Hukumat qurultoyi
Shu kunlarda har kimning qulog‘ida “qurultoy” so‘zi jaranglab turadur:
Yaqinda qurultoy bo‘lur ekan, hukumat qurultoyi ekan!
Bu nimadur, nima uchun bo‘ladur, qoidasi nimadur?
“Qurultoy” degan so‘z bugungi buxoroliklar uchun yot so‘zdur, tanish emasdur. Buning sababini, yo‘lini, foydasini Buxoro ulusi birdan tushuna olmaydur.
Biz, Buxoro, umuman Turkiston xalqi o‘zimizning bilmasligimiz, ongsiz, epsizligimiz sababli “qurultoy” so‘zini anglamasak ham bu so‘z tariximizning eng eski bir o‘rtog‘i, qalin bir do‘stidur. Burungi turk hukumatlaridan har biri ish boshiga o‘tkanda, hammadan burun umumiy bir majlis chaqirar edi. Bu majlisga mamlakatning buyuklari, xalq tarafidan saylang‘on oqsoqollari, xalq foydasini tushungan olimlari to‘planar edilar. Yangi hukumatning siyosati, salohiyati to‘g‘risida gapurur edilar. Kengashib, mashvarat qilib, qonunlar yasar edilar. Bu qonunlarning ijrosini hukumat kishilariga topshurub, o‘z yurtiga qaytar edilar. Mana shul umumiy majlisning oti “qurultoy” edi. Eski turk hukumatlari boshlariga ulug‘ bir ish tushganda ham qurultoy chaqirib, mushkullarini xalqning kengashi bilan hal qilur edilar. Tugunlarni elning tirnog‘i bilan yechar edilar. Mamlakat idorasi uchun eng to‘g‘ri, eng foydali yo‘l shul edi. Lekin zamon bizni bu to‘g‘ri yo‘ldan chiqarib, uzunroq otdi.
Yosh jumhuriyatimizning ismi “Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati” dur. Bu ism uch muhim ulug‘ so‘zdan iboratdur: “xalq” (massa)ning “jumhur”i, ya’ni aksariyati tarafidan yuborilg‘on vakillar “sho‘ro”, ya’ni mashvarat qilib, mamlakatning asosiy qonunlarini, tashkiliy idorasini hal qilurlar. Xalqimizning saodati, rohati, vatanimizning baxti va taraqqiysi yo‘lida berilgan qarorlarining ijrosini ma’lum bir hay’atga topshirib keturlar.
Buxoro Xalq Sho‘ro Jumhuriyatining asosiy qonunlari, usul idorasi “xalq”ning “jumhuri” tarafidan yuborilg‘on vakillarining “sho‘ro”lari – kengashlari bilan muqarrar bo‘lur.
– Qayerda?
– Qurultoyda!
Buxoro Xalq Sho‘ro Jumhuriyatining idora tizgini, qilich va qalami; “xalq”ning “jumhuri” tarafidan yuborilg‘on vakillarinint “sho‘ro”si bilan saylang‘on kishilariga topshiriladur.
– Qayerda?
– Qurultoyda!
Shu uzun muqaddima bilan oldimizdag‘i hukumat qurultoyining qanday muhim va ulug‘ bo‘lg‘onini ko‘rsatmak istadik, ehtimolki ko‘rsatdik.
Xalqning tinchligi bilan tinchsizligi, vatanning saodati bilan falokati, hukumatning intizomi bilan buzuqligi shul qurultoy natijasida muqarrar bo‘lur. Yuborilg‘on vakillar, saylang‘on kishilar to‘g‘ri, insofli, vijdonli, vatan va xalq foydasini tushung‘onlar bo‘lsa, bu qurultoydan keyin xalq tinch, vatan mas’ud, hukumat muntazam bo‘lur. Yuborilg‘on vakillar bilan saylang‘on masul kishilar insofsiz, sotilg‘on, zolimning quyrug‘i, tomoq va aqcha bandasi bo‘lsa – ishimiz yana oqsay qolur. Ikkinchi maqolamizda kimlarni vakil qilmok kerak, idorani kimlarga topshirmok lozim ekanligi to‘g‘risida so‘z ochamiz.
A.Sulaymon.
“Buxoro axbori” gazetasi,
1921-yil, 10-iyul, № 44.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|