Jump to content

Ikki emas, to‘rt til lozim

From Wikisource
Ikki emas, to‘rt til lozim (1913)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334140Ikki emas, to‘rt til lozim1913Mahmudxoʻja Behbudiy

Biz turkistoniylarg‘a turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq lozimdur. Turkiy, ya’ni o‘zbekini sababi shulki, Turkiston xalqining aksari o‘zbakiy so‘ylashur. Forsiy bo‘lsa, madrasa va udabo tilidur. Bukung‘acha Turkistonni har tarafindagi eski va yangi maktablarinda forsiy nazm va nasr kitoblari ta’lim berilib kelgandur.

Barcha madrasalarda shar’iy va diniy kitoblar arabiy ta’lim berilsa ham, mudarrislarni taqriru tarjimalari forschadur. Bu qoida, ya’ni dars kitobi —arabiy, muallim — turkiy, taqriru tarjimani forsiyligi xila ajibdur.

Turkistonda qadimdan beri bu uch til joriydur. Chunonchi, eski yorliqlardan ma’lum bo‘lurki, Turkistonda eski amir va xonlarni amri farmoyish va muborak nomalari doimo turkiy, yana ayni zamonda dorulqazou adabiyot tahrirlari forsiy yozilar ekan. Bu qoidalar zotan yaxshidur. Ammo bora-bora yoinki kela-kela usuli ta’lim va kitobatg‘a ehmol paydo bo‘lub, hozir bir darajag‘a kelibdurki, ahli savod yoinki ahli ilmni yuzdan to‘qson to‘qquzi bu uch tilda mukammal tahriri adabiyg‘a molik yo‘qdur. Ya’ni usuli ta’lim va tadrisni isloh etmak kerak. O‘tayluk.

Turkistonning Samarqand va Farg‘ona viloyatlarinda forscha so‘ylayturgan bir necha shahar va qishloqlar bordur. Buxoro hukumatining tili forsiydur.

Fors shoiru udabosi asarlari qiyomatg‘acha lazzati ketmayturgan xazinai ma’naviydurki, mundan foydalanmoq uchun ovrupoyilar milyardlar sarf etarlar.

Bizg‘a saodatdurki, turkiy va forsiyni tahsilsiz bilurmiz. Har turkni forsiy va har forsni turkin bilmog‘i lozimdur.

Forsiy bilgan kishi Firdavsiy, Bedil, Sa’diy, «Masnaviy»dan qanday lazzat olsa, turkiy bilganlar Fuzuliy, Navoiy, Boqiy, Somiy, Abdulhaq Homid, Akrambek, Sanoyi, Nobiy, Nojiylardan, yana Tolsto‘y, Jul Vern va ulamoi zamoniy asarini turkiy tarjimasidan lazzat shunday oladur.

Farang va rus donishmandlarining asarlaridan foydalanmoq turkiy yo rusiy va farangiy bilmak ila mumkin bo‘lur, na uchunki bugun usmonli, Kafkaz va Qazon turklari zamona ulamosi asarini turkiyg‘a tarjima qilib, ko‘paytirgandurlar, ya’ni turkiy bilgan kishi zamonni bilur. Turk tilig‘a har bir yangi va naf’lik kitoblar barcha tilda tarjima bo‘lgandur. Arab madaniyati yunoniy Suqrot, Buqrot, Falotunlardan foydalanganidek, zamoni hozira madaniyati Tolsto‘y, Jul Vern, Kepler, Kopernik, Nyutonlardan foydalanur. Maqsaddan uzoq tushdik.

Bizg‘a lozimki o‘z naf’imiz uchun ruscha bilayluk, hukumat maktablarinda o‘quylik. Davlat mansablarig‘a kirayluk. Vatanimizg‘a va o‘z dinimizg‘a xidmat etayluk. Musulmon bo‘lub turib taraqqiy qilayluk. Bu zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, hatto, dini islom va millatga xidmat ilmsiz bo‘lmaydur. Masalan, bugungi «podsholik duma»g‘a o‘z din va millatimiz naf’ig‘a so‘zlamoq bizlar uchun mumkin bo‘lur. Ammo anda borib so‘ylaguvchi kishi bizg‘a yo‘q. Anda borib naf’i bir o‘n-sana o‘qumoq kerak, zamondan, qonundan xabardor bo‘lmoq kerakdur.

Xulosa, bugun bizlarga to‘rt tilga tahrir va taqrir etguvchilar kerak, ya’ni arabiy, rusiy, turkiy va forsiy.

Arabiy til din uchun na daraja lozim bo‘lsa, rusiy ham tiriklik va dunyo uchun lozimdur.

Hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladurki, janobi payg‘ambar o‘z sahobalaridan Zayd bin Sobit(g‘a) yahudiy xatini o‘qub-o‘rganmoqg‘a buyurgan ekanlar. Va ul janob Umar hazrat nubuvvat panohi ila yahudiy xatini o‘rganib hazrat payg‘ambarg‘a yahudiylardan kelaturgon xatlarni o‘qub berar ekanlar (Sahihi Buxoriy, juz 4, sahifa 156).

Holbuki, ul zoti bobarokot payg‘ambarimiz quvvati hokima egasi edilar. Yahudiylar mahkum va tobe’ edi. Al-on Rusiya hokim, bizlar anga tobe’ va o‘z tirikligimiz uchun alar xatini bilmoq zarur va hadisi sharif dalolatincha durustligig‘a joyi inkor bo‘lmasa kerakdur.

«Oyna» jurnali, 1913 yil, 1-son, 12—14-betlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.