtatdi:

– To’xta! – dedi u. – Sen mening kecha o’qub berganlarimga tushunganmisan?

– Menmi? Men tushuna olarmidim? Eshitishga bo’lsa eshitamanu… O’shanda ham qanday eshitasan deng. Bizning quloqlarimizga xudoning gapi kirarmidi? Biz uni tushuna olmaymiz… Xayr endi …

– Xo-o-ov, – deb bir cho’zib qo’ydi kampir, – yo’q, sen soshilmay tur hali…

Mishka butun hovliga eshittirib, qattiq bir oh tortdi va turgan joyidan xuddi ayiq kabi debsanmakga boshladi.

Aftidan o’zining haligi gaplari o’ziga og’ir tuyula boshladi.

– Yana o’qib bersam eshitasanmi?

– Imm… o’rtoqlarim kutib qolishdi.

– Tashla u o’rtoqlaringni… O’zing yaxshi yigitsan, tashla ularni.

– Mishka tinchgina rozilik berdi:

– Xov, – dedi u sekingina.

– Tashlaysanmi? A?

– Tashlayman.

– Hay barakalla… Esing bor… O’zing hali yosh bolasan…Soqoling bo’lsa shu qadarki… belingga tushadi. Xotining bormi?

– Yo’q o’lib ketgan…

– Nega ichkilik ichasan? Sen o’zing piyonistamisan-a?

Mishka mahzun javob berdi:

– Ha piyonistaman, ichaman. Nega deysizmi? Esim yo’qligidan ahmoqman, shu uchun ichaman. Albatta, odamda es degan narsa bo’lsa… u odam axir o’z-o’zini halok qilib o’tiradimi?

– Fikring to’g’ri… unday bo’lsa esingni top… sen esingni topib ol-da, haq yo’lga kir… Kalisoga yur… Allohning so’zlarini eshit. Hamma hikmat o’shanda.

Mishka xuddi anglaganday bo’lib gapirdi:

– Ha, albatta…

– Men senga yana o’qub beraman, eshitasanmi?…

– Buyuringiz…

Kampir o’tirgan yerida allaqaerdan Injilni topdi-da, varaqlay boshladi va birozdan so’ng butub hovli yuziga uning qaltiroq ovozi yoyildi:

– “Shunday qilib, ey birovning hukmini qiluvchi inson, ogoh bo’lgilkim, birovga chiqargan hukming bilan haqiqatda o’zingni mahkum qilgan bo’larsan, choraki boshqani hukm qilmoq bilan ayni o’shani qalgan bo’larsan!”

Mishka boshini bir tarz chayqatib va chap yelkasini qashib qo’ydi.

“Ayo sen, ey inson, hukmi ilohdan qochib qutulaman deb o’ylaysanmi?”

Mishka yig’lamsirab boshladi:

– Xonim, ruxsat bering, menga xudo haqqi… ikkinchi bor kelarman-uv, yaxshilab tinglayman… shu topda juda yomon qornim ochib ketdi…Kecha oqshomdan beri hech narsa yeganimiz yo’q… Kampir achchiq qilib kitobni yopdi.

Hovli yuziga: – Boraqol! – degan uzuk va keskin bir ovoz yoyildi…

– Qulluq sizga aztahidil, – dedi Mishka va shu bilan yugurar darajada tezlik bilan darvoza tomonga yurdi…

U chiqqach hovli bo’ylab:

– Gunohkor qullar… dillari qora bularning! – degan bir shivirlash taqib etdi uni…

Yarim soatdan so’ng biz u bilan birga bir mayxonada choy-non ichgali o’tirgan edik.

Mishka yoqimli ko’zlari bilan jilmayib turub boshdan o’tganlarni menga ayta boshladi:

– Xuddi parma bilan teshib tashladi meni u kampir! Turaman-da o’ylayman… Ey xudo! Nega bordim men o’shaning oldiga! Qiynalgani borgan ekanman!…Qo’limdan ilgakni olib o’zimni qo’yib yubora qolsa-ku bo’ladi-ya, muning o’rniga u meni hadeb gapga tutadi. Juda g’alati xalq-da! Sen bularga insof bilan muomala qilay desang ular o’z bilganlarini qiladilar… Men oppoq va toza ko’ngil bilan borib “mang, onajon, ilgagingizni; mendan o’pkalamang” desam… U aytadiki, “yo’q, to’xta, nega olib kelding muni? Shuni aytib ber!” ezdi-ey shunday qilib, ichak-chavog’imni… uning gaplarini eshitaverib terlarga botib ketdim… Rost, azbaroyi xudo. Va u o’zining nihoyasiz, yumshoq jilmayishini sira uzmadi…

Achchiqlangan va qovog’i soliq Syomka unga jiddiy qilib dedi:

– O’lganing yaxshi, po’k to’ngak! Yo’qsa, bu ishlaring bilan sen erta-indin yo chivin yo burgaga yem bo’lib ketasan…

– Bo’ldi! Sendan kela turgani shu, qo’y, endi ishning saranjom topqanig’a… Bir istakandan urub tashlayliq. Chinakam bu qiziq ishning saranjom topqani sharafiga uchovimiz birgalikda bir istakandan ko’tardik.

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States (and not published in the U.S. within 30 days), and it was first published before 1989 without complying with U.S. copyright formalities (renewal and/or copyright notice) and it was in the public domain in its home country on the URAA date (January 1, 1996 for most countries).

The author died in 1936, so this work is also in the public domain in countries and areas where the copyright term is the author's life plus 80 years or less. This work may also be in the public domain in countries and areas with longer native copyright terms that apply the rule of the shorter term to foreign works.

Translation:
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"