Jump to content

Ijmoli sayosiy

From Wikisource
Ijmoli sayosiy (1922)
by Abdulla Qodiriy
334216Ijmoli sayosiy1922Abdulla Qodiriy

Kichkina feleto‘n

Yuqoridagi sarlavhani o‘qug‘ach miyangizga Genuya kanferensiyasi, Lo‘yd Jo‘rjning ich og‘rig‘i-yu Puanqaraning itlanishi va boshqa shuning kabi bir birisiga zid bo‘lg‘an fikrlar qatorlasha boshlar. Agar chindan ham shunday fikrlar qatorlashqan, cho‘chitkan va yuragingizni bezillatkan bo‘lsalar, siz tinchlana ko‘ringiz. Chunki maning «Ijmoli sayosiy» sarlavhasi ostida yozaturg‘an maqolam boshqa to‘g‘ridadir. Agar ichingiz kelmay «Ijmoli sayosiy»imni hozirdan bilib olmoqqa yuragingiz shopirinib, ishtibohingiz kuchaygan bo‘lsa, berdisini ham aytib qo‘ya qolay:

Oting qurub, egasiz qolg‘ur masalaning ta’biri ham qiyin… nima deb ta’bir etsam ekan?!

Masalaning mavzui — «Imloyi ijmoli sayosiy»; yo‘q, bu kelishinqiramadi; «Ijmoli sayosiyi imlo»; endi bu ta’bir uttasidan ham qo‘polroq chiqdi. Bundagi ta’birlarning ikkalasi ham o‘zimga yoqmaydir. Lekin siz bu ikki to‘mtoqda bir narsa sezgan bo‘lsangiz faqiringizga yetar. Joyi kelganda shuni ham aytib o‘tay: faqiringiz janob Ali hazrat darvesh kabi alsabasnai, sharqiyai, g‘arbiyai, qalmoqiyalardan ta’birlar to‘qumoqqa va suxan gulistonining bulbuli xush alhoni bo‘lmoqqa qo‘limdan kelmas.

Maqsadg‘a ko‘chaylik:

Sharq siyosat dunyosining aynuqsa, turklik olamining miyasini aylandirgan masalalardan biri va birinchisi imlo sayosatidir. Sharq sayosiyunlarining ba’zilarining so‘zlarig‘a qarag‘anda Sharqning butun ozodlig‘i ham shu imlo sayosatiga kelib bog‘lanur ekan.

Bu kungacha imlo politikasi qochiq urushuvlari kabi, undan-bundan part-purt tovish chiqarib qo‘ysa ham, lekin keyingi kunlarda, aynuqsa, Toshkandda jiddiy suratka kirib ketdi. Toshkandda ma’orif qurultoyi bo‘lub, belgulangan qurultoy «Imlo-harb maydoni» tusini olib yubordi. Butun qish bo‘yi bir birisiga qarshi tishini g‘ijirlatib kelgan ikki firqa ixtiyorsiz suratda bir-biriga hujum qilishdi.

Ahvolning bitishiga qarag‘anda, chaplarning muvaffaqiyati ochiq ko‘riiib qoldi. Chunki chaplarning avang‘ardlaridan bo‘lg‘an Fitrat xalfa Buxorog‘a ketkanidan beri kecha-kunduz tinmay, o‘zining negiz qo‘yg‘an masalasiga muvaffaqiyat tilab hazrat Bahovaddinning daxmasidan bir qarish ham ajralmag‘an. Rivoyatlarga qarag‘anda, uning duosi mustajob bo‘lg‘an deydirlar. Biroq o‘nglarning boshliqlaridan sanalg‘an Munavvarqori garchi hazrat Shayxhovanditaxur mozoridan bir qarish ajralmay tunab va kunab chiqqan bo‘lsa ham, lekin buzrukning nazari asnosida ko‘pincha mudrab g‘ofil qoldi, deydirlar. Xo‘qand atrofi Ashurali Zohiriy ishoratida bo‘lsa ham, biroq ul amaliy ishlar ishlay olmag‘an. Chunki bu kungacha ul chaplar bilan birinchi to‘qnashuvda olg‘an jarohatini tuzatmak bilan sargardon bo‘lub, boshqa hozirliqlar ko‘ra olmag‘an ekan.

Ishonchliq manbalardan oling‘an xabarlarga qarag‘anda, bu dahshatlik foji’ani o‘z foydalari bilan bitirmak uchun har ikki tomon o‘z vakillarini duogo‘y Nazir maxzum uzlatxonasiga kirgizib, nazir berib, xolisona duolar olg‘an ekanlar. Birinchidan, Nazir maxzumning ko‘nglining yumshoqlig‘i, ikkinchidan, o‘zining ham qaysi yoqqa o‘tmakka bo‘lg‘an taraddudi sabablari bilan hali bir tarafka ham duoi xayr qilg‘anlig‘i ma’lum bo‘lmay, bir tomonning muvaffaqiyati va ikkinchining mag‘lubiyatiga yo‘l bermay qolg‘anlig‘i ma’lum bo‘ldi.

Imlo politikasidan boshqa masalalarga o‘tkanda qurultoy ag‘zolarining turluk tomong‘a turub ketib, ustol yonida prezidiumning yolg‘uz qolg‘an vaqtlaridag‘i tinchliklardan ko‘z yumub o‘tilsa «Muxoraba — qonliq bordi», demakka arzig‘uliqdir.

Bu to‘g‘ridag‘i afkori umumiyaga kelganda ishlar bundaydir:

Toshkandning Yahyaxo‘ja eshon, Etemas eshon va Cho‘pqo‘ymas eshonlari kecha-kunduz yig‘lab-sixtab Munavvarqori va Avloniy haqqig‘a duo qilib, chaplarga la’nat yog‘dirib yotadirlar.

Sharqda imlo sayosati va xorijiy davlatlarning qarashi masalasiga to‘xtag‘anda ish bunday boradir:

Lo‘yd Jorj lo‘rdlar palatasida: «Sharqdagi yangi imlo politikasi agar ishka oshsa, Hindistonning isyonig‘a ham buyuk ta’siri bo‘lmay qolmas», degan. Puanqara o‘zining oliy sho‘roda so‘zlagan so‘zi orasida: «Genuya kanferensiyasi biz uchun na daraja mash’um bo‘lsa, Sharqning imlo politikasi ham shunchaliqdir» degan.

«Narimon Narimonov o‘zining bir to‘rba lotin harflarini orqalab, Turkiston yo‘lig‘a chiqdi», degan xabarlar yursa ham, biroq bu ishonchliq manbadan oling‘an xabarga o‘xshamaydir.

Har holda imlo muhorabasi juda dahshatlik bir ravishga kirib butun dunyoning diqqatini o‘ziga tortmoqdadir.

Har ikki tomonning qahramonlari safka!

Julqunboy

«Qizil bayroq» — 1922 yil, 15 aprel, 164-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"