Har kishini dardi bo’lsa

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Har kishini dardi bo’lsa
by Boborahim Mashrab

Har kishini dardi bo’lsa, yig’lasun yor oldida,
Qolmasun armon yurakda, etsun izhor oldida.

Andalibi benavodek nola-yu afg’on bila
Doimo yig’lab turarman ayni gulzor oldida.

Mansuri Xallojdek ichib sharobi antahur,
Charx urub, yig’lab turarmen ushbu dam dor oldida.

Har kishi bir jur’ae no’sh aylasa bu bodadin,
Ul qiyomatda qilur arzini Jabbor oldida.

Telba Mashrab, qilmag’il sirringni zohidga ayon,
Aytib-aytib yig’lagaysan oshiqi zor oldida.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse