Jump to content

Fuzuliyning pichinglari

From Wikisource
Fuzuliyning pichinglari (1935)
by Abdulhamid Choʻlpon
335233Fuzuliyning pichinglari1935Abdulhamid Choʻlpon

Niholi gulshani dardamki, suv yerina verir,

Bana hamisha jigar qoni bog‘boni qazo.

Fuzuliy o‘zi Bag‘dodda o‘tgan, janub turkchasi bilan yozgan bo‘lsa-da, o‘zbeklar orasida Navoiy bilan barobar tanilgan shoir. Bizning burungi programsiz maktablarimizning “program”larida “Chorkitob”, “Eshonso‘fi” kabi axloq kitoblaridan keyin, Navoiy devonlaridan biri bilan birga, Fuzuliy devoni bo‘lunardi. Hatto chalasavodlik otinbibilar ham hech bir doktor va resepsiz, to‘ppa-to‘g‘ri attordan olingan (balki katta onalaridan qolg‘an) ko‘z oynakni ip-bog‘ bilan quloqlarig‘a ilashtirib olib, Fuzuliyni tatalab o‘lturardilar. Janub turklarining Boqiy, Nadim, Naf’iy va Emrolarini bizning tuppa-tuzuk savodxonlarimiz, hatto adabiyotdan xabardor mullalarimiz ham bilmas edilar. Faqat Fuzuliy ularning hammasidan ayrilib, bizning savodxonlarning kitob tokchalari va raflaridan o‘ziga muhtaram bir joy olgan edi. Shu uchun, adabiyotshunoslarimiz, klassik adabiyotimizning Lutfiy, Navoiy, Atoiy, Boyqaro, Bobir, Amir, Fazliy va boshqa-boshqalarini tekshirar ekan, Fuzuliyga ham diqqat qilishlari kerak. O‘zbek klassik adabiyoti tilining shakllanishida Fuzuliyning juda yaqqol ta’siri bor (Muhammadalixon she’rlarida bu ta’sir to‘la, boshqalarda oz-ko‘p ko‘ruladi).

Fuzuliy oz yozgan, lekin soz yozgan shoirlardan. Uning Istambulda bosilgan bir kulliyoti (to‘la to‘plami) borki, unga 1 – qasidalar (“qasoid”), 2 – “Bang va boda”, 3 – Nishonji poshoga yozilgan maktub, 4 – soqiynoma, 5 – g‘azallar devoni, 6 – “Layli va Majnun” kiradi. Qasidalari ko‘pgina bo‘lsa ham “Layli va Majnun” bilan g‘azallar devonidan boshqalari maqola hajmidagi kichkina asarlardir. Bulardan tashqari, haligi devonga kirmagan yana bir asari – “Hadiqatus-suado”si borkim, ma’lum Karbalo fojiasiga bag‘ishlanib yozilgan. Uning boshqa asarlari, borligidan xabarimiz yo‘q. Mashhur chig‘atoy klassik shoiri Lutfiyning bir g‘azaliga Fuzuliy tomonidan bog‘lang‘an chiroylik bir muxammas (beshlik) qo‘lyozma holida saqlang‘an ekan, ko‘rushga muvaffaq bo‘ldik. (Fuzuliyning muxammas bog‘lashdag‘i hunarini ko‘rsatish uchun o‘sha muxammas bilan yana o‘z ustozi Habibiyning bir g‘azalig‘a bog‘lag‘an muxammasini bir qadar izoh bilan “Guliston”da bermoqchimiz.)

Men o‘ylaymanki, turk tilida yozgan va biz bilgan (o‘zbeklarga tanilgan) klassik shoirlar orasida Fuzuliy o‘zining samimiyligi, kuyub, ko‘nglidan olib yozishi bilan alohida o‘run tutadi. Fuzuliy g‘azallarining samimiyligi, yaqinlig‘i va otashinligini uning ijodi haqida yozganlar bir og‘izdan deyarlik tasdiq qiladilar. Lekin men uning shu yaqinlig‘i va otashinligini yanada oldinga qo‘ymoqchiman. Fuzuliydan gapirganda, uning dardu alamidan, uning changgi osmonga chiqishidan, chuqur ma’nolarga ega bo‘lgan falsafiy nolishlaridan bo‘rttiribroq gapirish lozim keladi. Mana bu to‘rt yo‘l narsasini (ruboiysini) ko‘ring:

Har damki bahor qildi oroyishi bog‘,

Navmidlik urdi lolavash bag‘rima dog‘,

Zero tikan uzra dutdi bulbul maskan,

Gul bad guzargohinda yondirdi chiroq.

