Ichkari tiplarning chevari

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ichkari tiplarning chevari  (1935) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Bu artistkaning bo‘lakcha bir tarixi bor.
Sovet sahnasining bu qadrdon san’atkori bilan tanisharkan, biz, tilar-tilamas inqilobdan burungi qora kunlarga tomon bir burulish yasab olamiz. Qilich va yarog‘-aslaha kuchi bilan O‘rta Osiyo o‘lkasini o‘z tasarrufiga olib, u o‘lkaning xalqlarig‘a nisbatan zo‘r bir g‘urur bilan fotihlik siyosati yurgizgan chorlar zamonini esga olamiz. Yerli xalq kambag‘allari uchun “alohida” vagon ajratilgan, yerli xalqni ruslashtirish uchun maxsus “rus-yerli maktablari” ochilgan, chiroylik parklar va bog‘larg‘a yerli xalq juldur chaponlari kiritilmagan, har bir rusdan yerli xalqqa nisbatan g‘ururli va hazar qiluvchi bir muomila talab etilgan davrlarni ko‘z oldiga keltiramiz. Butun bu tubanliklardan farsaxlarcha yiroqqa ketgan bizlar, bu kungi milliy siyosatning guvohlari, ba’zida, hatto o‘sha ko‘rsatilgan masxaraliklarning bo‘lganiga o‘zimizni ishontirolmay qolamiz…
O‘lkamizda ana o‘shanday qora bir milliy siyosat yuritilgan bir zamonda (1899 nchi yilda), Namangan – To‘raqo‘rg‘on yo‘lidagi, Namangandan 2-3 chaqirim masofalik bir qishloqda Marusa xonim tug‘uladi. Uning otasi, o‘sha qishloqdagi paxta zavodida ishchi (mexanik) bo‘lgan. U oilada tug‘ulg‘an bolalar, ko‘cha-kuyga yurib chiqa olaturg‘an holda kelar-kelmas, qishloqdag‘i o‘zbek bolalari orasiga qorishib ketib, chang va loylar ichida, butun kun o‘shalar bilan o‘ynashdan bo‘shamas ekanlar. Go‘daklar, bir-birlaridan hech hazar qilmas, juda yaxshi o‘rtoq tutushar ekanlar. Marusa xonimning onasi, aka-ukalari o‘zbek tilini o‘z ona tillariday bilganlar. Marusa xonimni sahnamizda ko‘rganlar bizning milliy xotin-qiz tiplarini berishda uning qanday chevar bo‘lganini yaxshi biladilar.
Marusa xonimning birinchi marta sahnaga chiqishi yana Namanganda bo‘ladi. 1917 nchi yilda mahalliy o‘zbek yoshlari tomonidan qo‘yulg‘an tarjima bir asarda (“Arvohlar”da) Maryam rolini o‘ynaydi. Shundan keyin Namangan shaharida sahnaga qo‘yilg‘an ko‘p asarlarga aralashadi.
1918 nchi yilda uni biz Toshkentda uchratamiz. O‘zining aytishicha, o‘sha yili Toshkentda Karl Marks nomidagi teatr to‘dasida o‘ynagan. 1918 nchi yilning dekabr oylarida Farg‘ona shaharida Qizil qo‘shin siyosiy idorasining tashviqot poyezdi tuzuladi. Shu poyezd qoshidag‘i teatr to‘dasida Marusa xonim ham bor. To‘daning rahbari Hamza Hakimzoda edi. To‘dada xalq ashulachisi Qori Yoqub, marhum Hoji Siddiq, Rustam Islomov o‘rtoqlar ishlardilar. Bu to‘da ilgari Zakaspiy urush maydoniga borib, u yerdagi qizil askarlarga xizmat qildi. Keyincha Farg‘ona urush maydonida bosmachilarga qarshi urushayotgan qizil askarlar orasida tomoshalar ko‘rsatib yurdi. U to‘dada Marusa xonimning o‘ynagan rollari, tamoman deyarlik, Hamza Hakimzodaning “Farg‘ona fojealari” nomlik to‘rt pyesasidadir.
Hozirga qadar hammasi bo‘lib 25-30 rol o‘ynagan. Bulardan muhimlari: “Halima”da Xoljon xola, Halimaning o‘zi, “Layli Majnun”da Layli, “Farhod Shirin”da Shirin va Mahinbonu, “Yorqin Oy”da Yorqin, “Arshin mol”da Gulchehra, “Loyqalar”da Kalonova, “Revizor”da Anna Andreyevna, “Rustam”da Hamro, “Uylanish”da amma, “Mening do‘stim”da Sofiya, “Qarol”da Biatricha.

