Jump to content

Hayot-mamot masalamiz ustida

From Wikisource
Hayot-mamot masalamiz ustida (1922)
by Abdulhamid Choʻlpon
334347Hayot-mamot masalamiz ustida1922Abdulhamid Choʻlpon

«Turkiston» boshqarmasig‘a o‘lkamizning har tomonidan har kun degudek to‘p-to‘p xatlar keladir. Gazeta boshqarmasig‘a kelaturg‘an xatlar, albatta, mahallarning kun o‘tkazishi, tiriklik qilishini har tarafdan yaxshilab ko‘rsatsa kerak edi. Lokin ul xatlardan olg‘an xabarlar bilan gazetaning o‘lka hayotiy qismini keng, yaxshi va to‘g‘ri bir yo‘lg‘a qo‘yub bo‘lmaydir. Negakim ul xatlarning hammasi degundek maorif, o‘qush, o‘qutish masalasidan va ul masalaning-da faqat fojia yoqlaridan bahs etalar…
O‘lka Maorif komissarligida o‘lturub mahallardagi mao­rif shu’balarining ma’ruza (doklad)lari ichiga ko‘milgan o‘rtoqlarimiz, bilmadikkim, maorifimizning haqiqiy holidan qancha xabardor bo‘lsalar? Albatta, ular mahallardagi maorif ishlarining ochiq chig‘armasini bizdan ortiq onglab, bizdan ortiq bilsalar kerak. Faqat mahallardagi maorif ishlarining o‘lib borishig‘a qarshi u o‘rtoqlarimizning bu kun nima tadbir va choralar ko‘rganligi ularning Xo‘jand maorif shu’basiga qilg‘an muomalalaridan ma’lumdir. U muomala shundan iboratdir: o‘lkamizda maktab o‘qushlariga bir qadar ahamiyat bergan bir musulmon shahri bo‘lsa, u ham Xo‘jand ekan. Maorif komissarligining maktablar turi (miqdori) bo‘yicha Xo‘jandda hukumat hisobiga faqat 8 gina maktab ochishg‘a ruxsat berilib, shunga yarasha, balki, ozroq pul berilgani holda, Xo‘jand maorif shu’basi o‘zi harakat qilib 14 maktab saqlar ekan. Bu 14 maktabning ikkisi ham qizlar maktabi ekan.
So‘ng vaqtlarda ta’minotsizlik sabablik har yerda musulmon muallimlarining maktab ishlarini tashlab, boshqa yo‘llarg‘a kirib ketkanliklarini ko‘rgan Xo‘jand maorif shu’basi turli yo‘llar bilan pul topib, muallimlarga ta’rifa (tarif) bo‘yinchagina oyoq bermasdan, ular bilan alohida muohada (dogovor)lar yasab, ularni bir qadar ta’min qilib kelgan.
Xo‘jand maorif shu’basining bu harakatini bizning o‘lka Maorif komissarligimiz o‘zboshimchalik, rejadan chiqish­lik deb topib unga koyish (poritsaniye) e’lon qilg‘an…
Bu muomala Xo‘jand maorif shu’basida o‘lturub, oz-da bo‘lsa ishlamak istagan kishilarga: «Ishlama, baribir, seni ishlatgali qo‘ymaymiz!» – demak emasmi? Durust, Xo‘jand mao­rif shu’basi o‘zboshicha muohada bog‘lag‘an, o‘z bilganicha ish qilg‘an. Har holda, kerak va lozim bo‘lg‘an rasmiyatni buz­g‘an. Lokin maktab­lar turi bo‘yincha hissasiga tushkan maktablarning yarim-yo‘rtisi uchun ham qancha vaqtlardan beri ta’minot ololmay kelgan maorif shu’balari bor, ko‘b bor. Ana bularga qarshi rasmiyatni buzg‘an Maorif komissarligining o‘zi emasmi? Xo‘jandda 8 maktab o‘rnig‘a 14 maktab bo‘lg‘an ekan, bir maktabga ega bo‘la olmag‘an joylar ham bor.
So‘ngra maktablarning bu jihati ham bor: bu kun bizning yerlik xalqning maorifi o‘lim oldida; maorif ishida yurgan yoshlarimiz, muallimlarimiz qorinlarini to‘yg‘iza olmasdan maorif ishidan chekildilar; ularni yanadan maktab-maorif ishiga jalb etmak masalasi bizning uchun hayot-mamot masalasi bo‘lub turadir. Shundan bir ahvol ichida ham Ovrupo rasmiyatining eng bachkana, eng arzimas bir bobi uchun shunday muomala qilmoq to‘g‘rimi? O‘lar holatda yotkan kishiga: «Nimaga mehmonni qarshi olmoqqa chiqmading?» – desak bo‘ladirmi?
Firqaning so‘ngg‘i o‘lka konferentsiyasida maorif ishlari to‘g‘risida qisqa, lokin asosli gaplar aytildi. Maorif to‘g‘risida mahaldan kelgan har bir vakil degundek zorlanib o‘tdi. Butun jumhuriyat uchun birinchi maydon xo‘jaliq maydoni bo‘lub, maorif ikkinchi yo uchinchi maydon bo‘lsa, bizning Turkis­tonda o‘zining qorong‘ulig‘ig‘a qarab bu maydon birinchi bo‘lmog‘i kerak edi. Ammo bizda bosmachilik harakati bor. Lokin yaxshilab o‘ylang‘anda, shu bosmachilik harakati va uning orqasida to‘rt-besh yildan beri elni qoqshatib kelgan urush maydoni bizning jaholatimiz orqasida chiqmadimi?
Bir narsa onglag‘an, tushungan xalqlar sira oyoq ostida ezildilarmi? 8 maktab o‘rnig‘a 14, balki 24 maktab ochib, ahdnoma bilan emas, undan kattaragi bilan ish ko‘rush natijasida har bir qulliq zanjiriga og‘ir, og‘ir zarbalar tushurilmasmi?


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"