Hech kishiga so’zlamasdim, dod etdurdi falak...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Hech kishiga so’zlamasdim, dod etdurdi falak...
by Xoʻjanazar Huvaydo

Hech kishiga so’zlamasdim, dod etdurdi falak,
Ko’p xaloyiq oldida faryod etdurdi falak.

Arzi holim yetkudek bir yoru hamdam topmadim,
Shod ko’nglumni, netay, noshod etdurdi falak.

Man g’aribu xastani hardam firoq o’ti bilan
Kuydurub, ko’kka kulum barbod etdurdi falak,

Soldi ko’ngul saydig’a har lahza g’am shahbozini,
G’amni man bechorag’a sayyod etdurdi falak.

Ey Huvaydo, bo’lma qul bu charxi kajraftorg’a,
Lahzada yuz shevalar bunyod etdurdi falak.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse