Jump to content

Gʻalaba ustiga g‘alaba

From Wikisource
Gʻalaba ustiga g‘alaba (1922)
by Abdulhamid Choʻlpon
335294Gʻalaba ustiga g‘alaba1922Abdulhamid Choʻlpon

Boshda Onato‘li (Kichik Osiyo) mas’alasi bo‘lub kelib, inqilobchi turk o‘rdularining porloq g‘alabalaridan so‘ng Istanbul, bo‘g‘ozlar va Trakiya mas’alasi shakliga kirgan qiyin chigal – yechilmak oldidadir.

So‘ng kunlarda teleg‘rom va simsiz teleg‘rom xabarlarida urush, to‘qnash kabi narsalar sira yo‘qdir. Hozir to‘plar va miltiqlarning vazifalari bir daraja to‘qtag‘an, siyosatchilar urushi, miyaliklar to‘qnashuvig‘a keng maydon ochilg‘andir. Yunonistonni shu qonli o‘yung‘a qiziqtirib kirgizib qo‘yg‘an Angliya siyosatchilari sharmandalikni yopmoq uchun nima qilishlarini bilmadilar-da, kelib-kelib “betaraf mintaqa” “Istanbul va bo‘g‘ozlar egaligi” mas’alalarini chiqardilar. Onato‘lig‘a Turkiyaga mol uzatib, hamyoni katta qilib turg‘an fransuzlar siyosatchi savdogarlari bo‘lsa, bunga qarshi oyoq tirab oldilar. Shuning bilan Turkiya va Yunon o‘rtasidag‘i janjal – Fransiya bilan Angliya o‘rtasig‘a tushdi. London bilan Parij orasida to‘qtovsiz notalar, izohlar, talablar, fikrlar yurub turdi. Angliyaning Sharq siyosatida eng katta ro‘l o‘ynag‘uchi Lord Kerzon janoblari Fransiyaning tutqan mavqeidan qo‘rqdilar. Maskavdan Qaraxan o‘rtoqning berib turg‘an notalari ham xiyla “besaranjom” qildi. Natijada Lord Kerzon yeng shimarlab maydonga kirdi, Fransiya siyosatchilari bilan gaplashib, ularni yo‘lg‘a solishliq vazifasini u kishi bo‘ynig‘a oldi.

Lord Kerzon Fransiya vakillari bilan jiddiy suratda gaplashgandan so‘ng mas’alani bir daraja osonlashtira oldi. Ya’ni: bo‘g‘ozlarni har kimga ochiq qo‘ymoq sharti bilan Istanbulni Turkiya qo‘lig‘a topshirmoqqa rozi bo‘lg‘andek bo‘ldi. Hatto, kechagina “Turk qo‘shunini endi bir qarich ham ilgari bosdirmayman!” deb toshdek qotib turg‘an Angliya siyosatchisi bu kun Turkiya qit’asini Edirnasi bilan birga, Ma’rich nahriga qadar yana Turkiyaga bermakka ko‘nub turadir. Zotan, Turkiyaning talabi ham shu edi. Endi, bir qarashda mas’ala butkul yechilgan kabi ko‘runadir. Lokin, yaqin Sharq mas’alasi insof ahlining ko‘zida oson bir mas’ala bo‘lsa ham, Ovrupo jahongirlari uchun ko‘b qiyin bir mas’aladir. Chunki, unda ularning xususiy manfaatlari biri-biriga to‘qnash keladir, unda Turkiyaning mustaqil yashash mas’alasi bordir. Shuning uchun hali bir qadar gaplashishlar, muzokaralar bo‘lishi lozimdir. Shuning uchun, bir vaqt Italiyaning Venetsiya shahrida chaqirilmoqchi bo‘lung‘an kengash majlisining bo‘lub o‘tishi lozimdir. Turkiya o‘rdularining g‘alabasi, bu majlisni ham chatoqliqqa tushurdi. Italiya hukumati Venetsiyada bo‘lsun, deydir, Fransiya bilan Angliya o‘z joylarig‘a yaqinroq tortalar, Mustafo Kamol ham: “Men bosh qo‘mondon bo‘lg‘anim uchun o‘rnimdan jila olmayman, shuning uchun yaqin Sharq mas’alasini qarayturg‘an kanferensiya Onato‘lining o‘zida bo‘lsun!” deydir. Har holda mas’alaning tezrak hal qilinishi lozim bo‘lg‘anlig‘idan bu kichkina modda ustida uncha ko‘b talashib o‘lturmaslar.

Istanbul bilan Edirna Turkiyaga qaytarilmoqchi. Mas’alaning bu kungi borishi shuni ko‘rsatadir. Faqat, o‘lmagan bo‘lsa ham o‘lganlar qatorida hisoblang‘an Turkiyaga shuncha kuchlik bo‘lg‘an Ovrupo davlatlari nimaga buncha “iltifot” ko‘rsatib turadirlar?

Buni Ovrupo davlatlarining insoflaridan ko‘rush juda xatodir.

Buning sababini – faqat, Onato‘li qishloqisining azim va matonatidan, inqilobchi turk qo‘shunining porloq g‘alabasidan va nihoyat bu kungi siyosiy vaziyatning shunga moyil bo‘lushidan ko‘rmak kerakdir. Mas’alani bu kun shu ravishcha hal etdirib turg‘an – Onato‘li xalqining kuchidir, miltig‘i, o‘qi, pulimotidir. Yo‘q esa, Istanbulning muzayyan saroylarida, yumshoq taxtlarda o‘lturg‘an va anglizlar bilan fransuzlarning har bir harakatiga “Marhabo!” deb turg‘an sulton va shahzodalarning bu mas’alada bir chaqaliq ahamiyatlari yo‘qdir. Ular uchun Istanbulning Turkiya qo‘lig‘a kirishi munosib emasdir, shuning uchun Istanbul mas’alasi Turkiya foydasig‘a hal etilaturg‘an bo‘lg‘andan so‘ng, sultonning erka shahzodalari va ularni silab, siypab yurg‘an oliy vazirlar Istanbulni tashlab, Malta otasig‘a qocha boshlag‘anlar…

Safarlari bexatar bo‘lsun!

Istanbulda o‘lturg‘an nomussiz sulton hukumati endi Onato‘li hukumatini rasmiy bir hukumat deb tanimoqchidir. Inqilobchi Onato‘li xalqini va uning hukumatini shu choqqacha bog‘iy va osiy deb kelganlar bu kun o‘z qarashlari o‘zgartmakka majbur bo‘lubdirlar.

Mana bu g‘alaba – Istanbul, Edirna va Trakiyani qo‘lg‘a kirgizish g‘alabasidan ham ahamiyatlik bir g‘alabadir.

Buning bilan Onato‘li qishloqisini samimiy suratda qutlamoq kerak.

Yashasun, g‘alaba ustiga g‘alaba qozonib yotqan inqilob.

A.Sulaymon.

“Turkiston” gazetasi,

1922-yil, 1-oktabr.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"