Idealist falsafa tarafdorlari, ayniqsa bilimdon mutasavvuflar nima desa desinlar, bu to‘rt yo‘ldagi shikoyat, o‘z davriga ko‘ra, dunyoning tekissizligidan qilingan shikoyatdir. Buni buyuk shoir shunday go‘zal ramzlar (simvol) libosiga o‘raganki, go‘zallikni o‘ziga monopoliya qilish bilan maqtanaturg‘an tasavvuf, bu chiroylik ruboiyni boshqa hech kimga, ayniqsa turmushning dag‘al ehtiyojlaridan ko‘prak gapiraturg‘an “qo‘pol” moddachilarga bermak istamaydi. Lekin o‘sha zamonning hokim mafkurasiga katta ta’sir ijro qilg‘an tasavvuf saltanati (sulton saltanati bilan babbaravar xalqni kemirgan kuch), shuningdek butun mamlakatni o‘zining qattiq changalida ushlagan sulton idorasi, shunday san’atkor bir shoirga o‘rta darajalik bir hukumat ma’muriga bergan davlatni bermaydi, yoki bergisi kelmaydi. Bechora shoirni:

Davr javrinda tanu jonimda rohat qolmadi,

Mehnatu g‘am chekmaga minba’d toqat qolmadi

deb, davrdan achchiq shikoyat qilishg‘a majbur etadi. Unga muruvvat qilish, uning qimmatli asarlarini tegishincha taqdir qilib, u asarlarning shoiriga shunga yarasha muomala qilish bir yoqda tursin, uni hatto har tomondan yakkalatib, so‘kturadilar ham. Yo “shia” deb, yo bo‘lmasa umuman “e’tiqodi sust” deb, unga ko‘p ta’na toshlari ottiradi. Umuman shoirga bo‘lgan javrlar “ketsiz” bo‘ladi:

Intihosiz javrlar o‘tlara yondirdi mani,

Achchi so‘zlar totli jonimdan usondirdi mani,

deydi shoirning o‘zi.

Fuzuliy davrining kattalari (Bag‘dod volisi Ayoz posho, Uvaysbek, Rustam posho, Mustafo Chalabiy, askarlar qozisi Qodir Chalabiy va boshqalar), shoirning o‘z nafsini kuchlab turib yozgan maqtovlari (qasidalar)dan boshqa narsaga tushunaolganmikan? O‘zlarini maqtab yozgan qasidalar uchun ba’zi-ba’zida “iltifot” qilib, gadoylar qatori “xayr-sadaqa” tashlab qo‘yaturg‘an kattalar shoirning asil ko‘nglidan chiqqan (emosional) hayajonlarini anglayolarmidi?

Demish har g‘unchaya oshiqlig‘im, rozin sabo, derlar,

El og‘zin dutmoq o‘lmaz, qo‘rqaram, ey gul, sanga derlar.

***

Xayoliy orazing javlon edar bu chashmi purnamda,

Nechikkim mavjlanmish suvda aksi oftob o‘ynar.

Maishat tangligi nihoyat darajasiga yetgandan keyin, Fuzuliy “osilsam balandroq dorga osilay” deb, eng yuqorig‘a ariza bergan bo‘lsa kerak. Biz hozir o‘sha arizadan ya’ni Fuzuliyning Nishonji poshoga yozgan maktubidan gapirmakchi bo‘lamizki, unda tasavvuf go‘zalliklaridan hech bir asar yo‘q. U o‘sha davrning insofsizliklaridan soddagina qilib gapiradigan kichkina bir hujjatdan iborat.

***

Fuzuliy turk sultonlarining eng hashamatligi bo‘lgan qonuniy Sulton Sulaymon davrida o‘tgan. Sultonning “qonuniy” degan laqabi o‘zi ko‘rsatib turadiki, uning zamonida u keng mamlakat qonun bilan idora qiling‘an davlat apparati muntazam ishlagan. Sultonparast tarixchilar Sulaymon davrini maqtab tugata olmaydilar. Qonuniy Sulaymon o‘zining muncha keng mamlakatini ma’lum bir qonun doirasiga solishga urungan edi. Bu narsa Fuzuliy maktubidan ham ma’lum bo‘ladi (vaqf daromadlarining turli chiqim boblariga-statyalarga bo‘lunishi). Sulaymon o‘zining bu tashabbusida qanchaliq muvaffaq bo‘lgandir – bilmaymiz, ammo Fuzuliy maktubidan ko‘runadiki, mamlakat idorasi, baribir, bir to‘da o‘g‘rilar va talonchilar qo‘lida qolg‘an. Keng mamlakat daromadlarining qaymog‘ini o‘shalar yalaganlar-da, Fuzuliydek halol mehnat qiluvchi bechoralarga, qancha talantli va san’atkor bo‘lsalar ham, “zahmatlarga tushmak”dan boshqa narsa nasib bo‘lmagan:

Bango ban o‘ldug‘um manzilda rohat mayl edib kelmas,

Dushib zahmatlara nochor ban o‘ldum talabgori.

Havoi sayr qildim irtifoi qadr uchun, zero –

Yerinda har matoing past o‘lur albatta miqdori.

Shunday qilib, yuqorida aytganimizdek, faqirliq va yo‘qsulliqdan qutulib bir qadar odam qatori yashamoqchi bo‘lgan Fuzuliy vaqfdan nafaqa (“taqoid”) so‘rab, o‘sha Sulton Sulaymonning bosh vaziri bo‘lgan Nishonji poshoga ariza beradi. U arizaning ustiga bosh vazir “zavoid hisobiga (vaqfning tub ehtiyojlariga belgilangan mablag‘dan oshiqcha pullar hisobiga) berilsin” deb yozadi. Mana shu “zavoid” so‘zini dastak qilib olib, vaqf idorasidagi to‘ralar Fuzuliyga hech narsa bermaydilar. Uni ko‘p vaqtlarg‘acha ana-mana deb sarson qiladilar. Axiri, Fuzuliy vaqfdan pul olish umidini tamom yo‘qotg‘andan keyin shu maktubni yozadi.

Maktub juda tumtaroq, sertakalluf iboralar bilan boshlanadiki, uni o‘rta darajada savodli bir kishi ham (arabcha va forsiychadan mukammal xabari bo‘lmasa) tushunolmaydi:

“Moliki mulk oroyi olam va hokimi hikmat fazoi aqolim…”

Bu quruq bir muqaddimadan iborat. Undan keyin shoir bir necha yo‘l she’r (nazm) bilan haligi arizaning nima uchun yozilganini, undan nima natija chiqqanini bildiradi. Bu bir necha yo‘l nazm maktubchaning boshida keladi, demak Sulton va uning idorasiga otiladigan piching toshlari shu yerning o‘zidayoq boshlanadi (shunday joylarning ostiga chizildi):

Arz etar xokisoru bemiqdor,

Bandai kamtarin Fuzuliyi zor,

Ki muqimiy maqomi uzlat ekan,

Sokini go‘shai qanoat ekan,

Boshima dushdi joh savdosi,

Zavqi ahli tama’ tamannosi;

Havasi kasbi nangu nom etdim,

Talabi rif’ati maqom etdim,

Istadimkim, uluvvi qadr o‘lam,

Mazhari lutfi podshohi olam.

Bilmadim kim, shikastahol o‘luram,

Hasad ahlina poyimol o‘luram.

Tama’, ashrora xodim o‘lmoq emish,

Sufahoya mulozim o‘lmoq emish.

Kimki Allohdin ibo aylar,

Gʻayr dargoha iltijo aylar,

Hosili zallatu xasorat o‘lur,

Raxti ummidi ya’sa g‘orat o‘lur.

Fuzuliy shy yerda Sulton idorasidan bir narsa umid qilish xato ekanini op-ochiq, lekin qanday ustalik bilan piching tariqasida aytadi!

Undan keyin vazirdan javob olganini, u javobga ko‘p sevinganini aytadi. Ammo bu qattiq sevinch yana o‘shanday qattiq pushaymon va xafalikka aylanganidan keyin shoir chidayolmay ketadi va qonuniy Sulaymon davridagi “qonuniy” davlat apparatini sodda, lekin o‘tkur va chiroylik so‘zlar bilan juda yomon urib tashlaydi (shu joyini to‘la ko‘churamiz, lekin asl nusxasini berib o‘turmasdan, tarjimasinigina beramiz):