***



Uning eng yaxshi o‘ynagan rollari, bizcha, “Halima”dagi Xoljon xola roli bilan “Loyqalar”dag‘i Kalonova roli. Marusa xonimning o‘zbek xotin-qizlari hayotiga (eska hayotga) juda yaxshi oshna bo‘lganini nazarga olsak, haligi muvaffaqiyatlarning siri darrov bilina qoladi. Bu ikki rol, eski hayotimizdagi xotin-qiz tiplarining eng xarakterlilaridandir. To‘g‘ri, Kalonova – o‘z vaqtida javobgar bir sho‘ro ishchisi edi. Sho‘ro davrida ishladi, sho‘ro davrida jinoyat qilib, o‘z jinoyatini jazosini tortdi. Faqat, u umrining muhim davrini inqilobdan ilgari yashagan, inqilobdan keyin ham eski turmush botqog‘idan o‘zini tortib ololmagan edi. Sho‘ro davrida butun borligi bilan eski turmush changalida qolishi, uni, oxirda fojiaga olib bordi. Shu holda uni Xoljon xoladan ko‘pda yiroq qo‘yib bo‘lmaydi. Bu ikkalovini birlashtirgan ikki sifat bor: og‘zi kattalik va dadillik. Shu xislatlarga ega bo‘lmasalar, u ikkovi, hayotda va sahnada muncha chuqur iz qoldirib ketolmasdilar.
Marusa xonim Xoljon xolaning shu dadilligini yaxshi bo‘rtdirib beradi, chunki artistkaning o‘z shaxsiy xarakterida ham shu dadillik bor… Biz, uch mashhur Xoljon taniymiz: Hasan mashinachi, Bahri, Marusa xonim (men markaz sahnasini olaman). Bizda xotin-qizning sahnaga chiqishi emas, teatrga kelishi mumkin bo‘lmagan davrlarda rejissyor Uyg‘ur Hasan mashinachini sahnaga olib chiqib ayol rolini o‘ynatdi. Erkakligi tamom bilinib turgani holda, Hasan o‘sha tipning butun ikir-chikirini yaxshi bilgani uchun, juda zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘ynadi. Uni ko‘rganlar eski muhitdan ochiq va ravshan bir parcha ko‘rardilar. Shu uchun erkaklik degan narsa bilinmasdi…
Bahrining Xoljoni juda jonli, serharakat, lekin uncha dadil va bahaybat emasdi. Zotan, Bahrining tan tuzilishi ham to‘ylar qahramoni bo‘lgan bahaybat Xoljonni berolmasdi. U Xoljonni mayinrak qilib, ko‘prak uning shaytonligini bo‘rtdirib, hovliqmaligini ko‘p ham ko‘rsatmasdan o‘ynadi.
Marusa xonim tamom buning aksi. Toshkent tomoshabinlaridan bir kampirning o‘g‘li, o‘z onasini “Halima” tomoshasiga keltirgach, Xoljonning artistka ekaniga ishontirolmagan. U kampir Xoljonni allaqaysi bir sovchi xotinga o‘xshatgan, “shuning o‘zi” deb turabergan.
Bizda hali eski turmushning qora sahifalari ko‘p varaqlanishi kerak. Yangi va baxtli bo‘g‘un, u qora ko‘rinishlarni sahnada jonlangan holda ko‘rsin va bu kunning erkin hayoti bilan solshtirsin. Shu nuqtadan qarag‘anda Marusa xonimning sahnamizdagi mavqei zo‘r va baland. Bu kungi yosh bo‘g‘un artistkalarimiz eski maishatni yaxshi bilmaydilar. Ular uchun o‘rganaturg‘an bir maktab kerak. Marusa xonim, Lutfi xonim va boshqa shu singari artistkalarimiz yoshlarga eski turmushni ko‘rsatishda bir maktab vazifasini o‘tayajaklar. Bu – zo‘r sharaf.
Marusa xonimning sharafi va qadri shu nuqtada bo‘lsa uning zaifligi va kamchiligi ham shu joyning o‘zida. U eski turmushni juda yaxshi, yangisini esa juda oz biladi. Hozirgi zamon pyesalarida uning Xoljon xola va Kalonovalar darajasiga ko‘tarila olmasligi ana o‘sha zaiflikdan boshqa narsa emas. “Uylanish”da amma rolini, “Revizor”da Anna Andreyevnani yaxshi o‘ynamaydi, “durus” o‘ynaydi, xolos. Yaxshi o‘ynovchi boshqa aktyorlar orasida Marusa xonimning o‘rtacha o‘yini darrov sezilib qoladi.
Marusa xonim yaxshi, iste’dodli artistka. U shu kamchiligini kurashib yengishi kerak. Afsuski, o‘z iqroricha, adabiyotni kam o‘quydi (ham o‘zbekcha, ham ruschani). Teatr-san’at adabiyoti bilan ham ko‘p shug‘ullanmaydi. Kasallik, ish ko‘pligi va boshqa-boshqa sabablar bor, albatta. Faqat, o‘sish yo‘lini to‘saturg‘an sabablarni kurashib yengmasa bo‘lmaydi!

A. S.
“Guliston” jurnali, 1935-yil, №10.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse