Ikki yo‘qotish

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ikki yo‘qotish  (1922) 
by Abdulhamid Choʻlpon
«Qizil bayroq» gazetasining 1922 yil 6 iyul sonida «Cho‘lpon» imzosi bilan bosilgan.

So‘nggi yillar, o‘zbek yoshlig‘i, taraqqiyparvarlig‘ining bir muncha cholishqon, pok ko‘ngillik yigitlarini — yer tagi olamiga sudrab olib ketdi. Hammasini bir-bir sanab esdan o‘tkarmak shu choqda mumkin bo‘lmag‘onligi uchun, yuzakigina bir o‘y yurgizish bilan ham A’lamuf, Ismoilzoda, Sultonuf, Sobir G‘afur va boshqalardan chizilg‘on bir qator tegrali sadaf donalarini ko‘rmak mumkin bo‘ladur. Mahmudxo‘ja otamiz bilan Muftizoda Abdirahmon va A’zamjonlar sadaf donalarining imomi bo‘lub ketdilar. Ayniqsa, Mahmudxo‘ja otamiz bilan bir qatorda turg‘on Mirzo Fozil (o‘shliq), tariximizga qaytib ketgan har bir chog‘imizda o‘zini sezdirib qo‘yadir.

Vaqti bilan chorning temir qo‘lliq jondori bilan kurashish davrida, shu bir hovuch boturlar, ne samimiy, ne berilgan yigitlar edilar. O‘lganlarning o‘rniga yuzlar, minglar bilan o‘rinbosarlar yetishib, ko‘nglimizga umid yog‘dulari yog‘dirg‘on tunlarda-da ketganlarning xotiralari ko‘b achchig‘ va zaharlik ta’sir etmakdadir.

Xo‘qanddan kelgan o‘shandoq yigitlarning biri yona ikki yo‘ldoshning oramizdan yo‘qolg‘onlig‘ini xabar berdi. Yaqin orada Xo‘qand va umuman Farg‘ona yoshlarining katta otalari, bobolari hukmida bo‘lg‘on domla yo‘ldosh Mavlaviy bilan ishlik yoshlardan va taraqqiyparpar shoirlardan Ibrohim (Davron) vafot etganlar.

Domla yo‘ldosh Mavlaviy — Turkiston va umuman islom ulamolarining haqiqatga qarshi ko‘r bo‘lishlaridan ta’sirlangani holda o‘zining tabiati asari o‘laroq boshqa yoshlar kabi ular bilan kurashishlikdan ojiz bo‘lg‘onlig‘idan bir chekkaga uzlat qilib, chiqib ketgan olimlardan edi. Ho‘qanddagi «Usuli jadida» harakatiga boshdan-oyoq oralashqon bu muhtaram zot, hur fikrli va rind qalandar bir kishi edi. O‘zi so‘ng choqlariga qadar dars aytishini tashlamag‘on bo‘lsa-da, boshqa ko‘b mudarrislar kabi shu vosita bilan Qorun xazinasini to‘plamoq kabi yo‘lg‘a ham ketmagan edi. Burundan beri yo‘qsul va qashshoqlarcha yashab keldi, o‘lganida ham meros nomiga bir narsa ham qoldirmag‘on. Hatto, o‘zi og‘riq ekan… og‘riqdan tuzalish choralarini ham ko‘rmagan va istamagan.

Yurtimizning ilmsizliq orqasida ketib borg‘on yo‘lining oxiri qandog‘ qo‘rqinch ekanini ortiq chuqur tushunar edi. 13—14-yillarda ziyoratiga kirganimda shu masaladan ko‘plab gaplashib o‘lturib «men bu ketishimizdan ko‘b qo‘rqaman», degan edi. O‘shal vaqtdag‘i ahvol va sharoitni yaxshilab bilgan kishilar bu so‘zning dahshatini ko‘b chuqur tushunar edilar. 63 yoshinda vafot etgai bu zot, arab adabiyotining ulug‘ olimlaridan edi, shu adabiyot bahslari ustida «Sho‘ro» muharriri Rizo qozi bilan muhorabasi bor edi. Turkcha (o‘zbekcha) va forscha she’rlar ham aytar she’rda (Jovid) otini qo‘llar edi.

Marhum Xo‘qand yoshlari tarafidan sha’niga loyiq bir suratda dafn etilgan va asarlarini tekshirmak uchun yosh ulamolar tomonidan 3 kishilik bir hay’at yuzaga chiqarilg‘on.

Ibrohim Davron — (A’zamxon Ibrohim o‘g‘li) 48 yoshida vafot etgan. Bu yigit Xo‘qand yoshlari orasida nashriyot ishlari bilan tanilg‘on bir kishi bo‘lub inqilobgacha Ho‘qandda yangi kitoblar va gazetalarni tarqatar va yozg‘uchilik bilan shug‘ullanar edi. Uning «Milliy jumboqlar» va «Ash’ori nisvon» otliq bosilgan ikki asari bordur. Avvalgisi bizning milliy tobishmoqlarimizni to‘plag‘on bir asar bo‘lub, ikkinchisi o‘zbeklardan yetishgan ba’zi bir shoiralarning she’rlar majmuasi edi. Ulug‘ ahamiyatga ega bo‘lg‘on so‘nggi asari, taassufga qarshi maydonda ko‘rulmaydir. Holbuki, Arbobiy tomonidan tekshirilaturg‘on bir narsa edi.

Marhum rasmga ham havaslik bo‘lub, o‘z asarlari uchun rasmlar ishlagan va 1914 yilda Turkiyada ham sayohat etgandir.

«Sadoyi Turkiston» gazetasining doimiy yozuvchilaridan bo‘lub, unda she’lar yozg‘uchi edi. (1914). Buda ko‘p yo‘qsulliq bilan o‘lgan.

Uning bir juft she’ri esimda qolg‘onkim, o‘qumag‘onliqg‘a qarshi yasalg‘on bu isyon — (o‘z vaqtida) ko‘b katta isyon edi (o‘zicha).

«Johil padarim, johil modar esa mutloq

Hayron qoluram kufr aylayman orasinda».

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse