Hech kima maʼlum emas
Appearance
Hech kima maʼlum emas holi parishonim mening,
Osmonni tiyra qildi ohu afgʻonim mening.
Men nechun shod etmayin bul xasta koʻnlumni bugun,
Keldi xolimni soʻrab ul shoʻx jononim mening.
Ey sitamgar, kelgilu emdi shahid etkil meni,
Mavj ursun Karbalo dashtida bu qonim mening.
Chun Surayyo bormusan, aflokdin bolomusan,
Bu falakda koʻrmadim, ey koʻzi choʻlponim mening.
Nozu istigʻno bila ketgil, meni holimni soʻr,
Termulib doim yoʻlungda chashmi giryonim mening.
Tobakay jabru sitam birla yurursan, ey rafiq,
Chiqti, Mashrab, ushbu gʻamdin bu aziz jonim mening.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |