Jump to content

Ikki og‘iz tariqatdan ham bo‘lsun

From Wikisource
Ikki og‘iz tariqatdan ham bo‘lsun (1923)
by Abdulla Qodiriy
334217Ikki og‘iz tariqatdan ham bo‘lsun1923Abdulla Qodiriy

Hangama

Xilvat kunlari ham yaqinlashdi. Ko‘rpa yostiqni sotib bo‘lsa ham ba’zi sovuq so‘filar Turkiston yo‘lini — Sultonul-orifin qabrini ko‘zlay boshladilar. Faqiringiz ham tariqat ishlaridan uncha beparvo emasman. To‘qson tushub dahaga kirish masalasi chiqg‘ach, faqirning ko‘z o‘ngida yog‘liq xasib, qizil palov, achchig‘ somsa, zahardek choy gavdalana boshlaydir.

O‘zimizning shahardan topilib turg‘anda Turkiston shahariga borib yurgum kelmaydir. Bultur o‘zimizning Hazrat eshon ham Miyon buzrukning raqobatiga «daha» o‘lturishni odat qilub ko‘rgan edilar, natija juda yaxshi chiqdi. O‘n yettita xilvatxona tikildi. O‘ttuz beshgacha muridlar dahaga o‘lturdilar. Har kun namozshomdan keiin masjidning ichida sayl, xilvatda o‘lturg‘an oshna, og‘a-inining oldig‘a kirsak uzoq-yaqin yor-do‘stlardan kelgan anvo’i turluk ne’mat, qozoq bovurniki ham qolmasun desak, yaxna et, ey… qaysi birisini sanay endi…

Qorinni do‘ppaytirib olg‘andan so‘ng boshlanadi jahr. Hazrat eshon mehrobda, halqaning bir chekkasida ikkita hofiz, bir payt zikr, bir payt hikmatdan hofizlik, yig‘i-sig‘i, arosat! Bu vaqtda tosh bitib ketkanlar ham eriydir, duo olish uchun bir onda eshon bobomiz qog‘oz oqcha bilan mehrob oralash ko‘milgan… kim o‘g‘ul talab, kim qiz talab, hoy bovur, nima tilagingiz bo‘lsa qo‘l duoda, honaqoh ichi qizg‘in bozor.

Nima ko‘p dunyoda, yomon ko‘p, yaxshi ishni ko‘ra olmag‘uchilar ko‘b. Shu yaqin orada o‘zining qo‘lidan eshonlik ishi kelmagan mullalardan bittasi: «Xonaqohda savdo ishi harom. Bas, savdogarlikdan iborat bo‘lg‘an «zikr samo’» ham harom!» deb yubormasunmi, betamiz! Uzoq-yaqinning xalfa muridlari haligi peshtahamni ushlab olub «Hayf sanga!» deyishdilar. Mahalla ahlining hamiyati diniyalari qo‘zg‘ab ketib tiyuqsizni yurtchilikdan ham chiqarishg‘a qaror berishdilar. Eshonimizning «Ilmi botinalari» ko‘b bo‘lsa ham «Ilmi zohiriyalari» bir oz bemazaroq. Bo‘lmasa haligi mullanamoning kofirligi bilan hukm qilish mana-berda turg‘an gap edi. Shunday bo‘lsa ham mahalla yurt og‘asi mufti a’lam bo‘lsa shunga yetti tanga pul bilan yugurub turubdir.

Faqiringiz mahkamai shar’iyaning ishsizligiga turub-turub hayron qolaman. Payti kelganda shundayin bemaza mullalarning kofirligi va toshbo‘ron qilinishi bilan hukum qilub dunyoda o‘zidan bir ot qoldirmaydirmi? Har holda dunyoda er zoti qurig‘an ko‘rinadir.

Muhibbut-tariqat Julqunboy

«Turkiston» — 1923 yil, 12 yanvar, 46-son, 2-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"