“…va hukmni ijro ettirmoq uchun vaqf mutavallisi yoniga bordim, mutavallini uchratib bo‘lmadi, undan keyin moliya bo‘lumiga qarab ketib, eng nahs vaqtda va eng yomon fursatda u joyga yetib borganligimdan, bir to‘da odamlarni ko‘rdimki, hikoyatlari parishon, na safodan unda asar-u, na sadoqatdan unda nishon bor; to‘plamlari hillalar tuzog‘i, majlisdag‘i odamlari “hayvonning o‘zi, balki uning ham ozg‘inrog‘i”. Kelishmagan harakatlari ruhning egovi singari va ozor berguvchi so‘zlari Nuh to‘foni to‘lqunlariday jangari; salom bersam, “bu pora emas” deb olmadilar, hukm ko‘rsatdim, “foydasi yo‘q” deb nazar solmadilar, garchi zohirda bo‘yun egish (itoat) shaklini ko‘rsatdilar, ammo hol tili bilan hamma savollarimga bir-bir javob aytdilar: dedim: “hoy yaxshilar, bu qanday fe’li xato va chin abrudir? Dedilar: “hamma vaqt bizning odatimiz shudir”. Dyedim: “menga rioya qilinsin. Nafaqa uchun qog‘oz berdilarki, hamma vaqt undan bahra olay, xotirjam o‘lturib podshohning haqlarig‘a duo qilay”. Dyedilar: “Ey bechora, sening uvolingga qolg‘anlar, seni ovoralik ko‘chasiga solganlar, endi doim foydasiz janjallar qilasan, xunuk yuzlar ko‘rib, do‘qqi so‘zlar eshita berishdan siqilasan”. Dyedim: “Nafaqam nima uchun qo‘lg‘a kelmas?”. Dedilar: “Zavoid degan narsa bizda bo‘lmas”. Dedim: “Shunday katta vaqf zavoidsiz bo‘ladimi?”. Dedilar: “Vaqfning tub chiqimlaridan ziyodasi bizdan ortib qoladimi?”. Dedim: “Vaqf molini ortiqcha (o‘z maqsadidan tashqarig‘a) ishlatish uvoldir”. Dyedilar: “Pulga sotib olganmiz, bizga haloldir”. Dedim: “Hisob so‘rab qolsalar javobgarlikka qolinadi”. Dedilar: “Hisob degan qiyomatda olinadi”. Dedim: “bu dunyoda ham hisob olinadi deb eshitdik”. Dedilar: “Undan qo‘rqmaymiz, chunki kotiblarni rozi etdik”. Ko‘rdimki, savolimga javobdan boshqa narsa bermaydilar, bu hujjat bilan so‘raganimni berishga yaqin ham kelmaydilar, nochor xarxashani tashladim, yana ma’yus va umidsiz bo‘lib o‘zimning pana burchagimga yo‘l boshladim”.

Qonuniy degan laqabi bilan maqtalaturg‘an shunday katta bir sultonning idora apparatini qora yerlarga urub toza razil qilg‘anidan keyin, haligi ikki o‘rtada sarson bo‘lgan ariza qog‘ozi to‘g‘risida mana bu shirin yo‘llarni yozadi:

“Hujjatimdan (qog‘ozimdan) haqorat ko‘rganim uchun menga uning oldida ko‘p uyat, hujjatim menga foyda yetkizolmagani uchun mendan xijolat. U charx etilgan guvohdek gapirgan gapidan pushaymon, men yolg‘on da’vogar singari ta’nalardan parishon; u bekor bo‘lgan oyatdek ishga yarovsiz, men odam qatoridan chiqqan ummatdek ovsiz va dovsiz”.

Undan keyin shu yuqoridag‘i so‘zlarni to‘rt yo‘l bayt ichiga qanday chiroylik va badiiy qilib, yaxshi obrazlar bilan joylaydi:

Ban anga fitna, ul banga ofat,

Mutanaffir ban andan, ul bandan.

Ban anga g‘ussa, ul bana mihnat,

Mutakaddir ban andan, ul banda!

Yuqorida ham aytgan edik: bosh vazirning buyrug‘idag‘i “zavoiddan berilsin” degan hukmni bahona qilib, mutavalli va uning moliyadagi to‘ralari shoirga hech narsa bermaydilar. Shu uchun mana shu “zavoid” so‘z ustida ham Fuzuliy bosh vazirga qattiq pichinglar qiladi.

“Darhaqiqat, agar “zavoid” so‘zidan maqsad – xizmatchilar va rutba egalarining oyliklaridan, nafaqaxo‘rlarning maoshlaridan, ot, mol va boshqa hayvonlarning yem-hashak sarflaridan, oqtarish va binolar solish xarajatlaridan oshgan puldan nafaqa berilsin, demoq bo‘lsa, u holda janobingiz mana bunday demoqchi bo‘lasiz: “oldin va yuqori bo‘lish da’vosini qiluchi va o‘zini ko‘p musta’id odamlardan oldinda deb biluchi Fuzuliy, mening soyai davlatimda, mening qaynab tushgan saxiyligim, jo‘mardligim va marhamatlarim orqasida shu saxiylik nomasini olib va mening buyrug‘img‘a asosan, bundan keyin o‘zini – hamma gadolardan, balki hayvonlar, toshlar va hatto tuproqlardan kam va past bilsin, behudaga qog‘oz ishlatmasdan o‘z martabasini topsin”.

Bu maktub yana bir necha yo‘l nazm bilan bitadi. Bu nazmda ham kattakon piching bor:

…Garchi anduhu mihnatim cho‘qdir,

Hechkimdan shikoyatim yo‘qdir,

Toli’imdir banga jafo ketiran,

Har bir oningda bing balo ketiran,

Yo‘qsa dargohi podshohi zamon,

Lutfa manba’duru muruvvata kon.


Cho‘lpon

“Guliston” jurnali, 1935 yil, №10

21-23 betlar.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"